Konchilar uch kundan beri Zelenskiy ofisi yonida norozilik namoyishi o‘tkazmoqda

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ofisi yonida konchilar tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishi uch kundan beri davom etmoqda. Ular hukumatdan to‘lanmagan oylik maoshlarning berilishini talab qilmoqda. Bu haqda Ukraina konchilari mustaqil kasaba uyushmasi rahbari Mixail Volinets ma’lum qildi.

Ukrainalik konchilar o‘z vaqtida to‘lanmagan ish haqlarining berilishini talab qilib 30 iyun kuni Prezident ofisi yoniga to‘planishdi. 1 iyul kuni namoyishchilar Prezident ofisi yoniga chodirlar qurib olishdi. Biroq politsiya xodimlari ularni haydashga urindi. Shundan so‘ng namoyishchilar va politsiya xodimlari o‘rtasida janjal yuzaga keldi.

“Ayni vaqtda Prezident ofisi yonida, Umumukrain muddatsiz namoyishining uchinchi kuni boshlandi”, deb yozdi Volinets o‘zining Facebook sahifasida.