Koronavirus 87 davlatda qayd etildi
Olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil 5 mart kuni soat 18:00 holatiga ko‘ra, dunyoning 87 ta davlatida jami 96 893 nafar bemorlarda COVID-19 infeksiyasi aniqlangan, ulardan 53 638 nafari sog‘aygan, 3305 nafari vafot etgan. Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari COVID-19 koronavirus infeksiyasi dunyodagi 86 davlatda 16 471 ta holatda qayd etilgan. Kasallikning (bir sutkada) o‘sishi: Xitoy Xalq Respublikasida 157 nafar (0,2 %), boshqa davlatlarda 2 149 nafarni (17 %) tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida 2020 yil 5 mart kuni soat 18:00 holatiga ko‘ra, COVID-19 koronavirus infeksiyasi qayd etilmadi, deya xabar qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi markaziy shtabi.
Joriy yilning 15 yanvaridan 4 martigacha bo‘lgan davrda Xitoy Xalq Respublikasi va 29 fevral kunidan epidemik vaziyat noxush bo‘lgan davlatlardan O‘zbekistonga kelgan fuqarolar jami – 6 157 nafar (1105 nafari Xitoy va Koreya fuqarolari), ularning 1 267 nafarining salomatligi ustidan tibbiy kuzatuv davom etmoqda.
Sanitariya-karantin punktlaridan 5 mart kuni soat 18:00 gacha Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy davlatlardan 17 ta reys orqali 2 568 nafar, temir yo‘llar orqali 1 ta poyezdda jami 85 nafar shaxslar, davlat chegara bojxona postlari orqali 1 117 ta avtotransportlarning egalari va 25 202 nafar yo‘lovchi shaxslar termometriyadan o‘tkazilgan. Ulardan oxirgi 15 kun ichida koronavirus tarqalgan davlatlarda bo‘lgan shaxslar 29 nafar, ular orasida tana harorati me’yordan yuqori bo‘lgan va yuqori nafas yo‘llarining shamollash belgilari bo‘lgan kishilar aniqlanmadi.