Koronavirus: Bugungacha dunyodagi vaziyat

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakat ichida bugungi kunga qadar 80754 nafar (9 mart holatiga – 80699   kishi) kasalga chalinganlar qayd etilgan. So‘nggi bir yarim sutkada XXR hududida 55 nafar yangi kasallanganlar aniqlangan. SCMP (South China Moring Post) nashrining hisobotida qayd etilishicha, koronavirus bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘ylab 113358 ga yetgan (9 mart holatiga – 110034).

Jami: 4009 nafar inson halok bo‘lgan (9 mart holatiga - 3656) (SCMP tomonidan taqdim etilayotgan onlayn-ma’lumot).

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, Xitoy hududidan tashqarida bugungi kunga qadar 28673 nafar  kasallangan aniqlangan. So‘nggi sutkada 3948 nafar fuqaro ushbu virus bilan kasallangan. Koronavirus bilan kasallanish holatlari 104 (9 mart holatiga 101 mamlakatda) mamlakatda qayd etilgan. Xitoy hududidan tashqarida 686  nafar odam kasallik oqibatida vafot etgan (9 mart holatiga ko‘ra, 400 dan ortiq). 

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni dunyo bo‘ylab 60660 dan oshib ketdi.

Koronavirus tarqalishi oqibatida Italiyada favqulodda chora-tadbirlar amalga oshirildi. Barcha turdagi ommaviy tadbirlar taqiqlandi, maktab va oliy ta’lim muassasalari yopilishi kutilmoqda, savdo markazlari dam olish kunlari faoliyat ko‘rsatmaydi.

AQSh Prezidenti Donal Tramp o‘z xohishi bilan karantinga ketgan ikki nafar vakillar palatasi a’zosi bilan uchrashganidan so‘ng koronavirus tekshiruvidan o‘tmaganligi ma’lum qilindi. Mamlakat rahbarida kasallik alomatlari kuzatilmayapti, xabar berdi AQSh ma’muriyati.

Mo‘g‘ulistonda dastlabki kasallanish holati aniqlandi. Kasallangan shaxs u yerga Fransiyadan Moskva orqali borganligi aytilmoqda.

Eronda koronavirusdan himoyalanish uchun sanoat alkogolini ichish oqibatida yetti kishi vafot etdi. Yana to‘rt kishi metanol iste’mol qilganidan so‘ng ko‘z nuridan ajradi.

Isroil, mamlakat hududiga kirganlar uchun karantin joriy etishi mumkin. Ayni vaqtda u yerda Xitoy, Singapur, Tailand, Yaponiya, Gonkong, Makao, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya va Avstriyadan kelganlar uchun majburiy o‘zini o‘zi karantinga qo‘yish amaliyoti tatbiq etilgan.