Kattaqo‘rg‘ondagi bog‘chada 900 million so‘m miqdorida noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi
Maktabgacha ta’lim vazirligi va Hisob palatasi hamkorligida boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislari jalb qilingan holda byudjet mablag‘larining samarali ishlatilishi yuzasidan chuqur tahliliy o‘rganishlar natijasida 48,3 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.
2019 yil va 2020 yilning birinchi yarmida aniqlangan yirik moliyaviy qonunbuzarliklar:
900 million so‘m — Kattaqo‘rg‘on shahrining 10-maxsus MTMdagi noqonuniy xarajatlar (Samarqand viloyati);
301 million so‘m — Olmazor tumanining 509–MTTdagi moliyaviy qonunbuzarliklar (Toshkent shahri);
202 million so‘m — Peshko‘ tumanining 22-MTTdagi kamomad va oylik ish haqi to‘lov qaydnomalarining qalbakilashtirilishi (Buxoro viloyati);
150 million so‘m — Mirishkor tumanining 8-MTTdagi oziq-ovqat va moddiy boyliklarning kamomadi, “o‘lik jonlar” va to‘lov qaydnomasidagi imzolarning qalbakilashtirilishi (Qashqadaryo viloyati);
101 million so‘m— Guliston tumanining 11-MTTdagi ish haqi to‘lovlarining ortiqcha sarflanishi (Sirdaryo viloyati).
Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqlash, profilaktikasini ta’minlash va oldini olish bo‘yicha Yo‘l xaritasini ishlab chiqdi va ushbu hujjat 14 ta vazirlik va idoralar bilan kelishildi.
Shuningdek, Bosh prokuratura bilan ham maktabgacha ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.