Jurnalistlar uchun bojxona postiga press-tur uyushtirildi

Samarqandda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarni tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona sohasida joriy qilingan qulaylik va yengilliklar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur o‘tkazildi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi hamda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari dastlab “Ulug‘bek” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo‘lib, bu yerdagi ish jaryonlari bilan tanishdi.

Bojxona posti boshlig‘i, bojxona xizmati podpolkovnigi Rustam Axmedjonov keyingi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlar, tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar hamda bojxona posti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

– Tadbirkorlik sub’yektlariga qulaylik yaratish, ularning vaqtini tejash hamda bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni o‘rtacha vaqtini qisqartirish maqsadida “Ulug‘bek” tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) bojxona posti tarkibida “Kattaqo‘rg‘on” bojxona punkti hamda “Zarafshon” va “Jomboy” temir yo‘l stansiyalari hududida bojxona punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi R.Axmedjonov. – Bizning post va punktlarimiz tomonidan viloyatda mavjud 12 temir yo‘l bekati orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan va olib chiqilayotgan hamda tranzit harakatlanayotgan tovarlar ustidan samarali bojxona nazorati amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 9 oyida postimizning tashqi savdo aylanmasi 609,63 million, jumladan, eksport 62,45 million AQSh dollarini tashkil qildi. Buni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qiyoslasak, qirq foiz (173,52 million dollar) o‘sishga erishilganini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, davlat byudjetiga tushumlar 2018 yilning shu davriga nisbatan 113,17 milliard so‘m yoki 54,7 foizga ko‘paydi.

Ushbu davrda o‘tkazilgan bojxona ko‘riklari bo‘yicha 4337 ta dalolatnoma rasmiylashtirildi. Bu jarayonda 14 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, qiymati 856,5 million so‘mga teng bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi farmoni talablariga asosan bojxona rasmiylashtiruvi vaqti to‘g‘risidagi statistik axborot har oyda barcha bojxona postlari kesimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Respublikaning 53 ta TIF bojxona postlari orasida joriy yilning yanvar oyida tovarlarni “import” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun sarflangan vaqt bo‘yicha (2:44:55) “Ulug‘bek” TIF bojxona posti birinchi o‘rinni, fevral oyida esa ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda bojxona hujjatlari rasmiylashtiruvi jarayonining takomillashtirilishi, sohada zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanilishi tufayli ilgari bir necha kun davom etadigan hujjat rasmiylashtirish ishlari ayni paytda bir necha soat va sanoqli daqiqalarda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2018 yil 1 iyuldan boshlab TIF ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan, bojxona yuk deklaratsiyalarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Natijada 2018 yil iyul-dekabr oylarida TIF ishtirokchilari tomonidan 15,5 foiz, broker tashkilotlar tomonidan 84,5 foiz bojxona yuk deklaratsiyalari to‘ldirilib, bojxona organlariga taqdim qilingan bo‘lsa, 2019 yil yanvar-sentyabr oylarida bu ko‘rsatkich mos ravishda 24 va 76 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda viloyatda turli xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan ta’sis etilgan 34 ta bojxona omborlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 25 tasi ochiq turdagi va 9 tasi yopiq turdagi bojxona omborlari hisoblanadi.

Press-tur qatnashchilari “TEMUR SERVIS PLUS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ochiq turdagi bojxona ombori hamda “Sam-Antep-Gilam” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli yopiq turdagi bojxona omborida ham bo‘ldi.

OAV vakillariga mazkur bojxona omborlarining faoliyati, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Taddir davomida ishtirokchilar sohadagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar, soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi mexanizmining faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.