Keyingi 6 oyda Samarqandda sayyohlar oqimi qanchaga ko‘paydi?

Viloyat matbuot uyida Samarqand viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Narziqulov hamda boshqarma bo‘lim boshlig‘i Olim Sobirov ishtirokida matbuot anjumanida o‘tkazildi.

Unda Samarqandda pandemiya davrida turizm va sportning qay darajada rivojlangani, joriy yilning olti oyi davomida sayyohlar oqimi o‘tgan yilga nisbatan oshgani, sayyohlarni jalb qilish maqsadida barpo etilayotgan turistik yo‘nalishlar, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va ommaviy sportni rivojlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

- Bugungi kunda viloyatimizda 171 ta mehmonxona, 217 ta oilaviy mehmon uylari, 136 ta turistik sinfga mansub avtobus, 126 ta mikroavtobus va 20 ta elektromobil, 181 ta turoperatorlar hamda 336 ta gid-tarjimonlar tomonidan mahalliy va xorijiy fuqarolarga sayyohlik xizmatlari ko‘rsatib kelmoqda, - deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari D.Narziqulov. – Bu yilgi pandemiya sharoitida ham sayyohlar oqimi viloyatimizda kamaymadi, aksincha yilning olti oyida ular soni oshdi. Jumladan, 2020 yil davomida 633 194 nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilning olti oyi davomida ular soni 1 million nafarga yetdi. Ularning 54 ming nafardan ortig‘i xorijiy sayyohlardir. 

Pandemiya sharoitida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 39 ta mehmonxona va turoperatorlik tashkilotlariga xodimlarini saqlab turish, ularning oylik ish haqlarini to‘lash uchun 2,1 milliard so‘m miqdorida foizsiz maqsadli ssudalar ajratildi. Tadbirkorlik sub’yektlarining xarajatlari, oldin olgan kreditlarini qoplash uchun 27 ta tadbirkorlik sub’yektining 38 milliard 911 million so‘m miqdoridagi kreditlarining foiz xarajatlari qisman subsidiyalandi.

Samarqand tumanidagi Konigil qishlog‘i respublikada birinchilardan bo‘lib “Turizm qishlog‘i” sifatida o‘z faoliyatini boshladi va “Turizm qishlog‘i” sertifikatni qo‘lga kiritdi. Qishloqda birinchi bosqich ishlar yakuniga yetib, piyodalar yo‘lagi, 38 ta turistik hamda xizmat ko‘rsatish ob’yektlari faoliyatini boshlagan. Ikkinchi bosqichda ham 100 ta turistik ob’yekt va xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

Shuningdek, 2021 yilda Amir Temur barpo etgan Bog‘ibaland (anjirzor) mahallasi “turistik mahalla”ga, Payariq tumani Choshtepa va Urgut tumanidagi Tersak qishlog‘i “turizm qishloq”lariga aylantiriladi. Shu maqsadda iyun oyida Tersak qishlog‘ida bir kunda 25 ta oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Aholini ommaviy sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida ham viloyatimizda bir qator ishlar amalga oshirildi. Shu haqda Samarqand viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Olim Sobirov atroflicha ma’lumot berdi.

- Bugun viloyatimizda 30 ta sport muassasalarida sportning 48 ta turi bo‘yicha sport to‘garaklari faoliyat yuritib kelmoqda, - deydi O.Sobirov. - Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, joriy yilda 16 ta shahar va tumanlarda “Salomatlik yo‘laklari”, “Velosiped yo‘lakchalari”, 181 ta sport inshootlari va maydonchalari qurib foydalanishga topshiriladi. Bugungi kunda esa Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahrida hamda Bulung‘ur, Jomboy va Nurobod tumanlarida bunday yo‘laklar qurilgan.

Badminton, stritbol, mini-futbol, “Workout” maydonchalari, velosiped hamda yurish (yugurish) yo‘lakchalari qurib foydalanishga topshirilishi natijasida 2020 yilda sport bilan shug‘ullanuvchilar soni 19,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich joriy yilning II chorak holatiga ko‘ra 23 foizni tashkil etadi. Oqdaryo tumanining har bir mahallasida “Workout” maydonchalari qurildi. Ishtixonda ham bu ishlar amalga oshirilmoqda.

Aholini sportga keng jalb qilish maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarida, maktablarda, o‘rta maxsus ta’lim dargohlarida, mahallalarda targ‘ibot tadbirlari olib borilyapti.

Nasiba Jonto‘rayeva.