Samarqandda 24 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiya o‘rnatiladi
Joriy yilda viloyatda 24 ming 118 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Jumladan, 20 ming 162 gektar maydonda tomchilatib, 100 gektar maydonda yomg‘irlatib, 2960 gektar maydonda egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish hamda 9 ming 800 gektar maydonni lazer uskunasi yordamida tekislash mo‘ljallangan.
Bugungi kunda 20 ming 212 gektar maydonda ana shunday texnologiyalarni o‘rnatish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan klaster va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida shartnomalar tuzilgan hamda qurilish ishlari boshlangan.
Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev ishtirokida Samarqand shahrida qurilish tashkilotlari hamda tashabbuskor klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni kengaytirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarda ma’lumot berildi.
- 2021 yilda respublikamizda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlari besh barobarga ko‘paytiriladi, - dedi Sh.Hamroyev. - Jami suv tejaydigan texnologiyalar bilan ta’minlangan maydon 430 ming gektarga yetkaziladi. Suvni tejash hisobidan 90 ming gektar yangi yer o‘zlashtiriladi.
Seminarda suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari, ushbu texnologiyalarni joriy etganlarga davlat tomonidan subsidiya berishning yangi tartibi tushuntirildi.
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi axborot xizmati.