Jarquduqliklar dashtda ham issiqxona tashkil etish mumkinligini isbotladi

Nurobod tumani haqida gap ketsa, odatda, keng dalalar, yaylov va adirlar, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan cho‘pon-cho‘liqlar ko‘z oldimizga keladi.

Haqiqatdan ham, hudud jihatidan Samarqandning eng katta tumani sanalgan Nurobod ahli asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Sug‘oriladigan 600 gektar maydonda paxta, 2 ming gektarda g‘alla yetishtirilsa-da, dehqonchilik, asosan, lalmikor yerlarda bo‘ladi.

Tomorqa – e’tiborda

Keyingi yillarda yurtimizning boshqa hududlarida bo‘lgani singari Nurobodda ham bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaliklari tashkil etish, tomchilatib sug‘orish asosida sabzavot va poliz ekinlari parvarishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Avvalo, aholi o‘z tomorqasida hudud uchun an’anaviy bo‘lmagan qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda.

– Bugungi kunda tumanimizdagi 37 mahalla fuqarolar yig‘inida 25 ming 86 nafar tomorqa yer egalariga 1200 gektarga yaqin ekin maydonlari biriktirilgan, – deydi Nurobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurashid Do‘stmurodov. – Ushbu tomorqa yerlarining 82 gektarida o‘tgan yil avgust-sentyabr oylarida to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilgan bo‘lsa, 954 gektar yerda bahorgi ekinlar parvarishlanmoqda. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda aholiga urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it va boshqa masalalarda yordam berish uchun ikkita “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan. Ular tegishli sohalar vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birga o‘zlari mas’ul bo‘lgan mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, tomorqadan samarali foydalanishda aholiga zarur amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 46 nafar imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan tomorqa yer egalari hamda ish bilan band bo‘lmagan aholi 21 ta ko‘maklashuvchi fermerga biriktirildi. Ayni paytda boshqa hududlarda bo‘lgani kabi bizda ham ikkita mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashdi. Bu yil bunday mahallalarni yana ko‘paytirishni rejalashtirganmiz. Bizda ham cho‘l va dasht sharoitida issiqxonalar tashkil etish an’anasi shakllanmoqda. Shu paytgacha aholi xonadonlarida har biri bir sotix bo‘lgan 180 ta yengil konstruksiyali issiqxonalar tashkil etilgan bo‘lsa, bu yilning o‘zida imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 120 ta shunday issiqxona qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, aholining o‘zi ham imkoniyatiga qarab, issiqxonalar tashkil etib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

          

Qishloqdagi birinchi issiqxona

  4200 dan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Jarquduq qishlog‘ida odamlar asosan chorvachilik bilan shug‘ullansa-da, ayni paytda bu yerdagi hovlilarda katta-kichik issiqxonalar paydo bo‘ldi.

– Qariyb 25 yil xo‘jalikda rahbar bo‘lib ishladim. Lekin bizda ham issiqxona qilish mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan ekanman, – deydi Toshniyoz Rahimov. – Boshqa tumanlarga borganimda havas qilardim-u o‘zimizda tashkil qilishga hafsala yoki qunt qilmasdim. 2008 yilda tavakkal qilib, o‘z hovlimda limonariy qurdim. Shu sohada tajribasi bor kishilar maslahati bilan besh sotix maydonni 2,5 metr chuqurlikda kovlab, tabiiy isitiladigan issiqxona tashkil etdik. 85 tup “Mir” navli limon ko‘chati keltirib ekdim. Tavsiyalar bo‘yicha parvarishladik, bolalar qarab turishdi. Ammo shunda ham ko‘p hafsala qilmagandim. Ikki-uch yildan keyin edi chamasi, qarasam issiqxonada limon pishib turibdi. Shundan zavqim kelib, qilsa bo‘lar ekan-ku deb, butun mehrim bilan shu ishga kirishdim. Aslida, limon yetishirish uchun ko‘p mehnat ham talab qilinmas ekan. Vaqtida ozuqasini berib, sug‘orib, parvarishlab tursangiz, kifoya. Faqat qachon, qaysi shoxlarini kesishni, kasalliklarga qarshi ishlov berishni bilsangiz bo‘ldi. Biz ham boshida bu ishni mutaxassislar yordamida bajargan bo‘lsak, hozir o‘zimizning qo‘limizdan keladi. Har yili o‘rtacha 4,5-5 tonna hosil olyapmiz.

Issiqxonadan yaxshi daromad olish mumkinligini ko‘rgan Toshniyoz aka 2019 yilda hovlisida 20 sotix maydonda ikkita issiqxona qurdi.

– Bu gal issiqxonalarni yerni kovlamay, yuzada qurdik, – deya so‘zida davom etadi tajribali tomorqachi. – Chunki ularni bodring, pomidor va boshqa sabzavot ekinlari yetishtirishga mo‘ljallaganmiz. Andijondan issiqxona uchun ko‘mirga mo‘jallangan qozonxona keltirib o‘rnatdik va isitish tizimi yaratdik. O‘tgan yil dastlab pomidor, keyin bodring ekib, bu sohada ham tajriba orttirdik. Shu yilning yanvar oyida bodring ekkandik, 12 martdan hosilni teryapmiz. Iyun oyigacha 28-30 tonna hosil olishni mo‘ljallab turibmiz. Bu shu hosilning o‘zidan o‘rtacha 150 million so‘m daromad degani. To‘g‘ri, bu ishning ham o‘ziga yarasha xarajati, zahmati bor. Lekin daromad xarajatdan bir necha barobar ko‘p. Asosiysi, oila a’zolarimiz barchasi ishli, bekorchi yo‘q. Bolalar yoshligidan peshona teri bilan mehnat qilib, non topishni o‘rganadi. Yana to‘rt nafar qishloqdoshimiz shu yerda ish bilan band. Shu paytgacha bizda chorvadan boshqasi bo‘lmaydi, deb yurganimizga afsus qilaman. Hali ham ana shunday fikrda bo‘lgan qishloqdoshlarimga issiqxonamizni ko‘rsatib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman.

 

Karantin paytidagi foydali mehnat

Jarquduqda Toshniyoz akadan o‘rganib, issiqxona tashkil qilganlar ko‘payib qoldi. Bu yerdagi keng-mo‘l hovlilarda bir-ikki sotixli emas, bemalol bundan ham katta issiqxonalar qilish mumkin.

– Toshniyoz akaga havas qilib, biz ham 10 sotix maydonda yerni kovlab ikkita issiqxona qildik, – deydi Abdumurod Otamurodov. – Limon ekkanmiz. Ammo limon ko‘chatlari katta bo‘lib hosilga kirgunga qadar pomidor, bodring ekyapmiz. O‘tgan yil ilk bor mahsulot yetishtirib, qariyb ellik million so‘mlik pomidor, bodring sotdik. Bu yil ham daromadimiz o‘tgan yilgidan kam bo‘lmaydi va shu bilan ikki yilda issiqxona xarajatlari o‘zini qoplaydi. Bolalarim bilan fikrlashib, endi bu yil hovlimizda yana 30 sotix yerda issiqxona qurishni niyat qilib turibmiz. Inson harakat qilsa, hamma ishning uddasidan chiqishi mumkin ekan.

Ayrim kishilar bizda suv kam, shamol kuchli bo‘ladi, issiqxonadan daromad qilish qiyin deyishadi. Yo‘q, omilkorlik bilan ish tutsangiz bu sabablar bahonadan boshqa narsa emas ekan. Masalan, biz issiqxonana tomchilatib sug‘oramiz, hech qancha suv ketmaydi. Kuzda 5 tonna ko‘mir olgandim, havo sovuq kunlardagina qozonxonani yoqdik, haliyam bor. Xullas, mehnat qilib, daromad topaman, degan odam uchun issiqxona juda qulay ekan. Xudoga shukr, o‘g‘il-qizlarim hammasi uyli-joyli, o‘zidan tingan. Lekin qarab o‘tirib bo‘lmaydi-ku, katta-katta hovlilardan foydalanish kerak-da. Buning ustiga oilada hamma biror yumush bilan band bo‘lsa, turli xil gap-so‘zlarga vaqt qolmaydi, ro‘zg‘orda yetishmovchilik bo‘lmaydi. Ayniqsa, bugungi karantin paytida odamlardan uyda qolish so‘ralayotganda, tomorqada ishlash koni foyda.

 

Birniki mingga, mingniki tumanga

Shu qishloqdagi “Qo‘yboqar  uchqur tulpori”  fermer xo‘jaligi rahbari Nodir Alqorov ham nurobodliklar faqat chorvachilik bilan cheklanmasligini dashtda ikki gektardan ortiq maydonda mevali bog‘ yaratib  amalda ko‘rsatdi.

– Bizda odamlar bog‘ yaratish qiyin deyishadi va shuning uchun bu ishning boshini tutadiganlar kam, – deydi Nodir Alqorov. – Yoz ancha issiq keladi-da. Lekin vaqtida suvini berib, parvarish qilib turilsa, bizda ham bog‘ yaratsa bo‘lar ekan. To‘rt yil oldin shu yerdan artezian qudug‘i kovlab, olma, o‘rik, bodom, shaftoli singari o‘n turdan ortiq mevali ko‘chatlar keltirib o‘tqazgandik. O‘tgan yil hosil bera boshladi bog‘imiz. Bu yildan to‘liq hosilga kiradi. Endi shu yerda 30 sotix yerda issiqxona tashkil qilib, limon ekmoqchimiz. Mehnatidan qochmasak, hamma ishni uddalasak bo‘lar ekan.

Birniki mingga, mingniki tumanga, degan gap bor. Jarquduqliklarning issiqxonalar tashkil etayotgani va bugun bu ish ortidan yaxshigina daromad olayotganini ko‘rib, ana shu gapni esladik.

G‘olib HASANOV.

Baxtiyor MUSTANOV, Alisher ISROILOV (foto, video).