Katta daromad keltiradigan bo‘m-bo‘sh bino
Manxettendagi tepasida mashhur Yangi yil shari o‘rnatilgan “One Times Square” binosining ichi bo‘m-bo‘sh. Shunday bo‘lishiga qaramay, bu bino o‘z egalariga katta foyda keltiradi.
Bu qanday bo‘lishi mumkin?
1995 yilda ko‘chmas mulkni sotib olgan “Lehman Brothers” kompaniyasi ijarachilarning yangi - reklama beruvchilar turini taqdim etdi. 25 qavatli bino ichidagi ofislarni ijaraga berish o‘rniga ular reklama maydoni sifatida foydalanib, binoning old qismi - fasadini bilbordlar bilan to‘ldira boshladilar. Va bu ancha foydali bo‘lib chiqdi.
1997 yilga kelib, fasadni ijaraga berishdan olingan foyda 400 foizga oshdi. 16 yildan so‘ng, binoda birinchi qavatning faqat bir qismi band qilinib, unda Walgreens dorixonasi hamda har yili Nyu-York aholisi va mehmonlari uchun Yangi yil bayrami kunlari mashhur shar shousini o‘tkazadigan “Countdown Entertainment” kompaniyasining ofisi joylashdi. Aytgancha, bu shar butun yil davomida “One Times Square”da saqlanadi.
Dastlab inshoot 1905 yilning yanvar oyida unga ko‘chib o‘tgan “New York Times” gazetasi uchun qurilgan edi. Tahririyat egasi Adolf Ochs maydonga gazeta nomini berishni (Tayms-skver) taklif qildi. U yangi shtab-kvartirasini targ‘ib qilish maqsadida ushbu maydonda yarim tunda bino tomidan otilib chiqqan gulxan va mushakbozliklar bilan Yangi yil bayramini o‘tkazdi. An’ana ildiz otdi, 4 yil o‘tgach, Adolf Ochs gulxanlarni shar bilan almashtirishga qaror qildi, o‘shandan beri bu shar har yili Yangi yil arafasida jonlanadi.
2012 yilda jurnalistlar binoning hozirgi taxminiy qiymati 495 million dollar deb baholangan hujjatlarni topishdi. Agar ushbu qiymat 1995 yilda “Lehman Brothers”ga sotilgan 27,5 million dollar bilan solishtirilsa, albatta, bu juda hayratlanarli.
2017 yilda inshootning bo‘sh maydonida yangi Tayms-skver muzeyi va rasadxonasi yaratish rejalari e’lon qilindi. Hozirda ham osmono‘par binoning jabhalarida ko‘plab an’anaviy va elektron reklama taxtalari mavjud. Katta reklama daromadlari tufayli “One Times Square” birinchi elektron reklama paydo bo‘lgan dunyodagi eng qimmatli reklama platformalaridan biri hisoblanadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.