Karantindagi xonadon egalarini kim nazorat qiladi?

Shu kunlarda viloyatimizda ham Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan uy sharoitida karantinda bo‘lganlarning xonadonlariga “Karantinga olingan xonadon” mazmunidagi maxsus belgilar o‘rnatilmoqda.

«O‘zingiz va o‘zgalar salomatligiga befarq bo‘lmang!» deyiladi viloyat IIB axborot xizmati xabarida.

Bugun viloyatda uy sharoitida karantinda saqlanayotgan oilalarning nazoratini kim olib boradi? Ushbu oilalarning yashash tarzi qanday kechmoqda?

Shu kunlarda aholining bu masalaga qiziqishi ortganini elektron manzilimizga kelib tushayotgan savol, fikrlardan ham bilish mumkin. Ko‘pchilik “karantinga olingan xonadon egalarining uyidan chiqmasligiga kim kafolat beradi, ularni kim nazorat qiladi”, deb so‘ramoqda.

Mana, bir necha kundirki ko‘chamizda karantinda saqlanayotgan xonadon kechayu kunduz navbat bilan qo‘riqlanayotganiga ko‘pchilik guvoh bo‘layotir. Boshqa hududlarda ham shunday qo‘riqlov tashkil etilgan.

- Hudud profilaktika inspektori tomonidan mazkur xonadon karantinga olingani ma’lum qilingach, navbati bilan bu xonadon tashqarisida nazorat ishini olib boryapmiz, - deydi Milliy gvardiya ko‘riqlash xizmati safdor xodimi Dilshod Ja’farov.  - Ishim ertalab soat sakkizdan kechki sakkizga qadar davom etadi, kechki smenada boshqa sherigim bilan navbat almashamiz. Xonadon egalariga karantin shart-sharoitlari haqida to‘liq tushuncha berilgan. Ularning uyiga ko‘chadan boshqa birovning kirishi man etiladi, shuningdek o‘zlarining ham chiqishi mumkin emas. Ro‘zg‘or uchun oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon kerak bo‘lsa, qarindoshlardan biri olib kelib, eshik yonida qoldiradi. 14 kunlik nazoratdan so‘ng belgilangan tibbiyot xodimlari kelib, oila a’zolarining salomatligini tekshirgach, keyingi choralar ma’lum bo‘ladi.

Ayni paytda nafaqat karantinga olingan xonadon a’zolari, balki barchadan talab qilinadigani shu: ko‘chaga chiqmaslik, uyda qolish. Bunday cheklov o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligi uchunligini unutmaylik!

G.MO‘MINOVA.