Jasur RIZAYEV: O‘qimagan talabani «Super-kontrakt» bo‘lsa ham o‘qishdan chetlatamiz
Oliy ta’lim muassasalari ichida tibbiyot institutlarida ta’lim olish ancha murakkab. Sababi, shifokor bo‘lish uchun yetarlicha nazariy va amaliy bilimga ega bo‘lish talab etiladi. Shu bois tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalariga nisbatan ko‘proq o‘qiydi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev bilan suhbatimiz ta’lim tizimidagi yutuqlar, yangiliklar va muammolarga bag‘ishlandi.
- Yaqinda Samarqand davlat tibbiyot instituti universitetga aylantirildi. Bugun universitet xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda, tajriba almashmoqda. Ayting-chi, universitetni bitirayotgan talabalar xalqaro standartlarga javob bera oladimi?
- Bugun tibbiyot sohasi mutaxassislari 100 foiz xalqaro talablarga javob bera oladi, desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin keyingi besh yil ichida tibbiy ta’limdagi islohotlar tufayli biz ham raqobatbardosh, jahon standartlariga javob bera oladigan mutaxassislar tayyorlashga kirishdik. Bu yo‘lda qo‘ygan qadamlarimizning ilk natijalari ham ko‘rinib turibdi. O‘n yil oldin skopus nima ekani, jahon tan olgan jurnallarda maqolalar chiqarish xayolimizga kelmagan. Mana, endi universitetimiz jahon tan olgan platformalarda o‘zining yangiliklarini, ilm-fan bo‘yicha yutuqlarini berib boryapti. 2022 yil respublikamizdagi o‘ttizga yaqin oliy ta’lim muassasasi Britaniyaning Times Higher Education ta’lim muassasalarining reytingiga kirgan bo‘lsa, unda universitetimiz kuchli o‘ntalikda turibdi. Respublikada hozircha biz birinchi va yagona universitet maqomiga ega bo‘lgan oliy tibbiyot muassasasimiz. To‘qson yillik tarixga ega institutning universitetga aylantirilishi integratsiya va jahon talablariga yaqinlashish bo‘yicha qo‘yilgan katta qadam deb hisoblayman. Universitetda faqat ta’lim berish, o‘quv jarayoni emas, balki ilmiy, amaliy jarayon, innovatsiyalar, ilmning bevosita amaliyotga tatbiq etilishi, yoshlarning siyosatga munosabati, ma’naviy-ma’rifiy muhit - hammasi mujassam holatda qamrab olinishi kerak. Bunga ham jahon talablari, Boloniya ta’lim tizimi talablari bo‘yicha shahdam qadamlarni tashlab kelyapmiz.
Oxirgi uch yilda xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yildi va bu dasturlarning kiritilishi ham jahon andozalariga mos, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash uchun qo‘yilgan qadam desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Negaki, universitetimiz ichida ichki raqobat yuzaga keldi, ya’ni mahalliy dasturlar bilan ta’lim olayotgan talabalar va xorijiy qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalarni solishtirish, ilm olish darajasi, ilm-fan yutuqlarini o‘quv jarayoniga tatbiq qilish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni qilish imkoniga ega bo‘ldik. Biz ham O‘zbekistonda yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida brendimizni shakllantirishga, reytingimizni ushlashga harakat qilyapmiz.
Universitetimiz respublikadagi eng ko‘p xorijiy talabalarni o‘qitayotgan oliy ta’lim muassasasidir. Bugun universitetda Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlardan kelgan yetti yuzdan ortiq talaba o‘qimoqda. Bu ham xorijiy davlatlarning universitetimizga bo‘lgan ishonchi deb o‘ylayman.
- Universitetda talabalar turarjoyi necha foiz talabani sig‘dira oladi? Qo‘shimcha talabalar turarjoyi qurilyaptimi?
- Respublikamizda barcha oliy ta’lim muassasalaridagi singari bizda ham talabalar turarjoyi masalasi og‘riqli muammoligicha qolmoqda. Hozircha talabalarni yuz foiz turarjoy bilan ta’minlab berish imkoniga ega emasmiz. 8,5 mingdan ortiq talabaning 1600 nafari yotoqxona bilan ta’minlangan. Bu muhtojlik bo‘yicha talab qilinayotgan joylarning 50-60 foizini tashkil qiladi. Bugungi kunda Rudakiy ko‘chasida davlat-xususiy sheriklik asosida 4 qavatli 550-600 o‘rinli yotoqxona qurish ishlarini boshlaganmiz. Rejamiz bo‘yicha yotoqxonani 1 oktyabrgacha foydalanishga topshiramiz. Yotoqxona tadbirkorning mablag‘i asosida qurilyapti. Talaba yotoqxona ijara pulining ma’lum qismini o‘zi to‘laydi, qolganini davlat to‘lab beradi.
- Amerika, Isroil kabi davlatlarda Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobi tibbiyot institutlarida o‘qitilar ekan. Bizda-chi?
- “Tib qonunlari” G‘arb tibbiyotining rivojlanishiga turtki bo‘lgan asosiy manba bo‘lsa-da, afsuski, bizda e’tibordan chetda qolgandi. Oxirgi ikki yilda tashkil qilingan xalq tabobati fakultetimiz mavjud. Fakultetda xalq tabobatida foydalanadigan giyohlar, dorivor aralashmalar, umuman, tabobat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha usullar zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilingan holda mutaxassislar tayyorlanadi. Ularning asosiy o‘quv dasturlariga “Tib qonunlari” kiritilgan.
- Nega hamon murakkab operatsiyalar xorijiy davlatlarda amalga oshirilyapti? Xorijga borib davolanishga hamma ham mablag‘ topolmaydi, albatta. Murakkab operatsiyalarni o‘zimizda bajarish vaqti kelmadimi?
- O‘n yil oldingi tibbiyotni eslay olasizmi? Odamlar tomirga stent qo‘ydirish uchun ham Hindiston, Rossiya yoki boshqa davlatlarga borishdi. Bugungi kunda yurak xuruji bilan murojaat qilgan bemorlarni stentlash, aorta koronar shuntlash, yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq amaliyotlar kam invaziv, laparoskopik usulda amalga oshirilmoqda. O‘n yil oldin bu xayolimizga ham kelmagandi.
Samarqanddagi kardiologiya shifoxonasi respublikada yetakchi shifoxonalardan biri. Bu yerda barcha turdagi kardiojarrohlik operatsiyalari amalga oshiriladi. Qorin bo‘shlig‘ida biron bir patologik holat bo‘lsa, laparoskopik asbob-uskunalar orqali qorinni yormasdan operatsiya qilishni biz faqat televizor yoki internetda ko‘rardik. Lekin hamma narsani birdaniga o‘zgartirish imkoni yo‘q. Bu nafaqat mutaxassislarimiz bilan bog‘liq jarayon, balki qimmatbaho asbob-anjomlarga ham bog‘liq. Ikki yil oldin ko‘p tarmoqli 1-klinikamizda bir dona ham raqamli rentgen apparati yo‘q edi. Bugungi kunda beshta raqamli rentgen apparati bor. Undan tashqari, eng zamonaviy 128 kesimli multi spiral kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya uskunasi mavjud. Shu tarzda rivojlanadigan bo‘lsak, albatta, 10-15 yilda jahon tibbiyoti darajasiga chiqib olamiz.
Aytsak, birov ishonmasligi mumkin, ammo sentyabr oyida universitet mutaxassislari jigar transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yayapti. Biz zarur asbob-anjomlarning hammasini oldik. 6-7 nafar professor-o‘qituvchini Turkiyada o‘qitdik. Hozir bemor bilan donorni tayyorlayapmiz. Buyrak transplantatsiyasini ham Samarqand shahrida amalga oshiryapmiz. Bularning barchasi rivojlanayotganimizning isboti.
- Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qigan talaba ertaga yaxshi tibbiyot xodimi bo‘la oladimi? Sizningcha, tibbiyot muassasalariga super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish qanchalik to‘g‘ri? O‘tgan yili Samarqand davlat tibbiyot universitetiga qancha talaba super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi?
- O‘n yil oldin tibbiyot institutlariga talabalar tanish-bilish orqali o‘qishga kirardi-ku! Biz bunga ko‘zimizni yumardik, bilib-bilmaganlikka olardik. Lekin bugun Prezidentimiz ta’limni korrupsiyadan ajratish bo‘yicha juda katta ish qildilar. Men 31 iyul kuni uxlasam-da, uyg‘onsam, 2 avgust bo‘lsa deb orzu qilardim. Shunaqa murakkab vaziyat edi, birov iltimos qilsa, birov tazyiq qilardi. Shu ishlarni qilmaganim uchun qancha tazyiqqa uchraganman.
O‘tgan yili 103 nafar, bu yil 50 ga yaqin talabani o‘qishdan haydadik. Biz ham talablarni kuchaytiryapmiz. Masalan, o‘qishdan chetlatilgan 103 nafar talabaning 50 foizdan ortig‘i tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olardi. Super-kontrakt asosida o‘qishga kirgan bo‘lsa ham o‘qimasa, uni o‘qishdan chetlashtiramiz. Butun dunyoda o‘qishga kirish oson, o‘qish qiyin. Shu paytgacha bizda o‘qishga kirish qiyin, o‘qish oson bo‘lgan, ya’ni kirdimi, bitirib ketgan. Aslida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish erkinroq bo‘lishi kerak. Qamrovni 9 foizdan 26 foizga oshirish bu – katta imkoniyat. Hozir yoshlar ozgina harakat qilsa, o‘qishga kirib ketadi, tanish-bilish ham, boshqa yo‘llarni qidirish ham shart emas.
Ba’zi sabablar bilan yaxshi o‘qiganlar ham tabaqalashtirilganga tushib qolishi mumkin. Uch-to‘rt yil, boringki, o‘n-o‘n besh yilda super-kontrakt baribir yo‘qoladi, chunki natija shuni ko‘rsatyapti. Masalan, 2020 yilda 260 nafar talaba tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan bo‘lsa, 2021 yilda 200 nafar talabani qabul qildik. Yildan yilga super-kontrakt asosida o‘qishni xohlovchilar kamayib bormoqda.
Bizda bolalarning bilim olishga bo‘lgan intilishida ham katta muammo bor. Bola bilim olishni o‘zi uchun kerakligini his qilishi kerak. Ammo hozircha his qilmayapti. Yoshlarimizda diplom olsam bo‘ldi, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, degan fikr bor. Bu noto‘g‘ri fikr, ayniqsa, tibbiyotda. Bilimi bo‘lmasa, diplom olgani bilan u hech qachon yaxshi do‘xtir bo‘lmaydi.
- Chet davlatlarda eng zo‘r shifoxonalar tibbiyot ta’lim muassasalarida deb aytiladi. Siz rahbarlik qilayotgan universitetning klinikalari ko‘proq qaysi kasalliklarga moslashgan, ularda barcha shart-sharoitlar mavjudmi?
- Institutni bitirganimga 25 yil bo‘ldi. O‘sha paytlarda tibbiyot institutini bitirgan talabalar xususiy klinikaga borib boshqa bir dunyoni ko‘rardi. Xususiy klinikalar davlat shifoxonalaridan rivojlanib ketgandi. Hozir shunday davlat klinikalari borki, hech qaysi xususiy klinikada bunday sharoit yo‘q. Albatta, tibbiyot universitetining klinikalari eng zo‘r klinika bo‘lishi kerak. Butun dunyoda shunday, chunki u yerda yetakchi olim, professor, dotsentlar faoliyat ko‘rsatadi. Lekin shunga yarasha moddiy-texnik bazasi ham bo‘lishi lozim. Afsuski, uzoq yillar davomida moddiy-texnik bazani rivojlantirishga e’tibor qaratilmadi. Mutaxassislar ham shunga yarasha bo‘lib qoldi. Oxirgi besh yil ichida bu borada ham o‘zgarishlar bo‘ldi.
Universitetning ko‘p tarmoqli 1-klinikasida barcha yo‘nalishlar bor. Ularda eng yaxshi shifokorlar ishlaydi. Faqat moddiy-texnik bazamiz bugungi kun talabida emas. Boya aytganimdek, sekin-sekin yangilanyapti. Hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida Osiyo taraqqiyot banki, Jahon taraqqiyot bankining kredit va grant mablag‘lari hisobiga respublikadagi barcha oliy tibbiy ta’lim muassasalarining klinikalari qayta jihozlanyapti. Masalan, klinikamiz birinchi asbob-anjomlarni oldi. Bir yil davomida yana uch million dollarlik asbob-uskunalar oladi. Bundan tashqari, Yaponiyaning JICA tashkiloti tomonidan 80 turdagi asbob-anjomlar universitetimizga berilyapti. Bularning hammasi o‘quv jarayonini yaxshilashga qaratilgan.
Biz kechagi tibbiyotdan voz kechib, kelajak tibbiyoti uchun qadam tashlashimiz kerak. Kechagi tibbiyot o‘z ishini bajardi. Bizga bugungi poydevor yaratdi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.