Kattaqo‘rg‘ondagi portlash sababi ma’lum bo‘ldi

Joriy yilning 12 aprel kuni ertalab chamasi 07:20 lar atrofida Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahridagi ikki qavatli turar-joy binolaridan birida havo-gaz aralashmasi natijasida chaqnash sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holatni o‘rganish bo‘yicha «Hududgaz Samarqand» MChJ bosh direktori Xolmurod Bobomurodov boshchiligida mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. O‘rganish davomida quyidagilar aniqlandi:

Chaqnash sodir bo‘lgan ushbu ikki qavatli, yerto‘lasiz hamda ikkita kirish yo‘lagiga ega turar joy binosi 1960 yilda qurilgan va gaz ta’minotiga ulangan. Xonadonlarda gaz plitalari mavjud, ammo isitish tizimi mavjud emas.

Chaqnash sodir bo‘lgan xonadonda “Brest” markali to‘rt kamparaklik (ko‘zli) gaz plitasi barcha texnik talablarga javob bergan, xonadondagi gaz quvurlari ham soz holatda bo‘lganligi aniqlandi.

Sodir bo‘lgan hodisaga esa gaz jihozlaridan foydalanishdagi ehtiyotsizlik sabab bo‘lgan. Xonadon egalari gaz plitasiga choynakda suv qo‘yib, oshxonani tark etgan. Suv qaynagach, xonadon egalari tomonidan o‘z vaqtida o‘chirilmaganligi sababli, qaynayotgan suv toshib, olovni o‘chirgan. Gaz sizib chiqishining davom etishi sabab oshxonada xavfli havo-gaz aralashmasi to‘plangan. Xonadon egasi xonani shamollatmasdan turib, gugurt yoqib yuborgan va chaqnash sodir bo‘lgan.

Oqibatda xonadonda yashovchi uch nafar fuqaro halok bo‘lgan, to‘rt nafari esa turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.