Ko‘changizning nomi nima?
So‘zangaron mahallasida yashovchi M.Rajabov viloyat hokimiga murojaat qilib, o‘zi istiqomat qiluvchi Xo‘ja Muin ko‘chasi 4 nomda yuritilishi, bu chalkashlik aholi uchun ma’lum qiyinchiliklar tug‘dirayotganini bayon etgan.
M.Rajabov bilan suhbatda u xorijga safar qilish uchun elchixonaga hujjat topshirganda, uni noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etishda ayblashgan. Chunki ma’lumotlar bazasida xotinining yashash joyi ko‘chaning eski nomi - Li Jun ko‘rsatilib, 40 yil birga va bir joyda yashagan er-xotinni soxta oila ekanida gumon qilishib, chet elga chiqishga ruxsat berilmagan.
Ushbu masalani o‘rganish jarayonida haqiqatan ko‘chalar nomlanishi bo‘yicha muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Masalan, shahar hokimining 2011 yil 5 oktyabrdagi 1709-Q sonli qarori bilan So‘zangaron mahallasidagi S.Xusenov, M.Sharapov, X.Salomzoda, Yahyo Karimov va Pirogov ko‘chalari nomi mos ravishda Shahriobod, Xumo, Oltin vodiy, Serquyosh va Oqibat nomlariga o‘zgartirilgan. Lekin bu haqda mahalla ahli ma’lumotga ega emas. Hatto pochta va obodonchilik idoralarida ham ko‘chalar eski nomda yuritilmoqda.
Qoida bo‘yicha ko‘cha nomi o‘zgarganda kadastr xizmati uni davlat reyestriga kiritgandan so‘ng bu haqda tegishli yuridik va jismoniy shaxslarga taqdim etadi.
Ayni vaqtda fuqarolarning yashash manzillari bo‘yicha ma’lumotlar asosan obodonlashtirish boshqarmasi, kadastr xizmati va mahalla fuqarolar yig‘inidan olinmoqda va ular ba’zan bir-biridan farq qiladi.
Masalaning o‘ta ahamiyatli ekanini e’tiborga olib, ko‘chalarni yalpi xatlovdan o‘tkazish va bu ishga deputatlar jalb etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Har bir deputat o‘z saylov okrugi hududidagi 7 tadan mahallada xatlov o‘tkazishga yordam ko‘rsatsa, jami mahalla qamrab olinadi.