Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar xususiy ajrimi bilan 7 kishi ishdan bo‘shatilgan. Sudya yo‘l qo‘ygan xatosi uchun chora olganmi?
Xalq deputatlari viloyat Kengashida olti oy davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborot bergan jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi bu savolni ochiq qoldirdi.
Axborotda qayd qilinishicha, viloyat sudlari tomonidan jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalalari yuzasidan 1196 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.
Xususiy ajrimlarning ijrosi bo‘yicha 159 nafar mas’ul shaxs ogohlantirilgan, 10 nafar mas’ulga “xayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan. Shuningdek, 7 nafar mas’ul shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Xususiy ajrim natijalari bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilingan 7 nafar shaxsning 3 nafari sog‘liqni saqlash sohasi xodimi bo‘lgan. Bundan tashqari, elektr tarmoqlari korxonasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, madaniyat va xalq ta’lim tizimidan 1 nafardan shaxs jinoyat ishlari bo‘yicha sudning ajrimiga asosan ishdan bo‘shatilgan.
Ammo jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘tgan olti oyda sudyalar faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘yilganligi yoki bunday bo‘lmaganligi haqida to‘xtalmadi. Axir ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sudya ham intizomiy javobgarlikka tortilgani yoki vazifasidan ozod etilgan bo‘lishi ham mumkinku?!
To‘g‘ri, hisobot davrida jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlari sudyalarining bir oylik o‘rtacha ish hajmi 31 tani, viloyat sudida esa 7,5 tani tashkil etgan. Bu ko‘p yoki kamligi haqida bir narsa deyish qiyin. Ammo apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlov hay’atlarida 65 ta ish bo‘yicha 84 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan. Bundan tashqari, 7 ta ish bo‘yicha 7 nafar shaxslarga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan.
Demak, 7 kishi “jinoyatchi” bo‘lib qolishida qozilarning ham qaysidir ma’noda aybi borku?! Xo‘sh, ularga qanday chora ko‘rilgan?
Yo.GADOYeV.