"Kansler qayerda?" Germaniya matbuoti yangi kanslerning Ukraina masalasidagi sukutidan g‘azablanmoqda
Angela Merkel kansler lavozimini tark etgach, Germaniya Yevropa diplomatik maydonidagi dominant rolini asta-sekin yo‘qota boshladi. Masalan, boshqa G‘arb davlatlari Ukraina inqirozini hal qilishda faol ishtirok etayotgan bir paytda, Merkel o‘rniga kelgan Olaf Shols sukut saqlamoqda va bu uchun qattiq tanqidga uchramoqda. Nemis matbuotidagi maqolalardan birida "Olaf Shols qayerda?" deb so‘ralsa, mashhur Der Spiegel nemis jurnali uning "yo‘qolib qolish san’ati"ni masxara qildi.
7 fevral, dushanba kuni kansler Shols Jo Bayden bilan uchrashish uchun AQShga jo‘nab ketdi, bugun, 8 fevral kuni esa Fransiya va Polsha prezidentlari Emmanuel Makron va Anjey Duda bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Nemis diplomatiyasidan nima kutish mumkin?
G‘arbga sadoqat
Germaniya kansleri faol "telefon diplomatiyasi" bilan shug‘ullanishdan o‘zini chetga olmoqda. Germaniya ham Ukrainaga qurol yetkazib berishdan bosh tortib, yaqinda atigi 5000 dona dubulg‘a taklif qildi xalos. Shuning uchun Vashingtonda "eng muhimi, Shols uchun Berlin G‘arb ittifoqiga sodiq qolishini va prinsipial jihatdan o‘z yuzini ko‘rsatish bo‘ladi", deb hisoblaydi amerikalik ekspertlar.
"O‘tgan hafta Germaniyaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Emili Xaber Berlinga eslatma yozdi va Germaniya obro‘siga katta zarar yetkazilishi haqida ogohlantirdi", deb yozadi New York Times. "Gap nafaqat ommaviy axborot vositalarda, balki shubhalana boshlagan kongressmenlarda. Elchining yozishicha, ko‘pchilik respublikachilar fikricha, «Berlin gaz olishni davom ettirish uchun “Putin bilan «ishqiy munosabat»ga kirishgan”.
Endi Shols bunday shubhalarni yo‘q qilishi kerak va ehtimol unga Ukrainani chetlab o‘tib, Yevropaga gaz yetkazib berishga mo‘ljallangan Rossiyaning "Shimoliy oqim-2" gaz quvuriga qarshi sanksiyalar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirishiga to‘g‘ri kelar.
Merkelga taqlid
Garchi tashqi siyosat hech qachon Sholsning ustun tomoni bo‘lmagan bo‘lsa-da, endi nemis saylovchilari uning o‘z qadr-qimmati va qanday chiqishini orziqib kutmoqda. U ko‘pincha parda ortida ishlashni afzal ko‘rgan Angela Merkel uslubiga taqlid qilishga harakat qilayotgan ko‘rinadi. Biroq uni hech ham “ko‘rinmas” deb aytib bo‘lmas edi, deya xulosa qiladi gazeta.
Ukrainadagi pozitsiya
Germaniya Ukrainaga yetarlicha yordam bermagani haqidagi tanqidlarga javoban Shols, Germaniya "Ukrainani iqtisodiy jihatdan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlaganini" aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Germaniya inqirozli hududlarga qurol eksport qilish bo‘yicha qat’iy mezonlarga amal qilgan holda so‘nggi yetti yil ichida Ukrainaga 2 milliard dollar ajratgan.
Xullas, AQSh va Buyuk Britaniya Ukrainaga qurol-yarog‘ yuborgan bir paytda Germaniya qurol berishdan bosh tortdi. O‘zlarining koalitsiya kelishuvida markaziy chap SPD, Yashillar va neoliberal erkin demokratlar inqirozli hududlarga qurol yetkazib berilishini oldini olish uchun cheklovchi qurol eksporti siyosati to‘g‘risida kelishib olishdi.
Shu bilan birga, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba germaniyalik hamkasbi Annalena Burbok bilan muzokaralar chog‘ida qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha potensial yechim topilganini aytdi.
"Biz nafaqat Germaniya u yoki bu sabablarga ko‘ra nimadir qila olmasligi, balki Ukrainani qo‘llab-quvvatlash harakatlari haqida gaplashdik. Gap xususan, mudofaa va xavfsizlik sohasida bordi. Bu ochiq suhbat bo‘ldi, pozitsiyalarimiz haqiqatdan ham farq qilsada, lekin vazifamiz - yechimlar izlash. Bugun biz tutash nuqtalar va yechim loyihasini topdik deb o‘ylayman. Endi Germaniya hukumati qadamini kutaman", dedi Kuleba.