Koronavirusni mahsulot yoki uning qadoqlari orqali yuqtirib olish ehtimoli qay darajada?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, koronavirus infeksiyasini mahsulot qadoqlari orqali yuqtirib olish ehtimoli kam bo‘lsa-da, biroq u yo‘q emas.
Kasallikni supermarketda yuqtirib olish ehtimoli juda past darajada. Ammo uni asossiz deb bo‘lmaydi. Sarosimaga tushishga asos yo‘q, faqatgina do‘kondan xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlarini dezinfeksiya qilish lozim.
Shuni ham ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar qadoqdan kasallik yuqishi holati aniqlanmagan. Bonna universitetining virusologiya instituti direktori Xendrik Shtreyekning fikriga ko‘ra, bunday holatning qayd etilishi deyarli mumkin emas.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, kasallik yuqishi asosan havo tomchilari orqali sodir bo‘ladi. Biroq shunga qaramasdan ehtiyot choralarini ko‘rish zarur.
O‘tkazilgan tadqiqotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, koronavirus infeksiyasi plastik qadoqda 72 soatgacha yashay oladi, qog‘ozli qadoqda esa 24 soatgacha. Shu bilan birga, hatto muzlatilgan mahsulot xarid qilinganda ham kasallik xavfi mavjud ekanligini yodda saqlash kerak. Sababi, virus muzlatilgan holatda butunlay nobud bo‘lmaydi.
Olimlarning fikricha, do‘kondagi mahsulotlardan faqatgina immuniteti past odamlar infeksiya yuqtirib olishlari mumkin. Shu sababli mahsulot qadog‘ini ushlagandan so‘ng tananing yuz qismiga teginmaslik tavsiya etiladi.
Xarid qilingan mahsulotlarni qadoqdan chiqarib dezinfeksiya qilish maqsadga muvoffiq bo‘ladi. Muzlatilgan mahsulotlarni muzlatgich muzxonasiga erib ketmasidan oldin solish zarur. Meva va sabzavotlarga keladigan bo‘lsak, ularni ham yaxshilab yuvish va pustlog‘ini archib iste’mol qilish tavsiya etiladi.