Kadastr yig‘ma jildini tadbirkorlar ham tayyorlashi mumkin
Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan xususiy sektorlar faoliyatini kengaytirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va biznesni rivojlantirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Qarorga asosan endilikda kadastr yig‘ma jildini tayyorlash huquqi ham xususiy sektorga beriladi. E’tiborlisi, birlamchi kadastr yig‘ma jildini tayyorlash onlayn amalga oshiriladi va kadastr agentligi tomonidan monitoring qilinadi. Bunda kadastr muhandisi yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzib yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlashi mumkin. Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun narxlar mustaqil belgilanadi.
Prezidentimizning 2019 yil 5 apreldagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti joriy etilgan edi. Davlat rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi qarori bilan kadastr ishlarini bajarishda Toshkent viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan mazkur tajriba-sinov muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Bu jarayonda oldin faqat ko‘chmas mulk va u haqda tuzilgan bitimlar asosida qayta ikkilamchi kadastr hujjatini tayyorlash vakolati berilgan edi.
Prezidentimizning mazkur qarori asosida 2021 yil 1 apreldan boshlab kadastr agentligi tomonidan beriladigan malaka shahodatnomasiga ega ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandislariga, shu jumladan, ko‘chmas mulk ob’yektlariga birlamchi kadastr yig‘ma jildini tayyorlash huquqi ham berildi. Bu borada, ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr yig‘ma jildini, shu jumladan, birlamchi kadastr yig‘ma jildini tayyorlash jarayonlari maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi hamda kadastr agentligi tomonidan monitoringi olib boriladi.
Xo‘sh, qaror bilan nimalar o‘zgaradi, sohaga qanday yangiliklar joriy etiladi?
Bugungacha bo‘lgan tartibda kadastr muhandislariga hujjatlarning faqat ikkilamchi qismini tayyorlashga vakolat berilgan edi. Mazkur qaror bilan birlamchi, ya’ni yangi qurilgan uylarning kadastr yig‘ma jildini tayyorlashga ham ruxsat beriladi.
Shuningdek, ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi o‘z faoliyatini yuridik shaxslar (rieltorlik tashkilotlari) bilan mehnat shartnomasini tuzish orqali yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Eng muhimi, ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr yig‘ma jildini, shu jumladan, birlamchi kadastr yig‘ma jildini tayyorlash bo‘yicha xizmatlar uchun narxlar tadbirkorlik sub’yekti tomonidan mustaqil ravishda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan minimal stavkalardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Kelib tushadigan mablag‘ to‘liq hajmda uning tasarrufida qoladi.
Azamat NIShONOV,
Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari.