Kattaqo‘rg‘onning «Tasmachi» bozoridagi tartibsizliklar. Unga qachon barham beriladi?

Elli yer - bozor, elsiz yer - mozor. Elning bozoriga, mozoriga teginma, degan maqollarni ajdodlarimiz bekorga aytishmagan. Xalqimiz azaldan bozorlarni yurt ma’murchiligining ko‘zgusi sifatida bilib kelgan. Ya’ni bozor rastalari to‘kin-sochin, mahsulotlar arzon, ozoda bo‘lsa, demak bu elning turmushi farovon, dasturxoni esa obod degani. Darhaqiqat, bugun qaysi bozorga kirmang, to‘kin-sochinlikni ko‘rasiz. Ammo bozorlarda xaridorlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan tartib va me’yorlarga amal qilinishi lozim.

Xo‘sh, bu borada Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bozorlarda ahvol qay darajada? Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati “Tasmachi” dehqon bozori mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi holat yuzasidan atroflicha o‘rganish olib bordi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, bozordagi muammolar uning kirish qismidan boshlanadi va xaridorlar uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan. Bozor ma’muriyatining e’tibosizligi tufayli majmua atrofida avtomobillar tartibsizligi yuzaga kelgan va bozor ichiga ham avtoulovlar tartibsiz ravishda joylashib olishgan. Bu ham xaridorlar uchun ko‘p noqulayliklarni tug‘dirmoqda. Qolaversa, bozorning kirish hududida sotuvchilar rastalarsiz mahsulotlarini yerga qo‘yib tartibsizlarcha savdo qilmoqda. Ichkarida sotuvchilar uchun mo‘ljallab qilingan rastalar tartibsiz o‘rnatilganligi bois, xaridor va sotuvchilarning talabiga javob bermaydi.

Aholiga go‘sht mahsulotlari sotadigan do‘konlardagi sotuvchilarning aksariyati tadbirkorlik ro‘yxatidan o‘tmasdan, go‘sht mahsulotini veterinariya ko‘rigidan o‘tkazmasdan xaridorlarga sotmoqda.Chorva mollari aslida birinchi navbatda qushxonalarda so‘yilib, taxlanib, tegishli muhr tasdiqlanganidan so‘ng bozor veterinariya vrachi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. Tasdiqlovchi hujjat olgandan keyin aholiga go‘sht mahsuloti sotilishi lozim. Ammo bu masala na bozor ma’muriyati na bu masalaga bevosita mas’ul, kerak bo‘lsa javobgar bo‘lgan veterinariya vrachi tomonidan nazoratga olinib tartib o‘rnatilmagan.

Jumladan, go‘sht mahsulotlari savdosi bilan mashg‘ul bo‘lgan A.Haydarov va Sh.Fayzullayevlar tadbirkorlik ro‘yxatidan o‘tmasdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun ruxsatnoma olganligi, sotuvchi D.Shodiyeva tomonidan hech qanday hujjatsiz, veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilmagan tovuq go‘shti sotilayotganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, bir nechta sotuvchilar mol go‘shti kalla-pochalarini noqonuniy ravishda, belgilangan me’yorlarga amal qilmasdan o‘ta xavfli antisanitar holatda sotishmoqda.

Bozor hududida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, lekin ayrim sotuvchilar ruyxatdan o‘tmagan. O‘tganlarining ayrimlarini guvohnomasi faoliyat turiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Misol uchun, sotuvchi A.Rahimov ro‘yxatdan o‘tmasdan o‘simlik yog‘i savdosini amalga oshirmoqda. S.Karimova, D.Meyliyev, R.Yavqochov, S.Aktamova, N.Rahmatova va S.Qurbonova kabi sotuvchilar hech qanday hujjatlarsiz savdo faoliyatini amalga oshirayotganligi kishini taajjubga soladi.

Bozor hududi va savdo rastalari, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi. Chorva mollari savdosi uchun mo‘ljallangan hudud avariya holatiga kelib qolganligi bois, mutlaqo talabga javob bermaydi.

Umumiy ovqatlanish joylaridagi sanitar ahvol ham achinarli tus olgan. Bozor hududida faoliyat olib borayotgan 22 nafar umumiy ovqatlanish shoxobchalari hech qayerdan ro‘yxatdan o‘tmagan, antisanitar ahvolda xo‘randalarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Eng yomon tomoni, qonunchilikka xilof ravishda  noqonuniy alkogol mahsulotlari sotilmoqda.

Mamlakatimizda bozorlar faoliyatini yanada takomillashtirish, sotuvchi va xaridorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida samarali ishlar olib borilayotgan bir paytda "Tasmachi" bozorida vaziyat nega bunday ayanchli tus olmoqda? Bu holat bo‘yicha tegishli tashkilotlar va mutasaddilar jiddiy bosh qotirmas ekan, yuzaga kelgan vaziyatdan sotuvchiyu xaridorlar aziyat chekaverishadi. O‘ylaymizki, bu borada bozorlar faoliyatini nazorat qiluvchi mas’ullar, Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi, veterinariya sohasi mutasaddilari jiddiy chora-tadbirlarni amalga oshirishadi.