Karmana “karmeno”mi yoki “katta manzil”mi?
Buxoro So‘g‘dining sharqiy chekkasida, Samarqand va Buxoro o‘rtasida, qadimiy “Shoh yo‘li” ustida joylashgan Karmana muhim markaz sifatida yirik iqtisodiy va harbiy strategik ahamiyatga ega bo‘lgan. Karmana shimolda Nurotaning Qoratog‘ tizmalari, shimoli g‘arbda Qizilqum, janubda esa Ziyovuddin-Zirabuloq tog‘ tizmalari, sharqda hosildor bog‘lar bilan o‘ralgan, geografik jihatidan juda qulay hududda joylashgan.
Karmananing qadimiy shahar, hunarmandu savdogarlar ko‘p istiqomat qilgan kent ekanligi haqida ma’lumotlar saqlangan. Narshaxiy “Buxoro tarixi” kitobida Karmanaga ta’rif berib, “Karmana Buxoro qishloqlari jumlasidan bo‘lib, unda masjidi jome’ barpo etilgan, adib va shoirlari ko‘p bo‘lgan” degan qimmatli ma’lumotlarni qoldirgan. Shuningdek, As-Somoniy, Istahriy, Muqaddasiy, Yaqubiy asarlarida karmana iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlangan markaz sifatida tilga olingan. Taniqli geograf olim, atamshunos Suyun Qarayev Karmanani “Xarimankent”, ya’ni “Katta manzilli kent” shaklida tilga olgan. Rivoyatlarga ko‘ra, makedoniyalik Aleksandr Buxoro yerlarini bosib olib, Nur qal’asidan Zarafshon daryosi tomon kelayotganda, baland qir ustidan daryo sohilidagi go‘zal, xushmanzara kentni ko‘rib, unga mahliy bo‘lib, “Karmeno” deb yuborgan. “Karmen” grekcha so‘z bo‘lib, “go‘zal” degan ma’noni bildiradi. Boshqa manbalarga ko‘ra esa, arablar bu joylarni ko‘rib, “Ka Arminiya” – “Armanistonga o‘xshash go‘zal joylar” deb nomlagan ekanlar.
Akademik A.Muhammadjonov “Karmana” atamasiga quyidagicha ta’rif beradi: “karmana” aslida sug‘dcha so‘z bo‘lib, “Har-man-a» shaklida bo‘lgan. “Xar – katta, man - manzil” degan so‘zlardan olingan bo‘lib, “Katta manzil” degan ma’noni anglatadi. M.Ishoqovning aytishiga qaraganda, Karmana miloddan avvaligi birinchi ming yillikda paydo bo‘lgan. Karmana avval “Har – miyona” shaklida bo‘lgan. “Har – katta, ulug‘, miyona – o‘rtasi” degan sug‘dcha so‘zlardan olingan bo‘lib, “Katta, ulug‘ yo‘lning o‘rtasi” degan ma’noni ham anglatgan. Karmana dastlab 712 yilda eronlik At Tabariyning “Payg‘ambarlar va hukumdorlar tarixi” nomli asarda, keyinchalik noma’lum mullif tomonidan 983 yilda yozilgan “Olam chegaralari” nomli asarda tilga olingan.
2022 yilda Karmana tarixini har tomonlama chuqur o‘rganish, bu shaharning yoshini aniqlash maqsadida Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining ilmiy xodimlari tomonidan Karmana shahri hududida joylashgan Chillatepa, Kunjaktepa va Burquttepa yodgorligini tarkibiy qismlari bo‘lgan ark, shahriston va rabod qismlarini chegarasini aniqlash maqasadida qazuv ishlari olib borildi. Burquttepa yodgorlik to‘g‘risidagi biriichi kisqacha ma’lumot 1934 yidda o‘tkazilgai Zarafshon ekspeditsiyasining boshlig‘i A.Yakubovskiy tomonidan qoldirilgan. Uning yozishicha, yodgorlik ark (kuhandiz), shahriston va rabotdan iborat bo‘lgan.
1986 yilda yodgorlikning sxematik plani tuzilgan va uning ustidan terib olingan arxeologik topilmalar asosan Burquttepada eramizdan avvalgi III-II asrlardan to o‘rta asrlargacha odamlar yashaganligi ko‘rsatadi.
Keyingi yillarda arxeolog olim Muhiddin Xo‘janazarov boshchiligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida arkning 8 metr kenglikdagi mudofaa devori ochib o‘rganildi va shu bilan birga, arkning shimoliy qismda olib borilgan qazishma ishlari natijasida bu yerda yodgorlikning eramizdan avvalgi IV-III asrlariga tegishli arxeologik topilmalar bilan birga yerto‘laga o‘xshash uy-joyning qoldig‘i topilgan. Yodgorlik shahristonida (hozirda qabristonga aylantirilgan) olib borgan qazishmalar natijasida X-XIII asrlarga oid ko‘plab kulolchilik idishlari va pishiq g‘ishtlar, tegirmon toshlari topilgan.
2022 yilda Burquttepa yodgorligi rabot qismi hududini aniqlash maqsadida uning arkdan 20 metrlar janubda shurflar tashlanib, bu yerda aralash qatlamlar qayd etildi. Ya’ni, Karmana shahri hududida so‘nggi o‘rta asrlardan boshlab olib borilgan qurilish ishlari davomida rabot qismi to‘liq o‘zlashtirilganligi kuzatildi. Shu bilan birga arxeologlar Karmana shahrining atrof hududlarida joylashgan qishloq makonlarini o‘rganish va shu orqali shahar va qishloq o‘rtasidagi munosabatlarni aniqlashga e’tibor qaratdilar. Jumladan, Chillatepa yodgorligi ko‘shkining janubiy chekkasidan 2,8x7,5 metr o‘lchamdagi va uning manzilgohini janubiy chegarasida 3x5,5 metr va 2,5x3,75 metr kattalikdagi maydonda qazish ishlari olib borildi. Tadqiqotlar natijasida ko‘shk hududidagi qazishmada antik davrdan to XII asrlargacha bo‘lgan davr moddiy madaniyat namunalari aniqlandi. Bu yerda o‘rganilgan madaniy qatlamlar ketma-ketligiga ko‘ra, qazishmada ochib o‘rganilgan devorlar beshta qurilish davriga taalluqli ekanligi aniqlandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, manzilgoh so‘nggi antik davrda shakllangan bo‘lib, ushbu davr madaniy qatlamlari ustida ilk o‘rta asrlarga tegishli xom g‘ishtdan qurilgan mudofaa devor qoldiqlari ochib o‘rganildi. Mudofaa devori xom g‘ishtdan so‘nggi antik va eramizning V-VI asrlarga tegishli madaniy qatlam ustiga qurilgan bo‘lib, uning saqlanish balandligi bir metr, qalinligi 1,85 metrni tashkil qiladi.
Ilk o‘rta asrlarda inqirozga uchragan Chillatepa qishloq makoni XI-XII asrlarda, ya’ni qoraxoniylar davrida qayta o‘zlashtirilganligi aniqlandi. Xususan, bu borada yuqori qatlamlari orasida ushbu davrga oid pishiq g‘isht, kulollik idishlar isbotlab turibdi. Bundan tashqari shahar chekkasidagi Kunjaktepa yodgorligida ham tadqiqot ishlari olib borilib, uning shimoli-g‘arbiy tomonida 2x11,5 metrli va yodgorlikning g‘arbiy tomonidan 8 metr uzoqlikda 2x3 metr o‘lchamda shurf qazib o‘rganildi. Yodgorlikning shimoli-g‘arbiy hududida qazilgan qazishmada ilk o‘rta asrlarga oid 4 ta qurilish davriga tegishli paxsa va xom g‘isht aralash mudofaa devor qoldiqlari va uning ichki tomonida paxsa devorli turar-joy o‘rni qoldiqlari ochib o‘rganildi. Xonalardan birida yonma-yon joylashgan 2 ta xo‘jalik o‘ra qoldiqlari aniqlandi. Ushbu o‘ralardan biri xona polning ustiga qurilgan bo‘lsa, ikkinchisi xona pol qismini kesib tushirilgan va uning saqlangan qismi chuqurligi 20 santimetrgacha boradi. Ushbu qazishma ishlari jarayonida mudofaa devori orasida so‘nggi antik davrga tegishli qadah, qizil angob bilan bo‘yalgan kosa va xurmacha idish bo‘laklari qayd etildi.
Qishloq makonlarida aniqlangan kulollik idishlar o‘zining tayyorlanish texnikasi hamda texnologiyasining yuqori sifatliligi bilan ajralib turadi. Bu o‘z navbatida ushbu idishlarni shahar hunarmandlari yasaganligidan dalolat beradi.
Karmana tumani hududidagi arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatga olish va shu asosda hududning antropogen landshaftining o‘zlashtirish joriy yilda ham davom ettiriladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-son qarorida 28 ta arxeologik yodgorliklar qayd qilingan bo‘lsa, tadqiqotlar davomida yana o‘ndan ziyod arxeologik yodgorliklar o‘rni aniqlandi. Bundan tashqari, o‘ndan ortiq mozorqo‘rg‘onlar jamlanmasida 200 dan ziyod mozorqo‘rg‘onlar aniqlandi va ularning koordinatalari belgilab olindi. Ayni vaqtda 1970-1980 yillarda buzilib ketgan 3 ta yodgorlik o‘rni qayd etildi. Tumanning janubiy hududida esa ilgari noma’lum bo‘lgan qoyatosh suratlari ro‘yxatga olindi.
2023 yilda Karmana tarixini har tomonlama chuqur o‘rganish, bu shaharning yoshini aniqlash bo‘yicha GPR (georadar) va magnitometr yordamida Burquttepa yodgorligini tadqiq etish va shu asosda yodgorlikning to‘liq topografiyasini hamda tuman arxeologik yodgorliklari ro‘yxatini shakllantrish maqasadida arxeologik qidiruv ishlarini davom ettirish va shu asosda hududning o‘zlashtirish dinamikasini yoritish maqsad qilingan.
Komil RAHIMOV,
Muminxon SAIDOV,
Azbiddin XOLMATOV
Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya
instituti ilmiy xodimlari.