Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining qarori qalbakilashtirilgan. Oqibatda...
Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limiga X.Aminova murojaat qilib, yashab turgan uy-joyini qaynotasi Erkin Aminovga hadya qilib yuborganligini, oqibatda uydan chiqarib yuborilganligi bildirdi. Ushbu masalani qonuniy ko‘rib chiqib, hal etishda amaliy yordam berilishini so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish davomida murojaatda qayd qilingan uyga Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2008 yil 28 iyulda 340-Q-son qarori bilan Saypillo Aminov nomiga egalik huquqi tan olinganligi aniqlandi.
Masala yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar davlat arxiviga murojaat qilib, shahar hokimining 2008 yil 28 iyuldagi 340-Q-son qarori va uning qabul qilinishiga asos bo‘lgan hujjatlar nusxalarini taqdim etishini so‘radik.
Qaror soxta ekan
Taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 340-Q-son qarori 2008 yil 2 iyulda qabul qilingan ekan. Yana bir e’tiborli jihati, qaror Kattaqo‘rg‘on shahar Ingichka qo‘rg‘onchasi, Nurobod MFY, Oxunboboyev ko‘chasi, 4-uyda yashovchi fuqaro Kelsin Jo‘liyevaga voyaga yetmagan 1994 yil 29 noyabrda tug‘ilgan Mehrigul Norboboyeva Akram qiziga nisbatan vasiylik belgilash to‘g‘risida bo‘lgan. Bundan tashqari, qarorni o‘sha paytdagi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi F.Zaynuddinov imzolagan.
Kunjipay o‘tar ko‘chasi 10 uy-joyga, Saypillo Aminov nomiga egalik huquqini tan olish haqidagi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2008 yil 28 iyulda 340-Q-son qarorida esa shahar hokimi F.Zaynuddinovning imzosi yo‘q. Qarorga “asliga to‘g‘ri” deb yozilib, no‘malum shaxs imzo qo‘ygan va shahar hokimligining muhri bosilgan.
Shuningdek, bu qaror qabul qilinishiga Fuqarolik kodeksining 187-moddasi asos qilib olingan. Vaholanki, ushbu moddada mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka 15 yil davomida yoki boshqa mol-mulkka 5 yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini olishi belgilangan.
Ushbu holatlar Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2008 yil 28 iyuldagi 340-Q-son qarori qalbakilashtirilganligini tasdiqlaydi.
Fuqaro uy-joyidan ayrildi
Hokim qarorining qalbakilashtirilishi uy-joyning bir necha bor bir fuqarodan boshqasi nomiga rasmiylashtirilishiga va nizoli huquqiy oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Xususan, hokimning qalbaki qarori asosida Kattaqo‘rg‘on shahar, Kunjipay o‘tar ko‘chasi, 10 uy-joyga Saypillo Aminov nomiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan.
Saypillo Aminov esa soxta hujjatlar bilan o‘zlashtirib olgan uyni Erkin Aminovga hadya qilgan. Bu harakat Kattaqo‘rg‘on shahar davlat notarial idorasining 2010 yil 16 oktyabrdagi hadya shartnomasi bilan mustahkamlangan. Keyinchalik Kattaqo‘rg‘on shahar Kunjipay o‘tar ko‘chasi, 10 uy-joyga Erkin Aminov nomiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan.
Kattaqo‘rg‘on shahar 2-davlat notarial idorasining 2019 yil 16 maydagi vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomasi bilan asosan uy-joyga Erkin Aminovning turmush o‘rtog‘i Fotima Aminova nomiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan.
Vaholanki, bugungi kunda bu uy-joyda fuqaro X.Aminova yashab kelayotgan bo‘lgan.
Jinoyat o‘rganib chiqildi
Yuqoridagi holatlar Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etilganligini tasdiqlaydi. Shu sababli yuqoridagi holatlarni tergov va surishtiruv o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash va qayd qilingan hokim qarorining qabul qilinishida aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal etish uchun Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasiga jinoiy taklif kiritildi.
Shahar prokuraturasi tomonidan ushbu taklif hal etilishi uchun Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limiga yuborildi.
Shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisining qarori bilan Saypullo Aminovning sodir qilgan xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 228-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari bor bo‘lsa-da, muddat o‘tganligi sababli ayblilik masalasini hal qilmasdan turib, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.
Ya’ni, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2008 yil 28 iyuldagi 340-Q-son qarori qalbakilashtirilganligi tergov o‘tkazish yo‘li bilan yana bir bor isbotlandi. Muhimi, bir fuqaroning buzilgan huquqlar tiklanishiga erishildi.
A.MAMATOV,
Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi boshlig‘i.