Kattaqo‘rg‘onda chigit yangicha usulda ekilmoqda
Kattaqo‘rg‘on tumani paxtakorlari bu yil birinchi marotaba soatiga 179 ming dona urug‘ qadaydigan zamonaviy pnevma seyalkalarida chigit ekishni boshladi.
Joriy yilda 10 ming 974 gektar maydonda paxta xomashyosi yetishtirishni reja qilgan tuman paxtakorlari ekiladigan urug‘lik chigitni to‘liq Germaniyada ishlab chiqarilgan dorilar bilan ishlov berib, gektariga 100 kilogramm kaliy, 200 kilogramm 46 foizli fosfor bilan ekishmoqda.
2020 yilgi chigit ekish tadbirlari tumandagi Muhammad Sayfullayev fermer xo‘jaligi dalalarida o‘tkazildi.
- Yangi turdagi chigit ekishning afzalligi avvalgi usullardan tubdan farq qilib, odatiylaridan ber necha bor samarali va chigitni bexato ekishi bilan ahamiyatli, - deydi tuman hokimi A.Bahromov. - Bu albatta kuzda hosil sifati va salmog‘iga ta’sir ko‘rsatadi. Hozir barcha hududlarda karantin joriy etilgan bo‘lsa-da, dehqon-fermerlarimiz xalqimizning ertangi rizqi uchun bugun daladagi yumushlarini ado etishmoqda. Dehqonning bugungi mehnati ertaga albatta samarasini beradi.
Shundan so‘ng tumandagi barcha fermer xo‘jaliklarida chigit ekish ishlari boshlandi.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.