Samarqand sahnasida spektakl: Ko‘chkidan qo‘rqqan qishloq aholisi baland ovozda gaplashmas, shovqin solmas, qah-qah otib kula olmasdi
Samarqand viloyat musiqali drama teatri 105-mavsumni turk dramaturgi Tunjer Jujano‘g‘lining “Ko‘chki” asari bilan boshladi.
Dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida sahnalashtirilgan mazkur spektakl Turkiyaning shimoliy qismida joylashgan qishloq va u yerda yashovchi aholi hayoti haqida hikoya qiladi. Sahna asarini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Valixon Umarov sahnalashtirgan. Bosh qahramonlar obrazini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Mamedova, Mehri Hakimova, Baxtiyor Rahimov, Bahrullo Rahimov, Solijon Hakimov hamda iqtidorli ijodkorlar Shohsanam Obloqulova, Jamshid Murodov va Lobar Axanovalar ijro etishdi.
Ko‘chki tabiat hodisasi. To‘rt tomoni tog‘ bilan o‘ralgan kichkina qishloq aholisi ko‘chki xavfidan doimiy xavotirda, qo‘rquvda yashaydi. Yilning to‘qqiz oyida ham ular baland ovozda gaplashmaydi, shovqin solmaydi, qah-qah otib kula olmaydi. Sababi, salgina baland ovoz ham tog‘dan qor ko‘chishiga olib kelishi, bundan butun qishloq aziyat chekishi mumkin. Bu qishloqning yozilmagan qoidalari bor. Ular yilning faqat uch oyida ko‘ngildagiday yashab, baland ovozda gaplashishi, qurollardan o‘q otib, to‘y-tomosha qilishi, chaqaloqlar dunyoga kelishi mumkin.
Asar psixologik drama bo‘lib, uning hayotiy falsafasi aktyorlarning mahoratli ijrosi bilan tomoshabinlar qalbiga ham kirib bordi.
Tadbir doirasida bosh rassom B.Safoyev ijodi aks etgan “Eslab” rasmlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.