Joriy yil Samarqandga 512 dona zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalari keltirildi
Mirishkor dehqonlarimiz bejizga, “texnika dehqonning qanoti” deyishmaydi. Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan mo‘l hosil yetishtirish, aynan qishloq xo‘jaligi texnikalariga bog‘liq. Shu bois Samarqandda agroklaster korxonalari rahbarlari, fermerlar tomonidan sohaga ilmiy yondashilgan holda, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri davomida 512 dona zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari keltirildi. “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan 2020 yilning 1 dekabr holatiga qishloq xo‘jaligi va boshqa texnikalar uchun 3 milliard 711 million so‘mlikdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Shuningdek, joriy yilning 10-12 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Qishloq xo‘jaligi texnikalari va texnologiyalari” yarmarkasi va sanoat kooperatsiya ko‘rgazmasida qator agroklaster korxonalari hamda fermer xo‘jaligi rahbarlari tomonidan yangi, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish yuzasidan hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Pandemiya asoratlarini bartaraf etish yuzasidan qabul qilingan dasturlar ijrosini ta’minlashda istiqbolli loyihalar ham hayotga tatbiq etilmoqda. Unda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari parkini zamonaviy texnika vositalari bilan to‘ldirishga jiddiy ahamiyat qaratilgan.
- Kattaqo‘rg‘on tumanida keyingi uch yil davomida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish maqsadida Germaniya, Belarus, Xitoy va Turkiya davlatlaridan 113 milliard 225 million so‘mlik har xil turdagi zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari keltirildi. Shuningdek, tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 2018-2020 yillar davomida 29 milliard 65 million so‘mlik 147 dona yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilindi.
Hususan, Kattaming "Agroservis MTP" MChJ tomonidan 13 milliard 737 million so‘mlik 46 dona, "Kattaqo‘rg‘on klaster" MChJ tomonidan 49 milliard 426 million so‘mlik 150 dona, "Amina gold invest" MChJ tomonidan 20 milliard 996 million so‘mlik 183 dona yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari sotib olindi.
Zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarining elektron ro‘yxati shakllantirilib, davlat raqam belgilari bilan ta’minlanmoqda.
Bulardan ko‘zlangan maqsad aholini sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.