Davronbek Jumaniyozov: Karantindagi fuqarolarga chetdan ovqat kiritilmaydi

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovning ta’kidlashicha, koronavirus infeksiyasi viloyatimizda tarqalishining oldini olish maqsadida joylarda karantin lagerlari tashkil etilib, xorijda bo‘lib qaytganlar va ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgan fuqarolar ustidan 14 kunlik tibbiy nazorat o‘rnatildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2020 yilning 17 martdagi “SOVID-19 koronavirus infeksiyasining Respublika hududida tarqalishining oldini olish, kasallikni to‘g‘ri tashxislash va davolash jarayonida profilaktik cheklov tadbirlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bemorlarni ko‘rgani kelgan va boshqa begona shaxslarning davolash-profilaktika muassasalariga kirishi, bemorlarni tashxislash-davolash ishlariga bog‘liq bo‘lmagan shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari taqiqlandi.

Biroq olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan, ko‘p hollarda  karantin lagerlaridagi kuzatuv ostidagilar va tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlarning yaqinlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari olib kelish hamda bemorlar holidan xabar olish maqsadida karantin ostidagi muassasalarga kirish uchun harakatlar sodir bo‘lmoqda.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda karantinda bo‘lgan fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, ularni muntazam oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilib, autsorsing tizimi orqali sifat talablari va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar yetkazib berilmoqda.

Shu sabab, viloyatimiz fuqarolarining virus keng tarqalishining oldini olish maqsadida qilinayotgan sa’y-harakatlarga rioya qilishlari, jamoat joylariga iloji boricha chiqmaslik, o‘z harakatlanishini keskin cheklashlari, asosiysi, sog‘lig‘i bilan bog‘liq zarurat bo‘lmagan hollarda tibbiyot muassasalariga bormasliklarini hamda barcha belgilangan qoida va cheklovlarga amal qilishga chaqiramiz.

Unutmang, qarindoshlar, do‘stlar, hamkasblar va boshqalar bilan aloqalarni cheklash virusning aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.