Jadidona ruhiyatli milliy matbuot
O‘zbek matbuoti Turkiston tarixidagi jadidchilik harakati bilan juda tabiiy bog‘lanadi. Aslida jadidchilik ancha chuqur, murakkab, ziddiyatli, ayni damda yangiliklarga, ezgu orzu-niyatlarga, amaliy faoliyatlarga to‘la bir ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ma’rifiy harakatdir.
Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni yangi o‘zanga solish, teatr sahnasidan ibratxona o‘rnida foydalanish naqadar muhim bo‘lsa, milliy matbuot tashkili va taraqqiysi ham shu darajada ahamiyatli edi. Samarqandlik jadid muharriri Hoji Muin ta’kidlaydi: “Matbuot bir millatni uyg‘otish uchun birinchi omil bo‘lg‘onidek, uning tarixi ham “uyg‘onish davri” tarixining muhim bir bo‘lagi sanaladur”. Darhaqiqat, matbuot o‘zbek jadidchilik davri tarixida juda muhim o‘rin tutadi.
“Haqiqat ochib so‘zlashdadir” tamoyiliga asoslangan jadid matbuotidagi haq so‘zning, haqiqat siyoqining kundalik hayotga, odamlarga, jamiyatga ta’siri kuchli bo‘ldi. Vaqtli matbuot odamlarning ijtimoiy hayotiga faol aralashmog‘i va dunyodan boxabar bo‘lmog‘i uchun zaruratga aylandi. Boshlab gazetalar oyda bir bora bazo‘r chiqdi; asta-asta haftalik va kunlik nashrlar shiddat bilan odamlar orasiga kirib bordi; sahifalaridagi maqola va ma’lumotlar ma’naviy ehtiyoj tusini oldi.
Darahaqiqat, millat ma’naviyatini isloh etish, odamlarni ma’rifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga o‘rgatish va lohas-mudroq tafakkurni uyg‘otishning eng asosiy omili sifatida jadid muharrirlari matbuotning qadrini baland ko‘tardi. Matbuot ular nazdida fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim edi. “Ulfat” ko‘ngillar birligidan so‘z ochishi, “sado”lar ma’rifat va ma’naviyat, odobiyot va adabiyotning ovozi bo‘lishi kerak edi. Gazeta va jurnallar nomi shu ezgu niyatlarga moslab tanlandi.
Turkistonlik ziyolilar o‘zlari gazeta chiqargunga qadar bir muddat Qrimga – Boqchasaroyga ko‘z tikishdi. Ismoilbek Gasprinskiyning “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oyalariga havaslanib qarashdi. Jadidlar shu allomaning “Tarjimon” (1883–1914) gazetasini o‘qib, uning muxlisi va muhibiga aylanishdi. Gazeta til va fikr birligi masalasini kun tartibiga qo‘ydi, uning yo‘li, maslagi va maqsadi aniq edi: “Tarjimon” – har turli ish, ahvol va ixtilofga “haqqoniyat”va “mumkiniyat” jihatidan boqajakdir. “Tarjimon” tavhidi lison, tavhidi afkor va maorifi milliya masalalarida g‘ayrati doimiyda bo‘lajakdir. “Tarjimon” – har na so‘ylar va yozar bo‘lsa, bu kunda millatning anglami, idrok va qabul etishi suratda arz va bayon etajakdir”. Garchi “Tarjimon”ning Turkistondan o‘quvchilari ko‘p bo‘lsa ham, bosilishining boshlarida turkistonlik yozuvchilar juda kam – onda-sonda ishtirok etdi. Biroq XX asrning o‘ninchi yillaridan boshlab Mahmudxo‘ja Behbudiy (Samarqand), Oxund mulla Mavdud Ohimov (Toshkand), Mirhusayn Mirrahimov (Qo‘qon), Abduqodir Shakuriy (Samarqand), Hoji Mu’in (Samarqand), Qozi Ziyouddin Mahmud ibn Domla va mudarris Fayzrahmat (Buxoro) kabilar qatnashadi. Mualliflar ba’zan maqola-xabar yozishsa, ayrim hollarda “Tarjimon”dan o‘zlarining eng muhim savollariga javob olish niyatida maktublar yo‘llaydi. Abdulhamid Cho‘lpon 1913 yili Ismoil Gasprinskiyga yozgan maktubida “Shalola”, “Turk yurdi”, “Shahbal”, “Tarjimon”, “Vaqt” va “Iqbol” kabi jadid qardoshlarning gazeta va jurnallarini yodga oladi, ularni o‘qib borayotganini aytadi.
Turkiston ziyolilari “Tarjimon”dan juda mamnun bo‘ladilar. Deylik, shu mamnuniyatni toshkentlik shoir Karimbek Kamiy “Mo‘’tabar “Tarjumon” va “Ismoilbek Gasprinskiy janoblari haqqinda” degan she’rida izhor etdi. Unda gazetaning barchaga manzuru maqbul ekani, undan o‘quvchi “hilmu odobu maoshu ilmu fan” o‘rganishi mumkinligini ta’kidlab:
“Har hurufi gul kabi, har nuqtasi g‘uncha misol,
Xush tamosho istayanlarg‘a guliston “Tarjimon”,
deb yozdi. I.Gasprinskiy va “Tarjimon”ning to‘rt tarafga sochgan fikrlari, ilg‘or qarashlari, jadidona ruhiyat bilan to‘yingan g‘oyalari barchaning yuragidan birdek o‘rin oldi. Ulkan jadidshunos olim, professor Begali Qosimov o‘rinli ta’kidalaganidek, “Uni Qashqardan Londongacha, Sank-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar”; Gasprinskiyga ergashar va “Tarjimon”ini e’zozlar edilar. Turkistonlik jadidlar “Tarjimon”dan bir necha yil tinimsiz saboq oldi. So‘ngra, ya’ni 1906 yili o‘zlarining birinchi “Taraqqiy” gazetasini chiqarishdi. Turkistondagi bu yangilikni ham birinchi bo‘lib “Tarjimon” tabrikladi. “Turkistonning bunday taraqqiyparvar bir gazetaga ko‘pdan beri ehtiyoji bor edi”, deb yozadi.
Biroq “jadidlarning eng suyukli va to‘ng‘ich gazetasi” – “Taraqqiy”ning umri qisqa bo‘ldi. Yigirma soni chiqqandan keyin chor hukumati tomonidan yopib qo‘yildi va “muharriri qamoqqa olindi”. Shundan keyin Munavvar Qorining “Xurshid” (1906 yil sentyabr), Abdulla Avloniyning “Shuhrat” (1907 yil dekabr) gazetalari maydonga chiqdi. Biroq bu gazetalar faoliyati ham uzoqqa cho‘zilmaydi. “Tarjimon” (1907 yil, 14-son) bu xususda ham yozdi: “Matbuotimizda taassuf bo‘lgan bir hol-da bordir: bu Toshkandda chiqqan “Taraqqiy” va “Xurshid” do‘stlarimizning taqiqlanishi. O‘rta Osiyo uchun rasmiy bo‘lgan “Turkiston gazeti” yetarli emas”. O‘z g‘oyalari, maslaklari targ‘ibi uchun naqadar foydali ekanini chuqur anglagan jadidlar gazetachilik jabhasida sa’yu harakatdan to‘xtamadi. “Tujjor”, “Osiyo”, “Samarqand”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Tirik so‘z” kabi gazetalar yonida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina” jurnali paydo bo‘ldi. 1913–1915 yillarda oltmish sakkiz soni bosildi.
Ziyo Said jurnalning maqsadi islom millatining saodati va islohi, musulmonlarning madaniyati va zamonaviy fanlardan foydalanishlari yo‘lida xizmat qilishini yozar ekan, Behbudiyning “tavahhudi lisoniya” (turkiy tillarni birlashtirish) tarafdori ekaniga urg‘u beradi. Bu g‘oyaning ildizi ham “Tarjimon”ga borib taqaladi, albatta. “Oyina” jurnali o‘z vaqtida juda yuksak bir obro‘ga ega bo‘ldi, har bir o‘quvchining dildoshiga aylandi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina” jurnali xuddi “Tarjimon”dek ulkan va olamshumul bir missiyani ado qildi: ma’rifat tarqatdi, odamlarni fikr tarbiyasiga o‘rgatdi; yangi paydo bo‘lgan matbuot nashrlarini targ‘ib-tashviq qildi. “Sadoi Turkiston” va “Sadoi Farg‘ona” gazetalarini “Turonning egizak farzandlari” deb atar ekan, gazetxonlarga shu nashrlarni o‘qish va ularga obuna bo‘lishni tavsiya etadi: “Millatg‘a iona va olib o‘qumoqlarini ojizona tavsiya etarmiz, chunki matbuot chirog‘ va niholdek bo‘lub, anga yog‘ va suv berib tarbiyat qilmaguncha, ma’zolloh, so‘nub qurumog‘i tabiiydur”.
O‘zbekiston matbuoti tarixida jadid ziyolilari nashr qilgan gazeta va jurnallar son-sanog‘i ko‘p. Bir marta chiqib to‘xtaganlari ham bor. Ularning ba’zilari o‘z yo‘l-yo‘rig‘iga ko‘ra jiddiy farqlanadi ham. Garchand o‘zaro qarama-qarshi kayfiyatda bahslashadiganlari bo‘lsa ham, ular oldiga qo‘ygan maqsadlari nihoyatda ulug‘, niyatlari ezgu, qarashlar aniq va tiniq edi. Millatni uyg‘otishdek ulkan vazifa ijrosiga bel bog‘lagan edi jadidlar va ularning maktabi, maorifi, teatri, adabiyoti va matbuoti.
Muhim bir fikr shuki, davriy nashrlar qaysidir ma’noda ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar tarixi bilan uyg‘un-hamqadam edi. O‘zgarishlar, yangilanishlar gazeta va jurnallarda aks etdi. Yoki shu o‘zgarishlarga mos yangidan yangi matbuot nashrlari vujudga keldi. Shunga ko‘ra, 1917 yilgi fevral o‘zgarishi, Turkiston Muxtoriyati, oktyabr inqilobi kabi voqea-hodisalar munosabati bilan “Najot”, “Turon”, “Kengash”, “Ulug‘ Turkiston”, “Yurt”, “Hurriyat” kabi nashrlar maydonga keldi. “Yashasin, Turkiston muxtoriyati!” shiorlarini o‘rtaga tashlab, ozodlik va hurriyatdan, tenglik va adolatdan so‘z ochdi. Darhaqiqat, millatparvarlar nazdida matbuot millat ma’naviyatini yuksaltirishi, ufqlari sari parvozga tayyorlashi lozim edi. Matbuot ma’naviyat qanoti edi.
Inqilob, hokimiyat tepasiga kelgan ishchi va dehqonlar boshqaruvi jamiyatni tubdan o‘zgartirdi. Yoshlar nisbatan bu vaziyatga tez moslashdi. Ammo yurt hurriyatini o‘ylagan va orzulari sarobga aylanganidan mahzun tortgan jadid ziyolilari ongu shuurida, xayollarida o‘z niyatlari yashab qoldi. Garchand sho‘ro jamiyatining hukmronligi kundan-kun ortib borayotgan va bu yangi ijtimoiy tuzum millatlararo tenglik, insonlararo adolat kabi juda ko‘p ijtimoiy va’dalar bersa ham, amaldagi vaziyat ancha boshqacha – gapdangina iborat edi. Shu bois, XX asrning 20-yillari matbuotida “Og‘izda emas, amalda bo‘lsin!” kabi maqolalar bosildi.
Uning muallifi: “Eski idora yerlik xalqni yot ko‘rish barobarida sag‘ir hisoblab, vasiylik qilishni o‘z ustiga olgan edi. Ajal sayyodi u bechoraga o‘z jomidan ajal sharbatini ichirdi. O‘zgarishdan keyin yana bizni “tarbiya” qilish uchun vasiy bo‘lguvchilar topildi. Lekin so‘nggi vaqtda giriftor bo‘lg‘on vasiylarimiz ham, o‘tgan marhum vasiylarimiz kabi bizga vasiyi mutloq bo‘lib, muqaddiratimizni o‘z qo‘llarida tutib kelmoqdalar. Rusiya o‘zgarishi bo‘lg‘on 1917 yil edi, hozir o‘zgarishning 1922 yilida turibmiz. Shu muddatda biz “sag‘ir”lar haqiga “vasiylarimiz” tomonidan ozmi taarruzlar bo‘ldi?
Sag‘ir bolalarning ishi yig‘idir; biz yig‘ladik. A, bizni ovutish yo‘lini bergan vasiylarimiz, bizni haqimiz bo‘lg‘on semiz sigirlarning sutidan bahrasiz qildi, quruq emizukni og‘zimizga soldilar. Ilgarigi vasiylarimiz biz sag‘irlarni “siz yot, begona bolalarsiz”, deb emizuk berganda, o‘zgarishdan keyingi vasiylarimiz bizning peshonamizni silab “bechora, benavo yetimlarim, sizdan baynalmilalchi vasiy otangiz aylansin”, deb ko‘nglimizni sindirmasdan ovutib keladilar” (Oziyoliq. Og‘izda emas, amalda bo‘lsin. “Qizil bayroq”, 1922, 11 avgust), deb qo‘rqmay ochiqcha yozdi.
Fikrini erkin bayon qilgan bu davr matbuoti keyinroq keladigan hibslar, so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan muhitdan nisbatan farq qiladi. Jadid ziyolilari sho‘rolarning matbuot nashrlarida ishlar ekan, yangi hukumatning va’dalariga goh ishondi va ba’zan shubhaga borishdi. Ichki bir milliy tuyg‘u ziyolilar ko‘nglini hamisha bezovta etdi. “Quturg‘on mustamlakachilar” erkparvarlarning bor umidlarini chilparchin qildi, “Buzulgan o‘lka” holiga qarab faryod qilishdi: “Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi? Sahar vaqtida gullaring so‘ldi”... Muhit girdobining ziddiyalari vaqtli matbuotdagi bir nafaslik erkinlik pallasida shu zaylda o‘z aksini topdi. Keyin iskanjaga olindi. Berahm zolimlarning qonli panjalari ostida zulm chekayotgan o‘lkaga qarata erkparvar shoir Cho‘lpon bir she’rida “Nega sening qalin tovshing “ket” demaydir ularga?”, “Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?”, deya so‘roqli xitoblar qiladi. “Qo‘zg‘alish” (1922 y.) she’rida yana shunday dedi:
“Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan,
Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!”.
“Kecha va kunduz” romanida botiniy shuur Miryoqub obraziga ko‘chdi. Cho‘lpon keyinchalik aynan shu, nisbatan so‘z erkinligi muhitida aytgan jadidona kayfiyatli, o‘tli xitoblari uchun tafakkur qurbonlari qatlgohida jonini berdi. Ayrim moddiy narsalar mamlakatlar chegaralarini o‘zgartirishi mumkin. Biroq ma’naviyat, inson tafakkuri masalasida bunday chegaralar aralashgan, uyg‘unlashgan, ikkilangan, shakllanish yoki eskicha tarzda qolishga moyil va yana shu kabi bir qancha sifatlarga ega bo‘lishi mumkin. Jumladan, jadid ziyolilarining matbuotdagi faoliyati ham manzaraga uyqash keladi.
XX asrning 20-yillari oxiriga borib matbuotda cho‘lponizm bahslari boshlandi, Cho‘lponni tanqid va tahqir qilishlar, anjumanlar majlislaridan haydab chiqarish jarayonlari boshlandi. Cho‘lpon darhol tuzalib, yangi jamiyatga moslashib keta olmasligini, bu jarayon sekin-asta bo‘lishini e’tirof etdi. Shoir haqida “Qizil O‘zbekiston”da “Aqlli jinni” degan maqola bosildi. Aynan erkin matbuotda nisbatan erkinlab va erkalab yozgan “Yig‘indi gaplar” hangomasi uchun Julqunboy ma’nan majruh qilindi: 1926 yili uch oy qamoqda o‘tirdi. Zotan, Abdulla Qodiriyning tushunchalari, tasavvurlari jadidona ruhiyatli “Tarjimon”, “Ulfat”, “Vaqt”lar o‘qish bilan shakllangan, o‘sha yillarda, uning ko‘nglida “Sadoyi Turkiston”, “Samarqand”, “Oyina”larga “gap yozib yurish fikri” uyg‘ongan edi. Julqunboy qalamini satira va yumor yo‘lida boshlab “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazetalarida qayrab oladi: paydarpay hajviyalari, hangomalari, feletonlari bosildi. Keyin hajviy jurnalning birinchi sonida: “Bu “Mushtum” – zo‘rliq mushtumi emas, haqliq mushtumidir; bu “Mushtum” – zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir”, deb yozdi. Matbuotda beto‘xtov bosilgan tanqidiy ruhdagi asarlari uchun “feletonlar qiroli” nomini oldi.
“Matbuot kuni” maqolasida yuziga “Pravda” pardasini tutishga majbur bo‘ldi. “Pravda” gazetasini – “gala bo‘rilar ichida yolg‘uz arslon edi”, deb ta’rifladi; “haqiqat arsloni” deya sifatladi. Gazetaning haqiqatni aytish borasidagi jasoratiga tahsin aytdi. O‘zi ishlab turgan “Mushtum” jurnali quyidagicha tavsifladi: “Jurnalimiz ham shu haqiqat olovining uchqunidir. Shuning uchunkim, biz tegib o‘tkan qitiqlik yerlar egasini cho‘chitmay, jonlarini achitmay qo‘ymaydir. Chunki biz haqiqat o‘tiniing uchqunimiz, biz butun ruhni, borliq ma’noni shu arslon bobodan olamiz. Biz teskarilikning, kapitalning, egrilikning dushmanidirmiz. Negaki, bobomiz shunday edi”. “Mushtum” shunday oyoqqa turdi.
Darvoqe, yaxshi bilasizki, “Pravda”ning tarjimasi – “Haqiqat”dir. 1922 yili jadidlar “Haqiqat” degan jurnal ham chiqarishdi. “Dinsiz jamiyat, jamiyatsiz din yo‘qdir...” – ularning shiori edi. Cho‘lponning “Kishan” she’ri shu jurnalda bosiladi. “Haqiqat” ham ikkita sondan keyin davr dovulida egiladi – nashrdan to‘xtaydi.
Alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek adabiy tilining yangicha shakllanishida vaqtli matbuot juda katta tarixiy missiyani bajardi. Adabiy tildagi turli islohotlar, ular bilan bog‘liq muammo va takliflarni jadidlar matbuoti yoritib bordi. “Chig‘atoy gurungi” o‘z qarashlarini Fitrat boshchiligida nashr bo‘lgan “Tong” jurnalida e’lon qildi. “Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas”, degan gap ularning shiori edi. Zamonaviy adabiy til uchun qoidalar ishlab chiqildi; o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlari, badiiy til fasohati va balog‘ati jadidlar yozgan badiiy asarlarda yaqqol ko‘rindi. Shu e’tibordan jadid adabiyotidagi poetik nutqning yangilanishi va unga xos ilmiy-nazariy tamoyillar alohida tadqiqot qamrovida o‘rganish uchun o‘z egalarini kutib turibdi. Nafaqat, jadid adiblari asarlarining tili, balki nodir fondlardagi jadidlar chiqargan gazeta va jurnallar, ulardagi adabiy, publitsistik, ilmiy manbalarning joriy imloga tabdillari, zamonaviy nuqtai nazardan qayta baholash va qayta nashri ham yosh ilmiy kuchlarning odil, xolis, jiddiy va mehr-muhabbatli talqinlariga juda-juda muhtoj, bizningcha.
Shuningdek, asr avvalida boshlangan ma’rifatparvar ziyolilarning jadidona kayfiyati, matbuotda chiqishlaridagi jadidona ruhiyati mustabid sho‘ro tuzumi davrida ham ming mashaqqat bilan, “ezopona til”ga ko‘chgan ravishda qaysidir ma’noda davom etganini ham ta’kidlashni istar edik...
Aslida jadidlar orzusida bo‘lgan so‘z erkinligi, har bir narsani o‘z nomi bilan atash uchun Istiqlol yillari imkon berdi. Samarqandda bitta gazeta XX asrning 20-yillarida “Mehnatkashlar tovushi”, “Kambag‘allar tovushi”, keyin “Zarafshon” deb nomlandi. Sho‘ro zamonida bu nomlar o‘chirildi. Ammo hozir Samarqand viloyat gazetasi “Zarafshon” deb ataladi. O‘sha yaqin moziyda poytaxtda bosilgan bitta gazeta “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, keyin “Turkiston“ deb nomlandi. Sho‘ro zamoni avjiga mingan yillari “Qizil O‘zbekiston”, “Sovet O‘zbekistoni” bo‘ldi. Istiqlol yillari gazetalarning biri uchun “Turkiston” nomi qayta tiklanganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Jadidlar orzu qilgan zamonlarning gazetalar nomidagi eng sodda ifodasi bu...
Tarixdan ibrat olish har bir inson uchun juda muhim. Jumladan, o‘zbek matbuotining jadidlar faoliyati bilan bog‘iq ancha qiziqarli, murakkab va ibratlarga to‘la tarixi bor. Gazeta chiqarish, fikrni hukmron “nozirlar” chig‘irig‘idan o‘tkazish, obuna, chiqqan gazeta va jurnallarni tarqatish yo‘l-yo‘riqlari – bularning barcha-barchasini sinchiklab o‘rganish lozim.
Yana bir muhim gap: gazeta va jurnallarda bosilgan rasmlarni, suvratchilar faoliyatini tadqiq etish ham alohida masala. Rasmga tushish va tushirish madaniyati – bugun bu jihat juda ham oqsagan. Kim qayerda qay yo‘sinda, deylik yana, qaysi tarafga moyil yoki kim kimning yonida turishi kerak kabi tartiblar xususida ham o‘zbek milliy matbuoti tarixidan saboq olmoq lozim. Holbuki, umri “qo‘lmiya”(qo‘ltelefon)larga tikilib o‘tayotgan hozirgi yosh avlodga ularni o‘rgatish kerak. Shundagina bugungi ijtimoiy tarmoq egalari, turli xabarlarni beto‘xtov yozib tarqatayotgan mualliflar o‘z vijdonlarini oyinaga solib ko‘radilar. O‘zlari yog‘dirayotgan so‘z bo‘ronlarining talafoti yoki saodatini mulohaza qilib ko‘radilar, albatta.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor