Keksa kampirni o‘ldirish uchun qotil yollagan samarqandlik ayolga sud hukmi o‘qildi

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida ojiz ahvoldagi keksa kampirni tamagirlik niyatida qasddan o‘ldirib, o‘ziga qoladigan ko‘chmas mulkni tezroq qo‘lga kiritish maqsadida yollanma qotilga jinoiy buyurtma bergan ayolga nisbatan ayblov hukmi o‘qildi. Jazoning muqarrarligi ta’minlandi, aybdorga qilmishiga yarasha qonuniy va adolatli jazo tayinlandi. Xo‘sh, aslida voqealar qanday kechgan edi? Bu mudhish jinoyatga qo‘l urganlarning maqsad-muddaosi nima edi?

Shu o‘rinda voqea tafsilotlariga batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak, Mavluda Xolmurodova (ism-shariflar o‘zgartirildi) 1995 yildan 2009 yilga qadar Samarqand shahri Beruniy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uydagi xonadonlarning birida Mariya Kuznetsova bilan qo‘shni bo‘lib yashab kelgan. 2009 yilda esa M.Xolmurodova oilasi bilan Samarqand tumani Xo‘ja Ahror Valiy mahallasidan hovli sotib olib, ko‘chib o‘tadi.

M.Xolmurodova ko‘chib ketgach, o‘rtadagi masofa ancha olis bo‘lsa-da, M.Kuznetsova bilan munosabatini uzmaydi. Deyarli har kuni qo‘ng‘iroq qi-lar, shaharga tushganida esa xabar olish uchun uning uyiga kirib o‘tardi.

Albatta, bu bejizga emasdi. Aniqroq aytganda, M.Xolmurodova Mariya xolaga o‘zini o‘ta mehribon va g‘amxo‘r qilib ko‘rsatarkan, buning zamirida keksa kampirning uyini qo‘lga kiritishdek pinhona maqsad bor edi. Tabiiyki, bundan M.Kuznetsova bexabar edi. Kunlar o‘tgan sari M.Kuznetsova keksayib borayotgan, ko‘zidan nur ketib, quvvatdan qolayotgandi. Buning ustiga u yolg‘iz yashar, merosxo‘ri yo‘q edi.

Mavluda uyida yumushi oshib-toshib yotganiga qaramay, ba’zan Mariya xola bilan soatlab suhbatlashib o‘tirardi. Buni keksa kampir o‘ziga nisbatan samimiy munosabat, mehr-oqibatlilik sifatida qabul qilardi. Lekin kunlarning birida M.Xolmurodova M.Kuznetsovaga g‘alati bir taklifni aytadi.

— Mariya xola, o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, — deydi u gapni uzoqdan boshlab. — Bu dunyoga hech kim ustun bo‘lmaydi, hammamiz bir kun dunyodan o‘tamiz. Xudo ko‘rsatmasin, o‘lib-netib qolsangiz, uyingiz kimga qoladi?

Bu gapni eshitib, M.Kuznetsova o‘yga cho‘madi, so‘ng «to‘g‘ri, bu dunyoga hech kim ustun bo‘lmaydi», deydi. So‘ngra u bu bilan nima demoqchi degandek, yana Mavludaning yuziga tikiladi.

Buni sezgan M.Xolmurodova muddaoga o‘tadi:

— Men sizdan xabar olib turaman, issiq-sovug‘ingizga qarayman. Buning evaziga siz uyingizni menga meros qilib bersangiz?!

M.Kuznetsova esa bunday taklifni mutlaqo kutmagan, hatto xayoliga ham keltirmagan edi, darhol rad etadi.

O‘rtadagi suhbat shu tariqa yakun topadi. Ammo M.Xolmurodova shundan so‘ng ham kampirning xonadoniga kelib-ketishni kanda qilmaydi. Har safar kampirning uyiga kelganda, u gap orasida o‘zining haligi taklifini o‘ylab ko‘rish, aniq bir qarorga kelishi zarurligini eslatib turishni ham unutmaydi.

Shu tariqa oradan oylar o‘tadi. Bu paytda M.Xolmurodovaning turmush o‘rtog‘i og‘ir kasallikka chalinib, olamdan o‘tgan, bir nafar farzandi bilan yolg‘iz qolgandi. Shunday bo‘lsa-da, M.Xolmurodova Mariya xolaning issiq-sovug‘idan xabar olar, ozmi-ko‘pmi moddiy yordam ham berib turardi.

Keksayganda yolg‘iz qolish qiyin ekan. Eshikdan yo‘qlab keladigan yoki telefonda bo‘lsa-da, ko‘ngil so‘raydigan kishing bo‘lmasa, undan ham yomon. Oxiri M.Kuznetsova o‘ylab-o‘ylab, M.Xolmurodovaning taklifiga rozilik beradi. Bu 2016 yilning avgust oyi boshida edi.

Ular ertasi kuniyoq davlat notarial idorasiga borishadi. M.Kuznetsova o‘zi vafot etgach, yashab turgan xonadonini M.Xolmurodovaga qoldirish haqidagi vasiyatnomani rasmiylashtiradi.

Shundan so‘ng M.Xolmurodova Rossiya Federatsiyasiga ishga ketadi. Ketishidan oldin va’da qilganidek, u M.Kuznetsovaga xorijdan har oyda 100 ming so‘m jo‘natib turadi.

2019 yilning boshida M.Xolmurodova xorijdan qaytib keladi. U xorijga ketayotganida Mariya xola ancha charchab qolgandi, vafot etgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi. Lekin bunday bo‘lib chiqmaydi.

Kampir ancha qarib-qartayib qolganiga qaramay, sog‘-salomat edi. M.Xolmurodovaga esa tezroq M.Kuznetsovaning uyini qo‘lga kiritish fikri sira tinchlik bermayotgandi. Keksa, ojiz ahvoldagi ayol o‘ziga nisbatan sodir etiladigan tajovuzga qarshilik ko‘rsatishga qodir emas, degan qutqu ko‘nglining tub-tubida alanga olayotgandi.

Keyinchalik «kampirni osongina gumdon qilish mumkin, ana shunda uyni tezroq qo‘lga kiritaman. Kampirning so‘raydigan hech kimi yo‘q», degan yovuz o‘ylar M.Xolmurodovaning fikr-xayolini butkul band etib qo‘ygandi. M.Xolmurodova bunday yovuz rejaga borishining boshqa bir sababi ham yo‘q emasdi.

Gap shundaki, M.Xolmurodova xorijdan qaytgach, bir kuni o‘zining «Dadi» laqabli tanishi bilan M.Kuznetsovaning uyiga boradi.

Xonadonni ta’mirdan chiqarishini aytib, M.Kuznetsovaga vaqtincha o‘zi bilan birga hovlida yashab turishini aytadi. Ammo M.Kuznetsova yanvarning sovuq kunlarida issiq joyini sovitishni istamaydi va ta’mir masalasiga e’tiroz bildiradi.

O‘z navbatida, M.Xolmurodova M. Kuznetsovani yaxshilikni bilmaslikda ayblaydi va undan qattiq ranjiydi. O‘shanda kampirni imi-jimida yo‘qotish kerak, degan shum fikri yanada qat’iylashadi. Shundan so‘ng M.Xolmurodova jinoiy rejasini amalga oshirishga kirishadi. Avvalo, u jinoyatga moyil odam izlashga tushadi.

Kunlardan bir kun u bir mahallada yashovchi, bolalik chog‘idan yaxshi taniydigan F.D.ga borib uchrashadi.

«GAZ — 3129» rusumli avtomashinasini yuk ortishga moslashtirgan F.D. taxta bozorida yuk tashish bilan shug‘ullanardi.

— Yolg‘iz, keksa bir ayolga qarab yuraman. Shu kampir jonimga tegib ketdi, uni yo‘lini qilib yo‘qotish kerak, — deydi Mavluda. — Bu ish faqat sizning qo‘lingizdan keladi.

— Esing joyidami, nimalar deb valdirayapsan?! — deydi F.D. qo‘rqib ketib. — Singlim, bu niyatingdan qayt.

Shunda M.Xolmurodova F.D.ga bolaligida tovuq so‘ygani-yu, qurbaqani qanday o‘ldirganini eslatib kuladi.

— Bolalikda har narsa bo‘lgandir. Lekin birovning joniga qasd qilish… Yo‘q, yo‘q, bu gapni birovga ayta ko‘rma, — deydi F.D.

Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, M.Xolmurodova yana F.D.ga qo‘ng‘iroq qiladi. Taxta bozorida ekanini eshitib, uning oldiga boradi. Uchrashishgach, M.Xolmurodova bu gal ham haligi taklifini eslatib, kampirni tinchitsa, ming AQSh dollari berishini aytadi.

Biroq F.D. uning so‘zlarini keskin rad etadi va o‘z navbatida, uni bu yo‘ldan qaytarishga urinadi. M.Xolmurodova baribir yovuz niyatidan qaytmaydi.

Oradan ikki kun o‘tib, M.Xolmurodova F.D. bilan uchrashadi va ikki ming AQSh dollari taklif qiladi. Bu safar ham rad javobini eshitgach, u «mayli, kampir Xudo bergan umrini yashayversin, zarar yetkazmayman», deydi.

Aslida u bu gapni F.D.ni tinchlantirish, siridan voqif bo‘lib qolmaslik maqsadida aytgan edi. Shuningdek, M.Xolmurodova F.D. bilan uchrashganda, atay Furqat degan kimsa haqida gap ochgan va shu asnoda o‘zini qiziqtirgan ma’lumotlarni bilib olgandi.

Aslida Furqat deganlari M.Xolmurodovaga begona emas, singlisi Matlubaning o‘gay o‘g‘li. Furqat 2006 yilda xorijga ishlashga ketgan va 2010 yilning mart oyida bosqinchilik jinoyati sodir etganligi uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. 2016 yilning yanvarida sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tab, uyiga — Samarqandga qaytib kelgandi. Ayni shu kezlarda M.Xolmurodova xorijga ishga ketgani uchun o‘gay jiyani Furqatni unchalik yaxshi tanimasdi.

— Men 2012 yilning sentyabr oyida Sankt-Peterburg shahriga ishlashga borganman, — degandi F.D. Mavludaga. — Bir kishiga tan jarohati yetkazganim uchun bir yil o‘tirib chiqdim. O‘shanda qamoqxonada Furqat bilan tanishganman, yaxshi bola. O‘zimizning mahalladagi Rahmatulla akaning o‘g‘li ekan.

M.Xolmurodova F.D. jinoiy rejasini rad etgach, Furqatni ko‘z ostiga oladi va unga mehribonlik ko‘rsatishga kirishadi. Shu maqsadda atay singlisining uyiga mehmonga boradi va Furqat daromadli ish axtarayotganini eshitib qoladi.

Bu M.Xolmurodovaga jinoiy rejasini amalga oshirish uchun ayni muddao edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, u Furqatning otasi Rahmatulla akaning telefoniga Furqatga ish topgani va o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishi zarurligi haqida xabar jo‘natadi. Keyin esa Furqat qo‘ng‘iroq qilganda, «ertaga Registon majmuasi ko‘chasidagi «Mo‘’jiza» qahvaxonasi oldida uchrashib, gaplashib olamiz», deydi.

— Taxta bozorda ishlaydigan, sen bilan chet elda qamoqda birga o‘tirgan Faxri degan kishini taniysan, — deydi u Furqat bilan uchrashgach. — O‘sha Faxri taxta bozorda ishlab, ko‘p pul topyapti. Istasang, seni ham o‘sha yerga ishga joylashtirib qo‘yaman.

Furqat muqim ishga joylashish niyatida yurgandi. Xolasining taklifi uni qiziqtirib qo‘yadi. M.Xolmurodova esa uning ishonchiga kirayotganidan quvonadi. Furqatga kelgusida «Volga» rusumli avtomashina olib berishi, odamlarning yuklarini tashib, ko‘p pul ishlashini ta’kidlab, qiziqishini battar alanga oldiradi.

Keyin esa M.Xolmurodova o‘zining muammolarini doston qiladi.

Hozirda ishlari yurishmayotgani, to‘plagan pullari sarf bo‘lib ketayotgani, agar o‘zi bilan birga ishlasa, yaxshi pul topishini aytadi. Keyin u keksa ayol M.Kuznetsovadan gap ochadi. Furqat nima qilish kerakligini so‘ragach, uni gumdon qilishga 500, uyni o‘z nomiga rasmiylashtirgach, yana 600 AQSh dollari berishini aytadi.

— Bu ishlar tinchib ketgach, senga yana bir daromadli ish bor, — deydi u. — O‘sha sen taniydigan Faxri akaning ko‘chasida amakivachcham yashaydi. Janubiy Koreya va Isroil davlatlaridan qarindoshlar amakivachchamga pul jo‘natib turishadi. Uyida taxminimcha, 15-18 ming AQSh dollari bor. Bostirib kirib, pullarni olsa bo‘ladi. Menga ikki yoki uch ming AQSh dollari berasang bo‘ldi, qolgani o‘zingga.

19 avgust kuni tushlikdan so‘ng ko‘chada uchrashganlarida M.Xolmurodova Furqatga M.Kuznetsovani qanday qilib tinchitishni tushuntiradi. Uyga shahar tabiiy gaz nazoratchisi sifatida kirib, yuziga yostiq bosib yoki polietilen sellofan bilan bo‘g‘ib o‘ldirish, oshxonasidagi gaz plitasi ostida turgan uy hujjatlarini olib chiqishni aytib, 200 AQSh dollari beradi.

Furqat muqaddam bosqinchilik jinoyati sodir etgani uchun xorijda jazo o‘tab, ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirgandi. Yana bir tomoni, u ojiz ahvoldagi keksa ayolning hayotini bevaqt xazon qilishni istamaydi. Agar bu ishni men qilmasam, makkora M.Xolmurodova boshqa birovni yollab, M.Kuznetsovani o‘ldirishi aniq, degan fikrga boradi va ichki ishlar idorasiga ariza bilan murojaat qiladi.

Shundan so‘ng voqeaning davomi quyidagicha kechadi: Furqat M.Kuznetsova xonadoni eshigini taqillatib, o‘zini «shahargaz idorasi nazoratchisi» deya tanishtiradi va hujjatlarni taqdim etishni so‘raydi. M.Kuznetsova esa eshikni ochmaydi. Aksincha, nazoratchi kuni kecha kelib-ketganini aytib, urishib beradi.

Ko‘chaga chiqqach, Furqat bo‘lib o‘tgan voqeani telefon orqali M.Xolmurodovaga yetkazadi. Shunda Mavluda boshqa bir hiyla o‘ylab topadi. U M.Kuznetsovaga qo‘ng‘iroq qilib, bir kishidan pul berib yuborayotgani, uni olib qolishni aytadi. M.Xolmurodova shu yo‘l bilan Furqatni ichkariga kiritishga imkon yaratishni ko‘zlaydi.

Lekin M.Kuznetsova «o‘zing kel, menga begona odamni jo‘natma», deb javob beradi.

— Eshikni buzadigan odam topaman, — deydi Furqat bu hiyla ham ish bermagach. — O‘sha odamga 100 AQSh dollari bersak, ish xamirdan qil sug‘urganday oson bitadi.

Bu gap M.Xolmurodovaga ham ma’qul tushadi va u bir soatdan so‘ng Furqatga 100 AQSh dollari keltirib beradi.

Furqat M.Xolmurodovadan qotillikka buyurtma olgach, amakisining uyiga o‘tgan, bu haqda yangasi Sarvinozga aytgandi. O‘shanda Sarvinoz Furqatni qaltis yo‘ldan qaytargandi, albatta.

M.Xolmurodova o‘g‘lini ishga joylashtiraman, deb og‘ir jinoyatni sodir etishga ro‘para qilganini qarindoshlaridan eshitgan Rahmatulla aka ham tezda M.Xolmurodovaga qo‘ng‘iroq qiladi.

Qaltis ishni tezda to‘xtatishi, aks holda o‘ziga qiyin bo‘lishini aytib, dag‘dag‘a qiladi. So‘ng M.Xolmurodova Furqatga qo‘ng‘iroq qiladi-da, 100 AQSh dollarini qaytarishni va zudlik bilan otasining oldiga yetib borishi lozimligini aytadi.

Samarqand shahar «Marmar» dehqon bozori yaqinida M.Xolmurodova Furqatdan 100 AQSh dollarini qaytarib olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sud hay’ati dastlabki tergov organi tomonidan M.Xolmurodovaning tamagirlik niyatida, ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirishga dalolat qilib, ushbu jinoyatni sodir etishga suiqasd qilishda ifodalangan jinoyatini Jinoyat kodeksining 28, 25, 97-moddasi 2-qismi «v», «i» bandlari bilan to‘g‘ri malakalagan deb hisobladi.

Bundan tashqari, dastlabki tergov organi tomonidan M.Xolmurodova Jinoyat kodeksining 28, 25, 164-moddalari 4-qismi «a» bandi bilan ayblangan. Sudlov hay’ati sudlanuvchining zimmasidan ushbu ayblovni chiqarib tashladi va ishning shu qismini harakatdan tugatdi.

Nega deganda, Jinoyat kodeksining 164-moddasi mazmuniga ko‘ra, bosqinchilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hu-jum qilib, hayoti va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib sodir etilganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, Oliy sud Plenumining 1999 yil 30 apreldagi «O‘zgalar mulkini o‘g‘irlik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-toroj qilish jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 3-bandi talabi ham tergov organi e’tiboridan chetda qolgan. Chunki ushbu bandda aybdor tomonidan mulkka egalik qilish maqsadida jabrlanuvchiga hujum qilib, uning hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatganda yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitganda bosqinchilik deb tavsiflanishi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.

Jinoyat ishida M.Xolmurodova Furqatni uning amakivachchasi S.X.ning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirishi, pullarni bosqinchilik yo‘li bilan olib chiqishi jinoyatini sodir etishga dalolat qilgani, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rgani, shu kabi ushbu jinoyatni sodir etishga suiqasd qilishni namoyon etuvchi ishonchga sazovor, ishga aloqador hamda maqbul dalillar to‘planmagan.

Sud sudlanuvchi M.Xolmurodovani Jinoyat kodeksining 28, 25, 97-moddasi 2-qismi «v», «i» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor topib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Olim HAYITOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi,
Abduhamid XUDOYBERDIYeV, jurnalist.