Karantinda «Oq kema»ni o‘qidim. Siz-chi?
Mana, hozirgina Chingiz Aytmatovni "Oq kema" asarini o‘qib tugatdim. Rosti, bu asarni birinchi marta mutolaa qilmayapman. Ammo har gal qo‘limga olganimda obrazlarning yangi-yangi xarakterlarini kashf etaman.
Chingiz Aytmatov asarlarida tabiat juda chiroyli aks ettiriladi. Barcha asarlarida qirg‘iz xalqining o‘ziga xos urf-odatlarini, qadriyatlarini tarannum etadi. Hayotiy voqelik borligi uchun ham kitoblarini qayta-qayta o‘qigingiz keladi.
"Oq kema" asari Mo‘min chol nevarasining ichki kechinmalari, his-tuyg‘ulari sizni o‘ylashga majbur etadi. Bolakay bobosining qo‘lida voyaga yetmoqda. Aniqrog‘i, ota-onasi tashlab ketgan. Uyda unga yaqin inson birgina bobosi. Lekin, bolakayni do‘stlari yo‘q. Uning do‘stlari toshlar. Har bir toshning o‘z nomi bor "tank", "tuya", "bo‘ri", "egar". Uning eng qadrli narsasi durbin va portfel. U bular bilan ko‘ngil kechinmalari, dardlarini, orzularini bo‘lishadi. Yozuvchi nega aynan jonsiz narsalarni tanlagan "tosh", "portfel"? Asarda "portfel" - ilmga intilish timsoli bo‘lsa, tosh - sabr, qanoat timsolidir.
Qahramonning ikkita ertagi bor: biri bobosi aytib bergan, ikkinchisi o‘zining o‘ylab topgani. Bobosi unga shoxdor ona bug‘u haqidagi rivoyat orqali milliy qadriyatlarni hurmat qilishni, asrab-avaylashni tushuntiradi. Bolakayning ham o‘z xayollari, o‘z dunyosi bor. U sohil bo‘yiga borib, otasi bilan xayolan suhbat quradi. Uni olib ketishiga chin dildan ishonadi. Ammo...
Asarda hozirgi kunda duch keladigan muammolar aks etgan. Bolakayni ota-onasi ajrashib ketgan, ikkalasining ham oilasi bor. Lekin o‘rtada norasida bola sarson. Hozirgi kunda ham ajrimlar ko‘paygan. Ota-ona ajrashganda farzandlari taqdiri, qalb kechinmalari o‘ylab ko‘rishmaydi. Asarda ota-onasiz voyaga yetayotgan bolalarning achchiq taqdiri, sarobga aylangan xayollari, tuyg‘ulari ifodalangan. Mo‘min cholga ham osonmas. Yuragi toza inson farzand tarbiya qilib bolalarini baxtu kamolini ko‘rolmadi. Hattoki, kuyovi qiziga qo‘l ko‘targanda, uni himoya qilolmaydi. Qalbi yig‘laydi, xolos.
Asarda O‘rozqul obrazi ham o‘ziga xos. Kitobni o‘qish jarayonida uni besabr, oilasini parokanda qilayotgan qahramon, degan xayolga bordim. To‘g‘ri, u badjahl, ziqna odam. Tirnoqqa zorlik uni yildan yilga badjahl qilib qo‘ydi. Bir qarashda bu insonda yurak yo‘qdek. Aslida...
U kuchli inson bo‘lsa-da Mo‘min cholning nevarasi uni yig‘latdi. Oldiga peshvoz chiqqan, xursandchiligini bo‘lishgan bola uning o‘g‘li emasligidan o‘kinib yig‘ladi. Bir og‘iz shirin so‘z aytishga o‘zida kuch topa olmadi.
Bolaning quvonchlariga yolg‘iz sohil, uning toshlari va olisda goh ko‘rinib turadan oq kema guvoh. Uning ertaklarini ular tinglashga qodir. Uning hayot haqidagi o‘ylari yolg‘iz ularga qiziq.
Bugun uydasiz. Qo‘lingizga kitob oling, «Oq kema»ni o‘qing. Siz ham asar bergan zavqdan bahramand bo‘lasiz.
Munisa Shamsiyeva.