Koronavirusga chalingan samarqandlik bemorlarning ahvoli qanday?

Joriy yilning 13 aprel holatida Samarqandda koronavirusga chalingan bemorlar soni 5 nafarga yetgani haqida ma’lumot berildi. Ayni paytda ular viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Xo‘sh, ularning ahvoli qanday? Bemorlarga xizmat ko‘rsatayotgan shifokorlarga e’tiborchi? Bu haqda bilish uchun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi vazifasini bajaruvchi Ibodulla Karimov bilan bog‘landik.

- Koronavirusga tekshirilib, tahlili musbat chiqqan bemorlar karantinga olingan, nazoratda bo‘lgan fuqarolar edi, - dedi I.Karimov. – Ayni paytda shifoxonamizda zahira uchun, har ehtimolga qarshi 250 o‘rin shay  holatga keltirilgan. Kasallik aniqlangan bemorlar karantindagi fuqarolardan tamoman alohidalangan joyda davolanmoqda. Ularning davolanishi uchun shifoxonamizda barcha sharoit yaratilgan. Shifokor, o‘rta tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar bilan birgalikda 49 nafar kishi xizmat ko‘rsatmoqda. Bemorlarning ahvoli yaxshi, bir nafari qariyb tuzalish arafasida. Ushbu bemorda ayni paytda koronavirusga xos bo‘lgan klinik belgilar davolanishi oqibatida deyarli kuzatilmayapti. Shifokorlar bilan har kuni bir necha marta videoaloqa shaklida muloqot qilib, vaziyatdan xabardor bo‘lib turibmiz. Poytaxtlik, xorijlik mutaxassislar bilan ham kasallikni davolash bo‘yicha doimiy ravishda videomuloqot, telefon orqali so‘zlashuv bo‘lib turibdi. Samarqandlik bemorlar ham ularning tavsiyalari asosida tizimli davo muolajalarini olmoqdalar.

Shifokorlar barcha himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga chalingan bemorlarning davolanayotgani tufayli boshqa turdagi yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan aholi uchun alohida shifoxona ajratilgan. Kimyogarlar qo‘rg‘onida joylashgan shifoxonada ayni paytda ushbu shifoxonaning malakali tibbiyot xodimlarining bir qismi faoliyat olib bormoqda.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda viloyatimizda 2361 nafar fuqaro karantin nazoratiga olingan. Ularning 460 nafari statsionar sharoitidagi tibbiy kuzatuv ostida.

Gulruh MO‘MINOVA.