Kattaqo‘rg‘onda qurilayotgan zavod yiliga 3 million tonna yuqori markali sement ishlab chiqaradi
Yilning o‘tgan davrida Kattaqo‘rg‘on tumanida sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, maishiy xizmat, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy sohalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Bu haqda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov zarnews’uz ga ma’lum qildi.
- Tumanda joriy yilning birinchi yarmida 312,9 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi bilan taqqoslaganda 103,7 foizni tashkil qiladi, - dedi J.Nasriddinov. - “Kumush tola” xususiy korxonasiga Xitoy va Koreyadan 1,5 million AQSh dollari miqdorida zamonaviy jihozlar keltirilib o‘rnatildi. Bu esa korxonada ishlovchilar sonini 120 nafardan 200 nafarga yetkazish imkonini berdi.
Bundan tashqari, sohada joriy yilda 12 ming mavsumiy va 600 nafar doimiy ish o‘rni yaratilib, minglab xonadonlar qo‘shimcha daromad oldi. O‘tgan davr ichida tumanimizda xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘sish 110,1 foizga oshdi yoki aholiga 406,1 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatishga erishildi. 317,6 milliard so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti tayyorlandi.
Hokim yordamchilari tomonidan tumandagi 52 470 xonadonda o‘tkazilgan xatlov natijasida 11600 nafardan ziyod ishsiz fuqaro aniqlandi va joriy yilning o‘tgan davrida shu fuqarolardan 5164 nafarining bandligi ta’minlandi. 624 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik, 335 ta kichik biznes sub’yekti tashkil etildi. Shuningdek, 71 nafar tajribali hunarmandga 327 nafar shogird birkitildi,667 nafar ishsiz fuqaroga yangi kasb-hunar o‘rgatildi.
“Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida hokim yordamchilarining sa’y-harakati, tashabbuskorligi tufayli tadbirkorlikka qo‘l urgan mingdan ziyod fuqaroga 28 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Yordamchilarning bevosita aralashuvi bilan 133 ta tadbirkorlik loyihasi amalga oshirilib, 400 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha tumanda katta hajmda ish bajarildi. Gap Kattaqo‘rg‘on tumanining Yangi hayot massivi hududida qurilayotgan umumiy qiymati 340 million AQSh dollariga teng sement zavodi haqida bormoqda. Birinchi yarim yilda ushbu ob’yektda reja bo‘yicha 24,7 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo reja 245 foizga bajarilib, 60,6 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi. Ushbu zavod yiliga 3 million tonna yuqori markali sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, mahsulotning 1,2 tonnasi eksportga yo‘naltiriladi. Ayni paytda zavod qurilishi jadal olib borilyapti. Unga 600 nafardan ziyod ishchi, muhandis va ko‘plab zamonaviy texnikalar jalb etilgan.
Shuningdek, tumanimizda BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 150 million AQSh dollariga teng quyosh elektr stansiyasi bunyod etilmoqda. Joriy yilda bu loyiha bo‘yicha 792,5 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtiriladi. Stansiya 2023 yilda ishga tushiriladi. Ikkala loyiha bo‘yicha yuzlab yangi ish o‘rinlari ochilishi, yangi uy-joylar, maishiy-madaniy ob’yektlar, yo‘llar qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu investitsiyalar tumanimiz iqtisodini keskin yuksaltiradi va aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.