Kimlar aksiz solig‘ini to‘laydi?

Aksiz solig‘i to‘lovchi yuridik va jismoniy shaxslar quyidagilardir:

O‘zbekiston Respublikasi hududida aksiz solig‘i solinadigan tovarlarni (aksiz to‘lanadigan tovarlarni) ishlab chiqaruvchilar;

O‘zbekiston Respublikasi hududida aksiz solig‘i solinadigan (aksiz to‘lanadigan xizmatlar) mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchilar;

benzin, dizel yoqilg‘isini yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishni, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali realizatsiya qilishni, shuningdek, gazni avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali realizatsiya qilishni amalga oshiruvchilar. Yakuniy iste’molchilar deganda o‘z ehtiyojlari uchun benzin, dizel yoqilg‘isi hamda gaz oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi.

O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga aksiz to‘lanadigan tovarlarni import qiluvchilar;

oddiy shirkat aksiz to‘lanadigan tovar ishlab chiqargan taqdirda, oddiy shirkat shartnomasining oddiy shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan sherigi (ishtirokchisi).

Aksiz to‘lanadigan tovarlarning ayrim turlari bo‘yicha aksiz to‘lanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan aksiz solig‘ini to‘lovchi etib belgilanishi mumkin.

Samarqand viloyati davlat

soliq boshqarmasi axborot xizmati.