Iyakdagi niqob yoki o‘ttiz, o‘ttiz, o‘ttiz kishilik to‘ylar
Salomatlikka e’tiborimiz qanday ekanini bilish uchun ayni paytda ortiqcha so‘rovlarga hojat yo‘q. Hatto kuchaytirilgan taqiqlar ham bizni salomatligimizdan ko‘ra, u yoki bu cheklovlarga e’tiborsiz ekanligimiz, mensimasligimiz muhimday o‘zimizni tutayotganimiz juda g‘alati.
Ko‘p kuzatayapman, korxona ishchilari ishga kelgach, niqobini yechib, ish boshlaydi. Odam deyarli yurmaydigan ko‘chaga chiqsa, niqob taqadi. Tabiiy, jarimadan qo‘rqqani uchun. Bozorlarda odam to‘la. Go‘yoki hammada niqob bor, ammo iyagida ilingan turadi. Jarimadan qo‘rqib og‘izga nomiga ilib qo‘yilgan og‘izto‘sarning kimga keragi bor? Bizning sog‘ligimiz o‘sha jarimadan ham arzonmi?
- Kuni kecha taxririyatimizga bir fuqaro murojaat bilan keldi, - deydi hamkasblarimizdan biri. – Uni eshitishga tayyorligimni, ammo karantin qoidalariga rioya qilgan holda niqobini taqib olishini so‘radim. U bu gapimga kinoyaomuz qarab qo‘ydi-da, niqobini nomiga yuziga ildirib qo‘ydi. Shikoyati nimadan iboratligini gapirib bera boshladi. Men undan niqobni qoidaga ko‘ra, to‘g‘ri taqib gapirishini iltimos qildim. U xo‘p dedi-yu, yana o‘z bilganidan qolmadi. Oxiri, men o‘z sog‘ligimni xavf ostiga qo‘yib, sizning murojaatingizni tinglab, uni hal qilishga harakat qilmoqchiman. Lekin siz hozir butun dunyodagi vaziyatni hisobga olgan holda oddiy niqob taqishga sabringiz yetmayapti. Uzr, ammo siz bilan xayrlashishimga to‘g‘ri keladi», deyishga majbur bo‘ldim. Buni qarangki, u bu talabni noto‘g‘ri tushunib, chiqib ketishni afzal bildi! Niqob taqib oling, degan ta’kid unga haqoratday eshitildimi, tushunmadim. Qoidaga rioya qilish o‘z sog‘ligimiz uchunku. Buni, yosh bolaga bo‘lsa ham mayliydi, hayotning oq qorasini tushungan insonga qanday tushuntirish mumkin?
Ijtimoiy masofani saqlang, deb qachondan buyon bong uramiz. Ammo karantin choralari yumshatilgach, odamlarning turli yumush bilan ko‘chaga chiqishlari ko‘paydi, u yoki bu binolar, odam ko‘p boradigan hududlar gavjumlashdi. Ammo nazoratchi qo‘yilib, baqirib-chaqirmagunga qadar hech kim ijtimoiy masofa haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Go‘yoki bizning salomatligimiz uchun o‘sha «baqiroq, shafqatsiz» nazoratchi mas’uldek. Ha, ha, adashmadingiz, nazoratchi o‘sha pallada bizga aynan shafqatsiz bo‘lib ko‘rinadi. Bizning sog‘ligimiz haqida qayg‘urayotgan (ehtimol, vazifasini bajarishga mas’ul bo‘lgan) kishi ko‘zimizga naq bizning vaqtimizni o‘g‘irlayotgan, ishimizga tushov bo‘lib ko‘rinadi.
Tumanlardagi bozorlar naq arining uyasiday g‘uvillab, odamlar bilan gavjumligiga guvoh bo‘larkansiz, poytaxtdagi bozorda tarqalgan koronavirus ham bizga ta’sir qilmas ekan-da, deya taassuf qilasiz. Ayniqsa, niqobi iyagida turgan odamlar masofa saqlash u yoqda tursin, uzoqligi bir qarich ham chiqmaydigan joydan turib suhbatlashib o‘tirganiga guvoh bo‘lasiz.
To‘ylarchi?! Aytmoqchi, bugun ijtimoiy tarmoqlarda tartibli qilib o‘tkazilayotgan 30 kishilik to‘ylarning surati-yu videolariga mahliyo bo‘lib, tartibga kirganimiz rost bo‘lsin, deb yengil tortishga oshiqmang. Ba’zi «yashil» hududlarda to‘y egasining darvozaxonasida nomigagina o‘ttiz kishilik dasturxon yozilgan. Ushbu dasturxon har ikki soatda sal o‘zgartirilib, kun davomida bir necha martalab o‘ttiz kishini mehmon qilayotganidan ham ko‘z yumolmaymiz. Eng qizig‘i, qaysi hududda to‘y qilish mumkin yoki mumkin emasligi borasida o‘zingiz tushungan sabablarga ko‘ra e’tirozlar paydo bo‘lmoqda.
- “Biz to‘y qilmoqchi. Nega “ruxsat yo‘q” deysiz. Mana, falonchi kelin tushirdi, pistonchi qizining fotiha to‘yini o‘tkazdi. Yoki qo‘shni mahalladagilardan biz kammi?”. Har kuni ana shunday da’vo bilan mahallamiz markaziga murojaatlar bo‘lib turibdi. Nima deb javob berishni ham bilmay qolaman, - deydi Samarqand shahridagi Bog‘imaydon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi T.Rahmatullayev. -Mutasaddilar kelishib olishi kerak. Bir hududda tartib bir xil bo‘lmasa, odamlar orasida tushunmovchilik, adovat, norozilik paydo bo‘ladi. Yoki “sariq” hududga ham karantin tartibiga qat’iy rioya etgan holda to‘y-ma’rakalar o‘tkazishga ruxsat berish kerakmi? Bu masalani viloyat komissiyasi ko‘rib chiqar, balki?
Xullas, maqolada niqobga munosabatimiz orqali salomatligimizga munosabatimizni ko‘rsatib bermoqchi edim. Odamlarning, tabiiyki o‘nlab xodimlarni ishlayotgan korxonalarning munosabatini. Ehtimol, dezinfeksion tunnellar qaysidir tadbirkorni moliyaviy qiynab qo‘yar, (shuning uchun maqolada ishlamayotgan, nomiga o‘rnatilgan ba’zi tunnellarga to‘xtalib o‘tirmadik) qaysidir tashkilotning pirometr olishga qurbi yetmas. Ammo niqob va qo‘lqop bilan korxona ishchilarini ta’minlamasdan ishlash o‘zimizga qarshi harakat. Ishchilarning o‘zi buni rahbarlaridan talab qilishlari shart. Yaqinda pishiriq pishirib tarqatadigan sexda xotin-qizlar ikki niqob, balki qo‘lqop va bosh kiyimsiz ishlayotganini ko‘rib, «koronavirus bizga tegishli emas» degan xayolda yurganlar shu yaqin oramizdagi, ichimizdagi odamlar ekaniga amin bo‘ldim. Afsus…
Gulruh MO‘MINOVA.
Ijtimoiy tarmoqlardan:
Erkin Rabbimovich: «Covid-19 o‘zbekka ming yilda ham hech kim qilolmagan bir yaxshilikni qildi: TO‘Ylar 30 kishilik bo‘ldi! Yelkangga quyosh tekkani rost bo‘lsin!»