Jomboydan 896 yil sanasi yozilgan qadimiy tanga topildi, deb taxmin qilinmoqda

Jomboy tumani hududida tepaliklar ko‘p uchraydi. Ular aslida olis o‘tmish yodgorliklari. Yaqinda Nogahon mahallasida bo‘ldik. Yakonshayx qabristoni yonidagi tepalikni qazish chog‘ida qadimiy tangalar topilibdi.

Mahalliy aholining aytishicha, Payariq tumanidagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmui qurilishi uchun bu yerdan tuproq olib ketilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, qazishma joyidan qadimiy sopol parchalari, mis tangalar topib olingan.

Tangalar shaklan bir xil emas. Qirrasi aniq tartibga solinmagan. Sirtidagi matnlarga qaraganda, bir necha turkumga mansub. 

Taxminimizcha, temuriylar davriga oid. Bunday deyishimizga qator sabablar bor.

Avvalo, ularning birida sezilar-sezilmas 896 sanasi qayd etilgan. Katta ehtimol bilan hijriy-qamariy yil bo‘yicha zarb etilgan vaqtga ishora qilsa kerak. Milodiy hisobda esa 1491 yilga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Movarounnahrda temuriylar hukmronlik qilardi.

Boshqa tangalarda raqamlar uchramaydi. Naqshinkor arabeska uslubidagi matnlarda “fuls” va “Alloh” so‘zlari ajralib turibdi. 

Markaziy Osiyo numizmatikasini mufassal o‘rgangan olim Irpan Tuxtiyev “Temur va temuriylar sulolasining tangalari” risolasida “Amir Temur tangalarida biz arabcha, forscha, turkcha va mo‘g‘ulcha so‘zlarni o‘qiymiz”, deb yozadi. Fikrini davom ettirib, temuriylar tangasida forscha “zarb” (ﺿﺮﺏ) so‘zi ko‘p qo‘llanganini ta’kidlaydi. E’tiborlisi, tumanimizdan topilgan tangalarda ham shunga o‘xshash matn uchraydi.

Bular albatta taxminiy fikrlar. Asosiysi, Jomboy tumanida olti-yetti asr avval ham ijtimoiy-madaniy hayot kurtaklari bo‘lgan. Savdo-sotiq, pul muomalasi rivojlangan. Ushbu topilma yana bir narsani anglatadi. Tepaliklar haqiqatan ham muhim tarixiy ahamiyatga ega. Ularni tartibsiz tasarruf etish yaramaydi. 

Bu borada tadqiqotchi-mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirishadi, degan umiddamiz.

Orifjon ODILOV,

Jomboy tongi” muxbiri.