Kleopatraning qabri qayerda?

Arxeologlar qachonlardan buyon mashhur malika Kleopatraning qabrini muvaffaqiyatsiz qidirib kelishadi. Ammo uning o‘rniga Misr qa’rida mutlaqo boshqa topilmalarga duch kelishyapti. To‘g‘ri, bu topilmalar ham malika tobutidan kam qiziqarli emas.

 Bu safar tarixchilar Taposiris Magna shahri yer ostida 13 metr chuqurlikda g‘alati tunnelni aniqlashdi. Uning uzunligi salkam bir yarim kilometr, shifti balandligi ikki metr. Ichkarisida Kleopatra va Aleksandr Makedonskiy qiyofalari va ismlari o‘yilgan tangalar topildi.

Bundan tashqari, Kleopatra xukmronligi paytida alohida sig‘inilgan ma’buda Iseda haykalchasi ham bor edi. Ehtimol, o‘sha tunnel Kleopatra dafnasiga olib borar. Afsuski, uning katta qismi yerosti suvi tagida qolgan. Hozirda suvni chiqarib tashlash ishlari qilinyapti.

 Kutilmagan zilzila

Hozirda amalda barcha tabiiy ofatlar ozmi-ko‘pmi, har qayerda tushuntirilib berilmoqda, ba’zan oldindan aytilyapti ham. Olimlar u yoki bu vulqon otilishi boshlanishini bilishadi. Sayyoraning aniq nuqtasida to‘fon qayerdan, qachon kelishini aytishadi.

Ammo yaqinda Daniyaning Bornxolm orolida ro‘y bergan zilzila, uning kelib chiqishi olimlarni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi. Zilzilaga “aybdor” atmosfera bosimining keskin oshishi degan taxminlar bor. Biroq bu shunchaki taxmin. Aslida zilzilaga sabab nima?..

Denislar g‘orida kimlar yashagan?

Oltoy tog‘lari boshlanidan Biysk shahridan 250 kilometr naridan Anuy daryosi vodiysida dengiz sathidan 670 metr balandda noyob tabiiy va arxeolagik yodgorlik - mashhur Denislar g‘ori bor.

Bu yer hamisha quruq, gumbaz ostida joylashgan tuynuk esa tabiiy yorug‘likni ta’minlaydi va mo‘ri vazifasini o‘taydi. 280 ming yil avval bu yerda noma’lum turdagi odamlar yashagan.

G‘or maydoni 270 kvadrat metr, uzunligi 110 metr. Aytishlaricha, aslida g‘or juda katta bo‘lgan, qoyalar orasiga chuqur kirib ketgan yo‘lni qulagan tog‘ jinslari ko‘mib yuborgan. G‘or tarixida yechilmagan jumboqlar ko‘p. Unda yashaganlarni o‘zga sayyoralardan kelib qolgan, degan taxminlar bor. Ular keyinchalik aqlli inson va neandertalliklar bilan chatishib ketishgan.

“Denisliklar” nega yo‘qolgan? Bu savolga xozircha fan javob berishga ojiz. 

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.