Kitob sotuvi 300 ming so‘mdan 3 millionga ko‘tarildi
Bundan hatto olti oy avval ham kitob savdosi borasida qiyinchiliklar, kitob targ‘iboti yetarli emasligidan kuyunib gapirgan mutaxassisning bu boradagi fikrlari bugun mutlaqo o‘zgargan. Samarqand shahridagi "Kitob olami" ma’rifiy majmuasi rahbari Xurshid NURULLAYeV nur maskanidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Ilk bor ushbu maskanga ishga kelganimda ochig‘i, bu yerdagi holat kayfiyatimga salbiy ta’sir qilardi, - deya gap boshladi X.Nurullayev. - Gap faqat kitob savdosi yaxshi emasligida emas, odamlarning shunday ajoyib maskanga farzandlarini olib kelmasligida, "Shu kitobni o‘qishni istardim, topib bera olasizmi", deya murojaat qilayotganlar nihoyatda kamligidan edi.
- Hozir ahvol o‘zgardimi?
- O‘zgarish ham gapmi, "Kitob olami" odamlarning sevimli maskaniga aylanib bormoqda.
Deylik, o‘tgan yili bir kunda hatto 300 ming so‘mlik kitob ham sotolmasdik. Bugun bu raqam 3 million so‘mdan oshib ketdi. Har hafta besh mingga yaqin turli mazmundagi kitoblarni keltiryapmiz. Shu ham yetmayapti.
- Kitob xaridorlarining ortishi rahbarlarning ta’lim muassasalariga kitob tarqatishi bilan bog‘liq emasmi?
- Ushbu yirik aksiyaning ham ta’siri bor, albatta. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishni istardimki, rahbarlar, jumladan, viloyat, shahar hokimi, hokim o‘rinbosarlari va aksariyat tashkilotlar rahbarlari o‘zlari o‘qigan maktablarga kitob sovg‘a qilish uchun kitobni shaxsan o‘zlari kelib sotib olishdi. Said Ahmad, Primqul Qodirov, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf va boshqa o‘zbek adabiyoti namoyandalari asarlariga ehtiyoj katta bo‘ldi.
Xaridorlar ko‘payishiga kitobxonlik tanlovining keng ommalashuvi ham turtki bo‘ldi, deb o‘ylayman. Biz ham joylarda, ta’lim muassasalarida kitob taqdimotlari, targ‘ibotini o‘tkazib kelyapmiz. O‘sha yerning o‘zida yarmarkalar uyushtirib, kitob sotuvini ham yo‘lga qo‘ydik. Shunday ko‘chma yarmarkalarni ko‘proq uyushtirish kerak, degan takliflar tushdi.
- "Kitob olami"ga shaxsan kitob so‘rab keluvchilar soni ham oshgandir?
- 14 yanvar, 8 mart bayramlari arafasida sovg‘a olish uchun kelganlar juda ko‘p bo‘ldi. Oldinlari yoshlarning bir-biriga kitob sovg‘a qilishi deyarli uchramasdi. Ota-onalarning farzandlarini ushbu majmuaga olib kelishi ham urfga aylandi. Kitob buyurtma qilayotganlar, kitob do‘konlari sonini ko‘paytirishni talab qilayotganlar, yarmarkalarda bir-biriga qarab kitob olishga qiziqayotgan o‘quvchilar soni ortdi. Kitob o‘qish kerak, degan necha yillik ma’ruzalar hech qanday ta’sir kuchiga ega bo‘lmagan bir paytda keyingi yilda olib borilgan puxta, aniq tashabbuslar kitobxonlikni yuqori bosqichga ko‘tardi. Bu nafaqat ma’naviy dunyomizdagi ulkan sakrash, balki jamiyatning ham katta yutug‘i.
Gulruh MO‘MINOVA
suhbatlashdi.