Ixtisoslashtirilgan maktabda darslar qanday o‘tilyapti? U oddiy maktabdan nimasi bilan farq qiladi?
Yangi o‘quv yilidan Samarqanddagi barcha tuman va shaharlarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi. Xo‘sh, ixtisoslashtirilgan maktablar umumta’lim maktablaridan nimasi bilan farq qiladi? Kattaqo‘rg‘on shahar ixtisoslashtirilgan maktabi faoliyati misolida ushbu savolga javob izladik.
Avvalo, ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilar aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkazilgan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra qabul qilindi. Kirish imtihonlari Agentlik huzuridagi pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan xalqaro tashkilotlar hamda Davlat test markazi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
- Ixtisoslashtirilgan maktabimizga Kattaqo‘rg‘on shahridan tashqari Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Qo‘shrabot tumanlaridan 7 mingdan ortiq o‘quvchi kirish imtihonlarini topshirdi, - dedi maktab direktori Javlon Abdullayev. - Ulardan imtihonlarda yaxshi natija ko‘rsatgan 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan 480 nafar o‘quvchi saralab olindi. O‘quvchilarning 78 foizi Kattaqo‘rg‘on shahridan, 22 foizi boshqa tumanlardan. Boshqa tumanlardan kelib o‘qiydiganlar hududdagi aholi xonadonlarida turadi. Har bir sinfida 24 nafardan o‘quvchi qabul qilingan. Bundan oshishi mumkin emas. Bizda faqat bir holatda o‘quvchining maktabdan ko‘chishiga ruxsat beriladi. Agar bolaning ota-onasi boshqa hududga ko‘chib ketadigan bo‘lsa, ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisiga o‘sha hududdagi xuddi shunday maktabda o‘qish imkoniyati beriladi.
Maktab tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, biologiya, kimyo, fizika, matematika va informatika fanlari chuqur o‘rgatiladi. Ushbu fanlarda o‘quvchilar ikki guruhga bo‘linib, ya’ni 12 nafardan o‘qitiladi.
Darslar xalqaro ta’lim dasturlari asosida tuzilgan zamonaviy darsliklardan o‘tiladi. Hozircha darsliklarning elektron shaklidan foydalanilmoqda.
Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilariga fasllarga mos to‘rt xil maktab formasi belgilangan.
Maktabda o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun oshxona mavjud bo‘lib, bu yerda tushlikda 13-15 ming so‘mga issiq ovqat tanovul qilish mumkin. Tushlikdan so‘ng o‘quvchilar o‘z xohishiga ko‘ra ixtisoslik fanlardan biri bo‘yicha qo‘shimcha bepul to‘garak mashg‘ulotida qatnashadi.
660 o‘rinli to‘rt qavatdan iborat yangi maktab binosi sentyabr oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, o‘quvchilar kechgacha maktab binosidan chiqmay ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Direktor o‘qituvchini ishga olish vakolatiga ega emas
- Ixtisoslashtirilgan maktabimizga o‘qituvchilar ham tanlov asosida saralab olindi, - dedi maktab direktori. – To‘g‘rirog‘i, menga bilimli, iqtidorli, malakali o‘qituvchilarni saralab berishdi. Umumta’lim maktabidan ushbu maktabning farqi shundaki, direktorda o‘qituvchini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga qabul qilish vakolati yo‘q. Tegishli komissiya munosib nomzodni topmaguniga qadar o‘sha o‘rin vakant bo‘lib turadi. Masalan, direktorning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga yaqinda nomzod topildi. Shu paytga qadar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning birortasi suhbatdan o‘tolmadi. Bunday tartib bir tarafdan tanish-bilishchilikning oldini oladi. Shuningdek, bilim darajasi past, tajribasiz o‘qituvchi ishga kirolmaydi. Hozir ham har kuni maktabga ish so‘rab keluvchilar bor. Ularga bunday vakolatim yo‘qligini aytaman. Bizda o‘rta maxsus diplomli mutaxassis yo‘q. Hatto maktab kutubxonachisi ham shu sohada oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassisdir.
Bilimli bolalar bilan ishlash maroqli
- Bilimli bolalar bilan ishlasang, charchamas ekansan, - deydi maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Shoira Razzoqova. – Avval Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlaganman. 36 yillik mehnat stajiga ega, oliy toifali o‘qituvchiman. Maktabda o‘quvchilarni 50 ballik tizimda baholaymiz. Yaqinda erkin mavzuda o‘quvchilardan insho oldim. Ularning yozganlarini o‘qib, rosti, ko‘zimga yosh keldi. Ijodiy fikrlaydigan, dunyoqarashi keng o‘quvchilar bilan ishlash juda zavqli ekan. Bilimli bolalarga shunchaki dars o‘tib bo‘lmaydi, har kuni ularga nimadir yangi gap aytishga harakat qilaman.
- Yuqori sinf o‘quvchilari orasida ingliz tilidan IELTS sertifikati olishga tayyorlari ham bor, - deydi ingliz tili o‘qituvchisi Zuhra Sattorova. – Bu yerga yaqinda ishga keldim, ikki yil O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida dars berganman. Oilaviy sharoitim tufayli Kattaqo‘rg‘on shahriga ko‘chib keldik. Ixtisoslashtirilgan maktabda dars borligini eshitib, onlayn ariza berdim va tanlovdan o‘tib, ishga qabul qilindim. Darsdan so‘ng bolalarga qo‘shimcha dars o‘taman.
O‘quvchi qanday holda maktabdan chetlatiladi?
O‘quvchi imtihon asosida ixtisoslashtirilgan maktabga qabul qilingach, faqat yaxshi va a’lo baholarga o‘qishi kerak. Baholari pasayib ketsa, ya’ni qoniqarli baho ola boshlasa, unga uch bosqichda darslarni yaxshi o‘zlashtirishiga yordam beriladi. Shunda ham o‘quvchi yaxshi natijaga erishmasa, maktabdan chetlatiladi.
O‘qituvchilar 100 foiz ustama oladi
Ixtisoslashtirilgan maktabning barcha o‘qituvchilari hozircha uch oylik sinov muddati bilan ishga qabul qilingan. Ixtisoslik fani o‘qituvchilariga 60 foiz, qolganlariga 40 foizdan ustama pullari berilyapti.
Birinchi choraklik tugagach, o‘qituvchilar yana saralanadi. O‘qituvchilarning bilim darajasi va kasbiy mahoratiga qarab, xalqaro miqyosda tan olinadigan ikki yillik “Ilg‘or o‘qituvchi”, “Ustoz o‘qituvchi” va “Professional o‘qituvchi” darajali sertifikatlar beriladi. “Ilg‘or o‘qituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga 50 foiz, “Ustoz o‘qituvchi”ga 70 foiz, “Professional o‘qituvchi”ga 100 foiz ustama puli beriladi.
Bizda majlis bo‘lmaydi
- Men umuman majlis qilmayman, - deydi maktab direktori. – Hamma o‘qituvchi saralangan, o‘z vazifasini yaxshi biladi. Xo‘sh, ularga nima deb majlis qilaman? O‘qituvchilarning asosiy vazifasi o‘quvchilarga bilim berishdan iborat. O‘qituvchi vaqtida ishga keladi, darsi tugagach, uyiga ketaveradi. O‘zim ham maktabda qo‘shimcha darslar tugab, o‘qituvchi va o‘quvchilar ketgach, soat 17:00 da uyimga qaytaman.
Yaqinda Kattaqo‘rg‘on shahar Axborot resurs markazi bilan kitob almashish borasida memorandum imzoladik. Unga ko‘ra, Axborot resurs markazidan badiiy kitoblar olib kelib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni obuna qildik. Qisqasi, kitoblarni almashib o‘qiymiz va ularni markazga topshirib, yana boshqa badiiy kitoblar keltiramiz.
Rosti, men avval maktabga direktor paytim kitob o‘qishga vaqt topolmasdim. Bu yerda kitob o‘qiyapman. Yangi ishimdan juda xursandman. Qaniydi, boshqa maktablarda ham shunday tartib-qoida joriy etilsa.
Xurshida Ernazarova.