Jomboyda gaz ta’minoti idorasi falokat yuz berishini kutdimi?
Ushbu holatni gazetaga chop etishdan ko‘ra, zudlik bilan "Uztransgaz" gaz tarqatish bo‘yicha viloyat filialiga qo‘ng‘iroq qilib, muammoni bartaraf etish lozim degan qarorga keldik. Filial xodimlari aniq manzil, iste’molchining telefon raqamlarigacha yozib olishdi. Muammo o‘sha kuniyoq hal etiladi deb o‘ylagandik. Ammo…
Oradan o‘n kuncha o‘tib, matbuotda boshqa bir shaharda nosoz gaz balloni bilan bog‘liq fojiani o‘qib, Jomboydagi holatdan yana bir xabardor bo‘lishni istadik. Afsuski, iste’molchi hali ham nosoz gaz ballonidan foydalanayotgan ekan. Bundan shunday xulosaga kelish mumkin. Gaz ta’minoti bo‘yicha viloyat filiali ham, tuman uchastkasi ham toki biror fojia bo‘lib, bir-ikki inson qattiq jabr ko‘rmaguncha qimirlamas ekan.
Yaqinda xizmat safari bilan Past Darg‘omga borganimizda aholi bilan suhbatlasharkanmiz, eng avvalo, nosoz gaz ballonlari masalasiga qiziqdik. Hartugul Past Darg‘omda bu masalaga e’tibor bor ekan. Biror xonadonda nosoz gaz balloni bo‘lsa, mutaxassislar uni boshqasiga almashtirisharkan. Ammo tumanda suyultirilgan gaz bo‘yicha boshqa muammolar bor - aholiga maishiy gaz ballonlari yetkazish ikki oygacha cho‘zilib ketmoqda.
Guliston mahallasida bo‘lganimizda xuddi shu masalada shikoyat qilishdi. Yana bir jiddiy muammo - mahalladagi bir necha fuqaro maishiy gaz balloni uchun gaz ta’minot idorasiga ariza yozganiga ikki yil bo‘lgan. Ammo hali-hamon ballon olgani yo‘q.
- Tabiiy gaz, o‘tin bo‘lmagan joyda tirikchilik qanday o‘tishini tasavvur qilib ko‘ring, - deydi Guliston mahallasida yashovchi M.Ismoilova. - Biz axir, ikki yildan beri gaz ballonimizni kutamiz. O‘sha vaqtda buning uchun to‘lov ham qilganmiz. Endi bilsak, to‘lovimiz rasman qabul qilinmagan ekan…
Mahallaga hudud bo‘yicha gaz ta’minot idorasi 3-son uchastka xodimlarini taklif qildik. Mutaxassislar iste’molchilardan arizalarni "Go‘zalkenttumangaz" idorasi qabul qilgani, ayni vaqtda ushbu tashkilot yopilib, barcha hujjatlar 3-son gaz tarqatish uchastkasiga o‘tganini ma’lum qilishdi. Ammo hujjatlar orasidan bizga murojaat qilgan fuqaroning arizasi topilmadi. M.Ismoilovaning ikki yil oldin ariza yozgani bo‘yicha birdan bir asos - gaz balloni uchun to‘lov qog‘ozi. Achinarli holat shundaki, o‘sha vaqtda iste’molchiga na kvitansiya va na boshqa hujjat taqdim etilgan. Fig‘oni falakkka chiqqan Ismoilova faqat bitta gapni takrorlaydi: "Pulni Aziza degan xodim olgandi". Mazkur holatni tasodifga yo‘yishimiz mumkin edi. Ammo birgina shu mahallaning o‘zida o‘sha xodimga ikki yil oldin ariza va mablag‘ topshirganlar oz emas ekan. Xo‘jasizlik, boshboshdoqlik hukm surgan idorada o‘z vaqtida qancha fuqaro aldangan, qancha mablag‘ kirim qilinmagan, hisobiga yetish qiyin. Eng yomoni, aholining ko‘r-ko‘rona, hech qanday qog‘ozlarsiz to‘lovni amalga oshirib, yillar davomida gaz ballonini kutib kelayotganida.
Mahalla fuqarolarining murojaatlari shu kuni 3-son uchastka xodimlari tomonidan yozib olindi. Tez orada maishiy gaz balloni yetkaziladigan bo‘ldi. Faqat ular endi yana bir bor to‘lov qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Aytish kerakki, maishiy gaz balloni yetishmasligi, suyultirilgan gaz yetkazishdagi muammolar faqat Past Darg‘omda emas. Bundan oldin Paxtachi, Toyloq va yana bir qator tumanlarda ham shu muammo bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi. "O‘ztransgaz" gaz tarqatish bo‘yicha viloyat filiali suyultirilgan gaz tarqatish bo‘limi xodimlaridan masalaga oydinlik kiritishni so‘radik.
Ma’lum bo‘lishicha, iyun oyida suyultirilgan gaz yetkazuvchi korxonalardan birida yirik ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, bu esa qator hududlarga suyultirilgan gaz yetkazishning kechikishiga sabab bo‘lgan. Hozir esa ta’mirlash ishlari tugab, yana avvalgidek tarqatish yo‘lga qo‘yilgan.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, aslida bir necha yildan buyon maishiy gaz balloniga ariza yozib, vaqtida ololmaslik hamda suyultirilgan gaz yetkazish muddatlarining o‘tib ketish holatlari uchrab turadi. Buni mutaxassislar gaz ta’minot idoralari transport vositalarining yetishmasligi hamda maishiy gaz ballonlari sonining ozligi bilan izohlashadi. Ayni paytda viloyatda salkam 400 ming xonadon maishiy gaz ballonidan foydalanadi. Ularga xizmat ko‘rsatuvchi texnikalar esa 70 ta! O‘tgan yili 55 ta edi. Gaz tarqatish bo‘yicha viloyat filiali ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxirigacha yana 10 ta transport olinadi. Bu ham muammoni biroz yengillatishi mumkin, ammo butunlay bartaraf etolmaydi. Xuddi shunday maishiy gaz ballonlariga ehtiyoj hali butunlay qondirilgan emas. Yil oxirigacha aholiga salkam 15 mingta gaz balloni yetkazish rejalashtirilgani quvonarli. Agar reja amalga oshsa, albatta.
Ana shu muammolar oqibatida bugun aholiga o‘z vaqtida suyultirilgan gaz yetkazib berilmayapti. Joriy yil 1 avgustdan e’tiboran bir kilogramm suyultirilgan gaz narxi 800 so‘m etib belgilandi. Aholi esa vaqtida yetkazilmagan suyultirilgan gazni avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan sotib olishga majbur bo‘lmoqda. Keyingi vaqtlarda propan narxi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 3500-3700 so‘mga chiqib ketdi. Aholi maishiy gaz ballonlarini ana shu narxlarga to‘ldirayotgani ham og‘ir, ham alamli. Mutasaddilarning bunga yechim topishlariga umid qilamiz.
Anvar MUSTAFOQULOV,
"Zarafshon" muxbiri.