Koronavirusdan 789 yurtdoshimiz sog‘aygan, 11 fuqaroning ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1887 bemor ro‘yxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 117 bemorning 32 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 69 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 144 bemordan 45 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 5 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.

Karantin tadbirlari davom etyapti. Kasallikka chalinganlarni davolash samaradorligi ham ortib boryapti. Hozirgi paytga kelib 789 fuqaro butunlay sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi. Bu yaxshi ko‘rsatkich hisoblanib, umumiy kasallanganlar soniga nisbatan 42,2 foizni tashkil etyapti. Kasallikka gumon qilingan va kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan, epidemik noxush hududlardan olib kelingan va aynan shu kabi hududlardan o‘zlari yetib kelgan shaxslarning barchasi tibbiy nazorat ostiga olinyapti. Shu bugungi kunga qadar 250 mingdan ortiq fuqaro koronavirus kasalligiga virusologik usulda tekshirilgan. Kechaning o‘zida 8400 fuqaroda tahlillar o‘tkazilgan.

Karantin tadbirlariga to‘liq rioya etishimiz kerak. Ko‘chaga chiqishga sabab bo‘ladigan turli bahonalar va bayram tadbirlarini o‘ylab topmang. Bu juda jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Atrofimizda ushbu kasallikka chalingan fuqarolar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Agar ba’zilarda kasallik yengil kechar ekan, degan fikrga borgan bo‘lsangiz 3 foizdan ortiq holatda kasallik o‘ta og‘ir kechib, hatto o‘lim bilan yakun topayotgani sizni sergak torttirishi kerak.