Karantin cho‘zilib ketsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelmaydimi?
— Yo‘q, hech qanday yetishmovchilik bo‘lmaydi, deb javob berdi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda.
Chunki janubiy viloyatlardagi mirishkor dehqonlarimiz dalalarida aprel oyidan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari ichki bozorlarimizga yetkazib berila boshladi.
Shuningdek, respublikaning barcha hududlaridagi issiqxonalarda pomidor, bodring, shirin qalampir va baqlajon mahsulotlari uzuluksiz ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda respublika hududlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmi kundan-kunga ortib borishi natijasida ichki va tashqi bozorlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi.
Tibbiy me’yorlar bo‘yicha aholining meva-sabzavotlarga bo‘lgan talabi 10 million 300 ming tonnani, shundan kartoshka 1 million 784 ming tonna, sabzavotlar 4 million 440 ming tonna, mevalar 2 million 479 ming tonna, uzum 593 ming tonna, poliz mahsulotlari 583 ming tonna, dukkaklilar 115 ming tonna, guruch 332 ming tonnani tashkil etadi.
2020 yilda 24,8 million tonna (2019 yilga nisbatan 125 foiz ko‘proq) 88 turdagi meva-sabzavotlar, shundan 42 turdagi 12,9 million tonna sabzavot, 5 turdagi 2,5 million tonna poliz, 3,5 million tonna kartoshka, 27 turdagi 3,3 million tonna mevalar, 3 turdagi 1,9 million tonna uzum, 4 turdagi 630 ming tonna dukkakli va 6 turdagi 139 ming tonna moyli mahsulotlar yetishtirish belgilab olindi.
Aholi talabi va eksport imkoniyatlarini hisobga olib, yetishtirilgan mahsulotlarning 10,3 ming tonnasi aholi iste’moliga, 3,2 million tonna qayta ishlashga va 2,3 million tonnasi eksportga yo‘naltiriladi.