Jomboy tumani hokimi faxriy jurnalistlarni yo‘qladi

  Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov uzoq yillar sohada samarali mehnat qilgan faxriy jurnalistlar xonadoniga ularni yo‘qlab bordi.

  – Ommaviy axborot vositalari xalqimizga ishonchli, to‘g‘ri va tezkor axborot yetkazib berish, bunyodkorlik, obodonchilik ishlaridan keng ommani xabardor qilish, jamiyatda turli illatlar, kamchiliklar urchishining oldini olishga qaratilgan faoliyati bilan qadrlidir,  – dedi hokim. – Shu ma’noda sizlarning hayot yo‘lingiz yoshlar uchun o‘rnak va namuna bo‘la oladi. Hech mubolag‘a yo‘q, jurnalistlik kasbi jamiyat uchun eng kerakli kasblardan biridir.

  Jomboylik faxriy jurnalistlar Shokirjon Sheraliyev, Sulaymon Husainov, Hasan Sultonov, Oyxumor Asadova, Gadoy Meyliyev  o‘z ijodiy faoliyatlari, ayni paytdagi yumushlari haqida gapirib berdilar.

  – Kasbning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Sulaymon Husayinov. – Kishi fidoyi bo‘lsa, o‘z ishiga sidqidildan yondoshib, halol ishlasa, el-yurt orasida hurmat topadi. Shu bilan bir qatorda, kasbining rivojlanishiga, demakki, jamiyat taraqqiyotiga ham hissa qo‘shgan bo‘ladi. Taqdirimga qalam bitilganidan roziman. Kamtarona umrim davomida sohaga qanchalik hissa qo‘sholdim, bilmayman. Ammo jurnalistika menga ko‘p narsa berdi.

  Faxriylarga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.