Kiprik o‘stirish moslamasi uchun 52 ming AQSh dollari bergan ayol aldandi

3 iyul kuni Yakkasaroy tumani IIO FMBga Toshkent shahridagi go‘zallik salonlaridan birining ishchisi, 29 yoshli Umida M.dan ariza kelib tushdi. U joriy yilning fevral oyida Janubiy Koreyadan manikyur va kiprik o‘stirish moslamasi olib kelish maqsadida undan 52 ming AQSh dollari olgan tanishi, 28 yoshli Sohiba R.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘radi. Umida haligacha moslamani ham, pullarni ham olmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Sohiba pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan. Mazkur fakt asosida Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

Shu kunning o‘zida shu kabi ariza Yashnobod tumani IIO FMBga ham kelib tushgan. Unda MChJlardan birining rahbari, 43 yoshli Toirbek U. boshqa MChJ rahbari bo‘lgan 64 yoshli Muhiddin K. va Ibodulla A.larga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Arizaga ko‘ra, mazkur shaxslar Germaniyadan chiqindilarni qayta ishlash moslamasini olib kelish bahonasida arizachidan joriy yilning 3 fevral kuni 15 000 AQSh dollari olgan.

Biroq Muhiddin va Ibodulla va’dalarida turmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Ushbu fakt asosida Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov olib borilmoqda.

Ma’lum xizmat ko‘rsatish turi bo‘yicha xizmat vazifalariga kirmagan shaxslarga, hattoki, ular yaxshi tanigan odamlaringiz bo‘lgan taqdirda ham pul berishga shoshilmang. Har bir kelishuvni notarius orqali tasdiqlagan afzal, deyiladi Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabarida.