Kattaqo‘rg‘onda ichki ishlar xodimlarining kiyimini kiyib yurgan shaxs javobgarlikka tortildi
4 fevral kuni IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari Kattaqo‘rg‘on shahri hududida joylashgan 7-son tergov hibsxonasi atrofida ichki ishlar organlari xodimlarining dala kiyimini kiyib olgan shaxs ularda shubha uyg‘otganligi sababli undan xizmat guvohnomasini taqdim etishini so‘ragan. Ammo u xizmat guvohnomasi yo‘qligini bildirgan.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida fuqaro Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga olib borilib, shaxsiga aniqlik kiritildi.
Ushbu shaxs Narpay tumani Chaqar mahallasi, Chaqar qishlog‘ida yashovchi, 1997 yil tug‘ilgan Shahzod Mahmudov ekanligi, egnidagi ichki ishlar organlarining dala harbiy kiyimini taxminan 2 oy oldin 240 ming so‘m evaziga tiktirib olganligi ma’lum bo‘ldi.
Holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar IIB HPB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, Sh.Mahmudovning ustida bo‘lgan harbiy dala kiyimi xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olindi. Harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 209-1-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomati aniqlanganligi sababli unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga yuborildi.
Hozirda ushbu shaxsning harakatlari yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda, Samarqand viloyati IIB huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kiyim-boshlarini tikish bilan shug‘ullanadigan tikuvchilardan xizmat guvohnomasini ko‘rsatmagan yoki kadrlar bilan ishlash xizmati tomonidan tegishli xatlarni taqdim etmagan shaxslarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar maxsus kiyim-boshlarini tikib bermasligini so‘raydi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.