Jo‘sh obod qishloqqa aylanadi

Prezidentimizning shu yil    11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga ko‘ra, Jo‘shda "Obod qishloq" dasturi asosida bunyodkorlik ishlari boshlanib ketdi.

Yaqin o‘rtada qishlog‘imiz qiyofasi tubdan o‘zgaradigan bo‘ldi. Jumladan, Jo‘sh qishlog‘i va unga tutash hududlardagi barcha tuproq yo‘llarga shag‘al to‘shaladi. Jo‘sh qishlog‘i markazidan Tikanli, To‘ra, Urganji, Tepalik, Qo‘rg‘on qishloqlarini bog‘lovchi yo‘llarga asfalt yotqiziladi. 2019 yil davlat dasturidan tash­qari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1 ta va xususiy sherikchilik asosida 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etiladi. Aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun tez yordam mashinasi ajratiladi hamda doimiy tez tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchasi bunyod etiladi.

Hududlarda moslashtirilgan qishloq vrachlik punktlari yangitdan quriladi va 4 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi barpo qilinadi. Jo‘sh qishlog‘i va unga tutash hududlardagi har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida 1 tadan sun’iy qoplamali futbol stadioni quriladi.

Qishlog‘imizda joylashgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li nomidagi tarixiy muzey qayta ta’mirlanadi. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, arzonlashtirilgan 50 ta uy-joylar quriladi.

Bularni eshitib boshimiz osmonga yetdi. Xullas, Jo‘sh qishlog‘ining qiyofasi yaqin kunlar ichida tamoman o‘zgaradi va u shaharcha tusini oladi. Mahallamizning ham mazkur das­turga kiritilgani xalqimiz uchun quvonchli bo‘ldi.

Bugungi kunda mahallamizda 4300 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Maktab, kollej, bolalar muassasalari, madaniyat uyi, shifoxona, ko‘plab savdo va maishiy xizmat tarmoqlari aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Odamlarimiz yaratilayotgan bu imkoniyatlardan g‘oyat mamnun.

Abdualim NOSIROV,

Qo‘shrabot tumanidagi «Jo‘sh ota» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.