Kasb-hunarga tayyorlash markazlarida stipendiya beriladi, ammo har kimga ham emas
Bu gapga izoh viloyat Matbuot uyida viloyatda yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida berildi.
Ta’kidlanganidek, viloyat bandlik bosh boshqarmasining 2021 yil davomida kasbga o‘qitish rejasi 6036 ta bo‘lib, shundan yanvar-mart oylarida 3635 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunar o‘qitishga jalb etildi.
Viloyatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida bittadan kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda 16 ta tuman va shaharlardagi mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari faoliyat yuritmoqda. Ularda 4 ming nafarga yaqin band bo‘lmagan aholi kasb-hunar o‘rganyapti.
- Kasb-hunarga tayyorlash markazlarida stipendiya beriladi, ammo har kimga ham emas, - deydi boshqarma boshlig‘i Isroil Jabborov. - Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, band bo‘lmagan fuqaro “ishsiz” yoki “ish qidiruvchi” shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi. “Ishsiz” shaxslarga stipendiya to‘lanadi, ish qidiruvchi shaxslarga esa to‘lanmaydi.