Joriy yil Samarqandda 1100 gektar noyob daraxt plantatsiyasi, 200 gektarda dorivor o‘simliklar yetishtiriladi

O‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish va yog‘ochbop mahsulotlar yetishtirish jadal ko‘paytiriladi. 

Buning uchun o‘rmon fondi yerlarida, tumanlar hokimliklari zaxirasidagi yerlarda, qishloq xo‘jaligi ekinlari dala chetlarida, istirohat bog‘larida, aholi yashash punktlarida, daryo qirg‘oqbo‘yi mintaqasi muhofaza zonalarida pavlovniya va boshqa tez o‘suvchi daraxtlarni ekish va yetishtirish hajmi oshiriladi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan sug‘oriladigan yerlarni shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi ob’yektlarining qum bosishiga qarshi ixota daraxtzorlarini barpo etish ishlari takomillashtiriladi.

Ishtixon davlat o‘rmon xo‘jaligi tashkil etiladi.  

Respublika aholi punktlari va avtomobil yo‘llari atroflarini obodonlashtirish va ko‘chat ekish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan shartnoma asosida ko‘chat yetkazib berish uchun O‘rmon xujaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 100 milliard so‘m o‘tkaziladi. 

2021 yilda 1 100 gektar maydonda terak, pavlovniya, lista va bodom plantatsiyalari barpo etiladi hamda 200 gektarda dorivor o‘simliklar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Pavlovniya daraxti nihollarini yetishtirish va xomashyoni qayta ishlash maqsadida Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan avtomashinalar turar joyida yil yakunigacha issiqxona, dorivor o‘simliklarni qadoqlash va yog‘ochni qayta ishlash sexlari tashkil etiladi.