Jonli ijroda kuylaydigan san’atkor qadrlanadi
Prezidentimizning 2020 yil 26 mayda qabul qilgan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni madaniyat va san’at sohasidagi bir nechta tarmoqlar qamrab olingan. Jumladan, biz, san’atkorlarga ham juda katta imkoniyat va imtiyozlar yaratildi.
Har bir san’atkor uchun yakkaxon konsert dasturini namoyish etish, o‘z ijodidan xalqni bahramand qilish qalbidagi eng ulug‘ istaklardan biri. Ammo nufuzli madaniyat muassasalarida konsert namoyish etish anchagina mablag‘ talab etadi. Iste’dodli san’atkorlarimiz orasida butun ijodi davomida biror marta o‘z konsert dasturini namoyish etmaganlari ham bor. Vaholanki, ajoyib ijro ham, mahorat ham, sohir ovoz ham ularda bor. Xalq ularning kuylarini intizorlik bilan kutadi.
Qarorga ko‘ra, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibining joriy etilishi mana shunday iste’dodli san’atkorlarimizga bo‘lgan e’tibordir. Shuningdek, haqiqiy san’at ixlosmandlarini yana qayta san’at olamiga jalb etishdir. Chunki odamlar fonogramma asosidagi ijrodan charchadi. Jonli ijroni sog‘inganlar ko‘p. Oldinlari to‘ylarimizda ham san’atkorlarimiz jonli ijroda qo‘shiqlar kuylab, xalqning olqishiga sazovor bo‘lardi. Bugun esa tayyor musiqani qo‘yib, konsert berayotganlar talaygina. Ijara to‘lovidan berilgan chegirma esa iste’dodli san’atkorlarimizning ijodini yanada qo‘llab-quvvatlab, yoshlarimizga keng imkoniyatlar eshigini ochadi, deb o‘ylayman.
Ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining har yili tasdiqlanadigan kalendar reja asosida o‘tkazilish ham san’atkorlarning yil davomida o‘z ishlarini rejalashtirishlariga bir imkoniyatdir.
Bizni quvontirgani esa O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “O‘zbek maqom san’ati fakulteti” hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari negizida maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti va Respublika musiqa va san’at kolleji tashkil etilishi bo‘ldi.
Ushbu dargohlar viloyatimizning chekka hududlarida kamol topayotgan yosh sohir ovozlarning kamol topishiga zamin yaratadi.
Jahongir NIYoZOV,
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyat bo‘linmasi direktori.