Kattaqo‘rg‘onlik yoshlarning qanday muammolari bor, mas’ullar ular bilan ishlayaptimi?

Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedovning navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev, viloyat prokurori M.Eshnazarov, sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda 100 nafardan ziyod yoshlarning murojaatlari eshitildi.

Dastlab boshqarma boshlig‘i yoshlarga murojaat qilib, keyingi paytda dunyoning turli mamlakatlarida sodir etilayotgan terrorchilik va ekstremistik harakatlardan ogoh bo‘lish, jumladan, yaqinda Rossiyada kuzatilgan terakt va yurtimizda ham bunday harakatlarni sodir etishga urinish holatlari uchrayotgani haqida gapirdi.

- 2022 yilda Toshkent shahrida ham terakt sodir etishni rejalashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan, - dedi A.Axmedov. - Achinarlisi, ular orasida talabalar ham bo‘lgan. Hozir dunyoda kuzatilayotgan globallashuv jarayonidan xulosa chiqarib, yurtimizda yoshlarning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, til, IT sohasi va kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish kerak.

Uchrashuvda yoshlar asosan tadbirkorlik qilish, yer ajratish, imtiyozli kredit, IT sohasini rivojlantirish, sport maydonchalari tashkil etish, o‘quv markazi ochish masalalari yuzasidan murojaat qildi.

Xususan, tumanning Jizmonsoy mahallasida yashovchi Nurullo Tursunov chorvachilik qilish bo‘yicha tajribasi borligi va sohani rivojlantirish uchun biznes-reja ishlab chiqqanini aytib, imtiyozli kredit ajratishni so‘radi. Murojaat tuman mas’ullari tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Nayman mahallasidan kelgan Shuhrat Eshpo‘latov esa o‘zini va oila a’zolari ishsizligini aytib,  dehqon xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yer so‘radi. Unga hokimlik zaxirasidagi bo‘sh yer auksion orqali ajratilishi ma’lum qilindi.

Muloqot davomida tumanda ishsiz, migratsiyadagi va probatsiya ro‘yxatida turgan, uyushmagan tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlashda xato va kamchiliklar kuzatilayotgani tahlil qilinib, muammolarni vaqtida bartaraf qilish yuzasidan DXX viloyat boshqarmasi va tuman hokimligi mas’ullariga topshiriqlar berildi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.