Ishga joylashishda qanday to‘siqlar bor: malakami yoki bo‘sh ish o‘rinlar yetishmasligimi?
2000 yillarning boshlarida birinchi marta ish qidira boshlagandim. Sinfdoshlarim bilan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga borib, munosib ish topishga harakat qildim. Katta stendda mayda harflarda bosilgan telefon raqamlarini yozib olib, muassasalarga qo‘ng‘iroq qila boshladim. Ketma-ket telefon raqamlar terayotib, tobora o‘zimga munosib ish topish imkoniyatim kamligini tushuna boshlaganman. O‘shandan beri 20 yil o‘tdi. Ish qidirish tizimi o‘zgardi, ammo ayrim korxonalar tomonidan taqdim etilgan ish o‘rni bo‘yicha ma’lumotlarning nomigagina ekani bilan bog‘liq muammo hali ham yo‘q emas.
Ish qidirishni nimadan boshlash kerak?
Ish qidirayotganda birinchi masala bu – bo‘sh ish o‘rinlarini qayerdan va qanday topishdir. Oldin bo‘sh ish o‘rinlari yarmarka va bandlikka ko‘maklashish markazlari orqali qidirilgan bo‘lsa, XXI asrga kelib buni onlayn tartibda amalga oshirish imkoniyati tug‘ildi.
Bir necha yil avval mamlakatimizda https://ish.mehnat.uz onlayn ish qidirish platformasi ishlab chiqildi. Bu yerda hudud va sohani tanlab, o‘z mutaxassisligingiz bo‘yicha ish topishingiz mumkin. Elektron ma’lumotlar bazasida viloyat bo‘yicha 20 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari mavjud, biroq yagona kamchilik shundaki, har safar qidiruvni yangilash va hududni filtrlash kerak. Ushbu tizim orqali men sog‘liqni saqlash sohasini tanlab, hamshiralikka ish qidirishga qaror qildim.
Nega aynan hamshiralikni tanladim? Chunki, bu kasbda ishlamoqchi bo‘lganlar oz emas, talab yuqori. Hatto odamlar o‘rtasida bu mutaxassislik bo‘yicha "shapkasiz" ish topishning deyarli iloji yo‘q, degan fikr shakllangan.
Jurnalist o‘z kasbini o‘zgartirdi
Saytni ochib, hamshiralik ishini qidira boshladim. Saytda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari, jumladan, 76 ta hamshiralikka bo‘sh ish o‘rni keltirilgan. Bunda asosiy ish beruvchilar xususiy klinikalar bo‘lib, ozroq davlatga qarashli ish beruvchi tashkilotlar ham bor ekan.
Birinchi e’lon - hamshira kerak bo‘lgan OOO "TADJIYEVA ALLERGO-MEDICAL SERVICE" MChJga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimga tushdim.
Keyingi qo‘ng‘iroqlar ham besamar ketdi. Viloyat perinatal markazining telefon raqami esa umuman javob bermadi. Endokrinolog hamshira talab qilinayotgan Samarqand shahridagi 10-sonli poliklinikada ham xuddi shunday holat ro‘y berdi.
O‘nlab raqamlarga qo‘ng‘iroq qilar ekanman, bo‘sh ish o‘rinlari shunchaki joylashtirilgan, degan xulosaga keldim. Tashkilotlarning bunday harakatini qanday tushunish mumkin? Ehtimol, ularga bunday qilish buyurilgandir, degan fikr ham uyg‘ondi menda.
Ammo sa’y-harakatlarim besamar ketmadi. Nihoyat Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi klinikasida suhbatga yozilishga muvaffaq bo‘ldim. Ular bir vaqtning o‘zida bir nechta e’lonlarni saytga joylashtirgan ekan.
Suhbatga mendan tashqari tibbiyot kolleji bitiruvchisi, besh yildan buyon o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmayotgan, shahar supermarketlaridan birida kassir bo‘lib ishlayotgan Surayyo Xolmurodova ham bor ekan.
– Kollejni tamomlagach, darhol ish izlay boshladim, lekin har gal rad javobini berishdi, – deydi o‘z kasbida ishlash orzusida yurgan Surayyo. – Men xususiy klinikalar, amaliyot o‘tagan joyim - viloyat perinatal markazi, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bolalar jarrohlik klinikasidan ish qidirdim.
Sababini bilgach, aksariyat ish beruvchilar huzuriga ish izlab kelganlarga uzil-kesil bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini aytishadi. Lekin suhbat o‘tkazadiganlari ham bor. Achinarlisi, "mutaxassis"larning aksariyati o‘z mutaxassisligi bo‘yicha oddiy savollarga ham javob bera olmaydi.
Malakaning pastligi ish topishga xalaqit beradi
Ertasi kuni Surayyo bilan Samarqand davlat tibbiyot universiteti qoshidagi viloyat bolalar xirurgiyasi klinikasiga bordik. Kadrlar bo‘limi biz bilan tanishib, bosh hamshira qabuliga – "intizor" kutilgan suhbatga yubordi. Surayyoni suhbatga taklif qilishdi. Ammo afsuski, qiz u yerdan xafa bo‘lib chiqdi.
"Men oddiy savollarga javob bera olmadim, menga beshta savol berishdi, faqat bittasiga javob berdim. Ishga qabul qilinmaganimga o‘zim aybdorman. Balki hozirgi ishimni tashlab, keyingi suhbatga yaxshilab tayyorlanishim kerakdir", dedi qiz ranjib.
– Tajriba va malakaning yetishmasligi u qadar dahshatli emas, eng achinarlisi, o‘z mutaxassisligini yaxshi bilmaslik, – deydi Respublika tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi Samarqand filiali direktori X.Egamov. – Bizga ko‘pincha ishga tayyor bo‘lmagan, hatto boshlang‘ich bilimga ega bo‘lmagan hamshiralar malaka oshirish uchun kelishadi. Tabiiyki, shuning uchun ham ularni ishga olish rad etiladi. Ish beruvchilar esa malakali mutaxassislarga muhtoj, men ishonamanki, o‘z kasbini astoydil o‘rgangan, malakali hamshira har doim o‘ziga ish topa oladi.
So‘rovnoma natijalari: bo‘sh ish o‘rinlari bilan bog‘liq muammo hali ham mavjud
Bir necha kun avval https://t.me/zarnews_uz/65522 telegram kanali orqali viloyatimiz aholisi qanday qilib ish topgani borasidagi fikrlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazilgandi.
Unda ikki mingga yaqin kishi qatnashdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 62 foizi “klassik uslub” (tanish-bilish orqali) ish topish eng oson yo‘li deb javob berishgan. Kamroq aholi (12 foiz) samarali usul sifatida - mehnat birjasi orqali ish topish mumkin degan javobni belgilashgan. Meni so‘rovnoma ostida foydalanuvchilar qoldirgan sharhlar hayratga soldi. Sharhlarga ko‘ra, ko‘pchilik ish topishni "pul va tanishlar" hisobiga tezroq va samaraliroq, deb hisoblashadi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini tasdiqladi
Hamshira sifatida ish topish aslida oson emas. Tibbiyot kollejlari va texnikumlarni har yili 7 ming nafardan ortiq bitiruvchi tamomlaydi. Viloyatda 7 ta bunday o‘quv muassasalari bor. Ish beruvchi va bitiruvchi o‘rtasida ishga joylashtirish bo‘yicha shartnomalar tuzish tizimi yo‘lga qo‘yilgan, ammo bu ba’zan qog‘ozda qolmoqda. Aslida ish topishda juda katta muammolar mavjud.
Bu faktni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Zayniyev ham tasdiqladi:
- Har bir tibbiyot muassasasida hamshiralar uchun ta’tillar mustaqil shakllantiriladi. Bugungi kunga qadar 4600 dan ortiq hamshira mavjud bo‘lib, ularning 200 nafarga yaqini har yili ish bilan ta’minlangan. Qolganlari o‘z navbatini kutishmoqda. Ish bilan ta’minlashga tayyorgarlik darajasi pastligi, amaliy ko‘nikmalar kamligi ish bilan ta’minlanishga to‘sqinlik qilmoqda. Munosib ish topish uchun esa, albatta, har safar raqobatbardoshlik va o‘z malakasini doimiy oshirib borish talab etiladi.
Biz yuqorida keltirgan misol yagona emas. Kollejni tugatgan Surayyo kabi ko‘plab yigit-qizlar ish topa olmay sarson. Ish bilan ta’minlash masalasi esa muammoligicha qolmoqda.
Hozirda hikoyamiz qahramoni Surayyo Xolmurodova respublika sog‘lomlashtirish markazi filiali kurslarida malaka oshirmoqda.
Yaxshi tayyorgarlik va kasb mahoratini oshirishi unga orzusini amalga oshirishda yordam beradi, degan umiddamiz.
Zamira Boltayeva.