Jamoatchilik nazorati, biz uni qanday o‘zlashtiramiz?
Yangi O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarimiz kundan kunga teranlashib, yorqinlashib borayapti. Har bir soha xodimi, har bir fuqaro o‘z sohasi va hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlarni seza boshladi. Aslida yangi O‘zbekiston g‘oyasining mohiyati oddiy: inson o‘zini-o‘zi, jamiyatni esa uning a’zolari boshqarishi kerak. Boshqarish esa jamiyatning og‘ir-yengili, uvol-savobini zimmaga olish degani. Davlatimiz rahbarining “Endi islohotlar tashabbuskori davlat emas, jamiyat bo‘ladi, rahbarlar faoliyatiga xalq baho beradi” deganda ana shu shiorni nazarda tutgan.
Jamiyatni boshqarish davr talabi bo‘lib, unga shakllanadigan jarayon, ya’ni buning uchun muayyan ijtimoiy tartib yuzaga kelishi zarur. Ijtimoiy tartib o‘rnatishning ijtimoiy regulyatorlari bor: biri – huquq, ikkinchisi – axloq. Odamlar o‘rtasidagi munosabatlar ana shu ikki omilga rioya etish bilan belgilanadi.
Ijtimoiy tartib insoniyat uchun qanchalik muhim bo‘lmasin, uni ta’minlash muammo bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun barcha vaqtlarda donishmandlar “Qanday qilsak jamiyatda tartib bo‘ladi?” degan savolning javobini topishga harakat qilishgan. Buyuk yunon faylasufi Platon o‘zining “Davlat” asarida ushbu savolning javobini qidirib, jamiyatda tartib bo‘lishi uchun jamiyatni intellektual elita boshqarishi kerak, degan. Aristotel esa “Siyosat” asarida “Jamiyatda tartib bo‘lishi uchun unda o‘rta sinf kuchli bo‘lishi kerak”, deb yozadi. Sharq donishmandlari ushbu savol javobini ma’naviy yuksaklikda ko‘rishgan. Konfutsiy ta’limotida ham, Abu Nasr Farobiy asarlarida ham ijtimoiy tartibning o‘rnatilishi ma’naviy yuksaklik bilan bog‘liqlikda ko‘rilgan. Insoniyatning ijtimoiy tartibni o‘rnatish borasidagi harakatlariga qaramasdan ushbu muammo hali-hanuz o‘z yechimini topa olgani yo‘q.
Buning sababi, bizning nazarimizda, nazorat faoliyatining samarasizligi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Nazorat tizimi huquq va axloq me’yorlari buzilganda jazoning muqarrarligini ta’minlashga qodir emasligida. Buning sababi esa huquq va axloq me’yorlarini buzgan odamda pora berib jazodan qutulib qolish, nazoratni amalga oshirayotgan sub’yektlarga esa pora berish imkoniyatining borligi. Demak, ijtimoiy tartibning barqarorligini ta’minlashda asosiy to‘siq poraxo‘rlik, ya’ni korrupsiya illati bo‘lmoqda. Buning sababi, nazorat tizimida quyidan amalga oshiriladigan jamiyat nazoratining zaifligida, zaiflik boisi esa jamiyatda nazorat faoliyatiga doir bilim yetarli emasligida.
Ana shu jihatdan olganda Samarqand davlat universitetida ijtimoiy nazorat fanidan darslik yaratilganini va qariyb o‘n yildan buyon oliygohda bu fandan ta’lim berilayotganini ma’qul ish deb, professor F. Nabiyevning bu mavzudagi ma’ruzalari jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olinganiga guvohman.
Nazorat tizimi korrupsiyani to‘xtatishga qodir emasligining sabablaridan yana biri jamiyatdagi befarqlik kayfiyati hisoblanadi. Darslikda nazorat faoliyatini samarali bo‘lishiga xizmat qiladigan befarqlikni jilovlab daxldorlik hissini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Darslik nazorat tizimini samarali qilishga to‘siq bo‘lgan har ikkala sababni, ya’ni nazorat faoliyatiga doir bilimning yetarli emasligini va befarqlik kayfiyatini jilovlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Uzoq yillar davomida ijtimoiy tartibning o‘rnatilishi davlat nazoratiga bog‘liq deb hisoblab kelindi. Lekin tarix shundan guvohlik bermoqdaki faqat davlat nazorati bilan ijtimoiy tartibni o‘rnatib bo‘lmaydi. Buni sho‘rolar mamlakati rahbariyati ham anglab, jamiyat nazoratini tashkil qilish uchun 1979 yilda “Xalq nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilgan edi. Lekin bu qonun asosida tashkil topgan Xalq nazorati komitetlari jamiyat nazoratini tashkil qila olmadilar. Chunki har qanday faoliyatni amalga oshirish uchun o‘sha faoliyatga doir bilim kerak bo‘ladi. Sho‘rolar zamonida esa xalqda nazoratga doir bilim yetarli emas, chunki bunday bilimni beradigan fanlar o‘qitilmas edi. Bugungi kunda ham jamiyatga nazorat faoliyatiga doir bilimni to‘la tarzda beradigan fan o‘qitilmaydi. Bunday bilimni ijtimoiy nazorat fani bera oladi.
Ijtimoiy tartibni o‘rnatilishida nazorat faoliyatiga doir bilim bilan birgalikda befarqlik kayfiyati jilovlanib, daxldorlik hissining shakllanganligi ham talab qilinadi. Nazoratga doir bilim qanchalik muhim bo‘lmasin, befarqlik kayfiyati bo‘lgan holda nazorat faoliyati samarali ishlamaydi. Chunki befarq odamning miyasidagi nazorat faoliyatiga doir bilim amaliyotga tadbiq qilinmay qolib ketadi. Befarqlikni jilovlab, daxldorlik hissini shakllantirish kishi ma’naviyatini yuksaltirish bilan bog‘liq jarayondir. Darslikning ahamiyati shundaki, unda ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qiladigan yo‘nalishlar, g‘oyalar ham mujassamlashgan.
Ijtimoiy nazorat fani beradigan bilimlarni jamiyatga keng targ‘ib qilish bugungi kunning dolzarb vazifasi. Chunki u beradigan ijtimoiy tartibdan davlat va jamiyat bir xil manfaatdordir. Ushbu qo‘llanmani amaliyotga tadbiq etish mamlakatimizda adolatli ijtimoiy tartibni o‘rnatishga qodir bo‘lgan nazorat tizimini shakllantirishda o‘zini munosib o‘rniga ega bo‘lishiga ishonaman. Shuning barobarida Oliy ta’lim vazirligi va OTM rahbarlariga ushbu yangi fanni barcha oliygohlarda joriy etishni taklif etaman. Zero, davlatimiz rahbari aytganidek, “Kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda jamoatchilik nazoratini tizimli yo‘lga qo‘yish eng maqbul yo‘ldir. Bu – jahon tajribasida sinovdan o‘tgan yo‘l.
O‘zbekiston xalqiga murojaat qilib aytmoqchiman: demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir”.
Farmon TOShEV,
Oliy Majlis Senati a’zosi.