Jamoatchilik nazorati qanday bo‘lishi kerak?
Jamiyatda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish haqida ko‘p gapirilmoqda. Davlat, parlament darajasida tegishli qarorlar qabul qilingan, tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ular asosida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari, mahallalar huzurida jamoatchilik nazorati kengashlari tuzilgan. Ammo, amalda bu tuzilmalar kutilgan natijalarni bermayapti. Negaki, jamoatchilik nazoratining mazmun-mohiyati to‘g‘risida hali tasavvurlarimiz juda sayoz. U quyidan, fuqarolar tomonidan amalga oshiriladi. Lekin ushbu nazoratni faqat katta-kichik mansabdor shaxslar, mahalliy hokimiyat, huquq-tartibot organlari rahbarlari, xodimlari faoliyati ustidan nazorat deb tushunmaslik kerak.
Jamiyatda tartib-intizomga rioya qilish, qonunlarga hurmat va itoat etish har bir fuqaroning burchi. Bu mas’uliyat, avvalo, har bir shaxsning ichki intizomidan iborat va u bolalikdan shakllanishi lozim. Shaxs agar uyda, ishda ichki tartib intizomga o‘rgangan bo‘lsa, jamiyatda ham illatlar, nuqson va kamchiliklarga loqayd qarab turolmaydi. Ularni bartaraf etishda o‘zining ham burchli ekanligini his etadi.
Hokimiyat, u yoki bu sohaga mutasaddi tashkilotlar arzimizga quloq tutmayapti, suv, gaz, elektr yo‘q, yo‘l buzuq deb shikoyat qilish bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Jamoatchilik bu haqda tegishli tashkilotlarga murojaat qilgach, nima bo‘lishini kutib o‘tirmay ijro nazoratini zimmasiga olishi, zarur bo‘lsa o‘z nazorat kengashi orqali muammolarni Oliy Majlis, mahalliy kengashlar sessiyalari muhokamasiga kiritilishiga erishishi lozim.
Jamoatchilik nazoratining talab darajasida shakllanishida fuqarolarning huquqiy, o‘zaro hurmat, muomala madaniyati muhim o‘rin tutadi. Afsuski, bu borada ham maqtana olmaymiz.
- O‘tgan yili Germaniyada safarda bo‘lgandim, - deydi tadbirkor tanishim. - Nemislarning saranjom-sarishtaligi hayron qoldirdi. Ko‘chalar toza, sigareta, polietilen plyonka, bakalashka va boshqa chiqindilarni ko‘rmaysiz. Bu tartibga rioya qilmaganlarni politsiya emas, fuqarolarning o‘zi to‘xtatib tanbeh beradi. Tartibbuzar esa tanbeh bergan kishidan uzr so‘rab xatosini tuzatadi. Avtomobillarni qonun-qoidaga rioya etib, harakatlanishiga ham havasingiz keladi. Hovliqib tezlikni oshirish, boshqa haydovchilarga, piyoda yo‘lovchilarga hurmatsizlik, haqoratlash yo‘q. Svetofor chirog‘ida to‘xtaganda signal berish taqiqlangan. Haydovchilar bir-biriga baqirib-chaqirmaydi.
Bizda esa bunday insoniy fazilatlar, o‘zaro nazorat, hurmat haqida hech kim o‘ylamaydi ham. Ko‘chadan bexosdan turtinib ketsangiz odob bilan “uzr” yoki “kechirasiz” demaymiz. Aksincha “hoy, ko‘rmisan, ko‘zingga qarab yursang bo‘lmaydimi?” deb o‘shqiramiz. Svetofor chirog‘iga to‘xtagan avtomashinalar haydovchilari yo‘lovchilar asabini buzib, signal berishi, bir-biriga qo‘l silkitib o‘dag‘aylashlarini aytmasa ham bo‘ladi. Shahar ko‘chalarining obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari mehnatlari bilan ertalabki ozodaligidan kunduzi asar ham qolmaydi. Yo‘l chetlari, ariqlar farosatsiz yo‘lovchilar tashlagan turli chiqitlar bilan to‘lib ketadi. Buni ko‘rganda birortamiz qoidabuzarlarni tartibga chaqirishni xayolimizga ham keltirmaymiz. Keltirsak ham haqoratlanib qolmaslik uchun indamaymiz, “ana ichki ishlar xodimlari, yo‘l nazoratchilari bor, o‘shalar qarasin!” deb qo‘yaqolamiz. O‘ta andishali xalqmiz. Andishani qo‘rqoqlikka yo‘yuvchi kimsalar esa tartib, huquqbuzarlikda davom etaveradi. Misol uchun, qo‘ni-qo‘shni uyini ta’mirlayman deb ko‘chaga to‘kkan qum-shag‘al, tuproq ba’zan yillab harakatga to‘sqinlik qilib uyulib yotadi bu haqda ularga eslatishga yoki chora so‘rab mahallaga arz qilishga andishaga boramiz. Yoki to‘y-tomosha, ko‘cha-ko‘y, bozor-ucharda ayrimlar yoqalashib ketsa, ko‘rmaganga olamiz. “Uchastka noziri, mahalla oqsoqoli nega qaramaydi?” deb nolib qo‘yamiz. Ko‘prik buzilib, yo‘l vayron bo‘lib yotsa, qishloq suvsiz, elektrsiz qolgan bo‘lsa, “davlat qaramayapti, hokimiyat ishlamayapti” deb ayyuhannos solamiz. O‘zimiz-chi? Nega jimmiz, nega loqaydmiz? Muammoni hal etishda birgalikda harakat qilmaymiz. Kimdir kelib, hal qilib berishini kutamiz. Jamoatchilik nazorati degani nuqsonlar, kamchiliklar, illatlarni bartaraf etishi uchun tegishli mutasaddi tashkilotlarni xabardor qilish bilan birga ularga barham berishda fuqarolarning ham faol ishtiroki degani. Ayniqsa, jam oatchilik nazorati bugungi pandemiya paytida juda muhim.
Agar fuqarolar jamiyat hayotida faol bo‘lmasa, tartib-intizom, qonun-qoidalarni nazorat qilish faqat davlat organlarining ishi deb o‘ylasa, taraqqiyotga g‘ov bo‘layotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, byurokratik sansalorlik, loqaydlik, mas’uliyatsizlik hech qachon barham topmaydi.
Jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasi haqida gap ketganda, andisha, menga daxli yo‘q, och qornim, tinch qulog‘im degan loqaydlik ketmaydi. Jamiyatning barcha a’zolari hayotlari farovon bo‘lishi uchun o‘zlarini birdek mas’ul deb bilsalargina barpo etilayotgan erkin va demokratik davlat poydevori yanada mustahkam bo‘ladi.
Tog‘aymurod Shomurodov.