Jomboyda 30 muassasa rahbari nega jarimaga tortildi?
Keyingi paytlarda internetda Jomboy tuman statistika bo‘limi tumandagi umumta’lim maktablariga “Statistika bo‘limiga 200 ming so‘mdan pul o‘tkazib beringlar», degani, bu talab bajarilmagach, o‘z vaqtida statistik hisobotlarni topshirmagani uchun 31 ta muassasaga nisbatan eng kam ish haqining 6 baravari miqdorida noqonuniy jarima qo‘llagani haqidagi xabar tarqaldi.
Xo‘sh, bu xabar nechog‘lik asosli?
Birinchidan, Jomboy tuman statistika bo‘limidan olingan ma’lumotda keltirilishicha, 31 ta emas, 30 ta (29 ta maktab va tuman xalq ta’limi bo‘limi) ta’lim muassasasiga nisbatan jarima qo‘llanilgan.
Ikkinchidan, muassasalarga eng kam oylik ish haqining 6 baravari emas, 7 barobari miqdorida jarima belgilangan.
Bular mavjud qonunchilik asosida qo‘llanilgan. Ya’ni, Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yil 9 noyabrdagi qarorida 2018 yil uchun 1-mehnat shakli (choraklik) davlat statistika hisobotini yuridik shaxslar va ularning alohida bo‘linmalari (kichik korxona va mikrofirmalar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, jamoat birlashmalari, ijtimoiy fondlar, nodavlat muassasalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan tashqari) hisobot davridan keyingi oyning 4-sanasidan kechiktirmagan holda elektron shaklda taqdim etishi belgilangan.
Hisobot qamrovini ta’minlash maqsadida barcha tashkilotlar viloyat statistika boshqarmasi va hududiy bo‘limlar tomonidan hisobotni o‘z vaqtida, xato va kamchiliklarsiz taqdim qilishi lozimligi muntazam ravishda ogohlantirib kelinadi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali e’lonlar beriladi.
Xususan, viloyat statistika boshqarmasi tomonidan 2018 yilning 24 dekabrida viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga choraklik hisobotni 2019 yilning 5 yanvaridan kechiktirmasdan taqdim qilish yuzasidan tizim tasarrufida bo‘lgan barcha muassasalarga tegishli ko‘rsatmalar berishni so‘rab xat yuborilgan. Ammo hisobotlarning yozma va www.stat.uz, www.samstat.uz veb-saytlarida elektron ko‘rinishda topshirilishi to‘g‘risida ogohlantirishlarga qaramasdan, Jomboy tuman xalq ta’limi bo‘limi hamda 29 ta muassasa hisobot taqdim qilmagan. Oqibatda tuman statistika bo‘limi boshlig‘i tomonidan 2019 yil 7 yanvarda davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlik ishi ko‘rib chiqilishi yuzasidan chaqiruv xati yuborilgan. Ta’lim muassasalari 9 va 10 yanvar kunlari hisobotlarini taqdim etgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, 15-24 yanvar kunlari tuman statistika bo‘limi tomonidan tumanda joylashgan muassasalar rahbarlariga ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan.
Aslida ma’muriy ishni ko‘rib chiqish jarayonida barcha rahbarlar shaxsan ishtirok etgan va holat yuzasidan tushuntirish xati yozgan.
Dilshod ALMATOV,
viloyat statistika boshqarmasi axborot xizmati xodimi.